Breaking News

Fermaning kattasi yaxshimi yoki kichigi?


Dunyo bo’ylab go’sht, sut va tuxumga talab ortib bormoqda. Ayni paytda bu mahsulotlarni ishlab chiqarishning turli yo’llari yuzasidan bahs-munozaralar avjida. Masalan, kichik fermalarda ishlab chiqarish samaraliroqmi yoki katta xo’jaliklarda? Tabiat uchun ularning ta’siri qanday?

Shimoliy Karolinaning Klinton shahrida Jeyms Lemb cho’chqa boqadi. Uning eski fermasidan hozir deyarli hech narsa qolmagan.

“Bu yerda urg’ochi cho’chqa uchun joy bo’lgan. Shu yerda saqlangan, bolalagan”, - deya u eski joylarni ko’rsatadi.

Lembning aytishicha, kichik fermalar katta kompaniyalar bilan raqobatlasha olmayapti.

“Ular barqaror ishlaydi, go’sht sifati ham balandroq, hayvonlari ham sog’lomroq,” – deydi u.

Shu bois Lemb cho’chqalar uchun ikkita katta, zamonaviy ferma qurishga kirishdi. Har biri 1500 ta cho’chqaga mo’ljallangan.

U davrda Amerikada yetishtirilgan cho’chqalarning bari shunday sharoitda saqlanar edi. Katta xo’jalikda samaradorlik oshib, mahsulot narxi pasayadi. 1998-yildan buyon cho’chqa go’shti 20 foizga arzonlashdi. Bu yaxshi ko’rsatkich, deydi Lemb.

“Ishlab chiqarishning bu yo’li sifatni oshirib, narxni pasaytirdi”, - deydi u.

Bunday samarali uslublar butun dunyoda tarqalmoqda. Ko’plab mutaxassislar jarayonni ijobiy baholaydi. Go’sht mahsulotlari uchun talab oshar ekan, yer, suv va yem cheklanganicha qolmoqda, deydi BMTning Oziq-ovqat va qishloq xo’jaligi tashkiloti vakili Karolin Opio.

“Bugungi qiyin sharoitlarda ishlab chiqarishdagi asosiy masala samaradorlik”, - deydi u.

Ammo samaradorlikning salbiy oqibatlari ham yo’q emas. Minglab hayvonlar axlati suv va havoni ifloslantirmoqda, tabiat uchun zarar.

Hayvonlarga yem bilan beriladigan antibiotik dorilar va boshqa kimyoviy moddalar mutaxassislarda xavotir uyg’otadi. Hayvonlar yashaydigan sharoit beshafqat, deydiganlar ham bor.

Shu bois Kevin Sammersga o’xshagan ayrim dehqonlar eski uslubga qaytmoqda.

“Odamlar qornini to’ydirishning eng yaxshi yo’li shu. Tabiat uchun zararsiz. Hayvonlar uchun beozor”, - deydi u.

Aksariyat amerikaliklar yeyayotgan ovqati qanday ishlab chiqarilganini bilishni istaydi. Ular Sammers kabi kichik fermerlarni afzal ko’radi.

“Ko’z oldimda butun jarayon. Har bir bosqichni o’zim kuzataman, boshqaraman. Hayvonlarim sog’lom”, - deydi Sammers.

Cho’chqalar uchun yemga kelsak, bu yerda ularga olma, qovoq beriladi. Demak, chiqindi kam. Xo’jalik kichkina bo’lsa, tabiat uchun zarari ham kam, deydi Sammers.

Ammo bu narxlarga ta’sir ko’rsatadi.

Sammers fikricha, kichik fermerlar ham dunyo ahlining go’shtga talabini qondirishi mumkin.

“Odamlar o’z mahsulotini yetishtirishi kerak yoki bu yo’l bilan yetishtirilgan oziq-ovqatni sotib olishga rozi bo’lsin. Narxdan tashqari boshqa narsalar ham muhim”, - deydi u.

Ayni vaqtda har ikkala uslubning tabiat uchun zarari jiddiy bahslarga sabab bo’lmoqda.
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG