Breaking News

Amerikada arab va fors tillarini o’rganaman deguvchilar safi kengaymoqda, domlalar kam


Eng so’nggi, 2008 yilgi raqamlarga qarasak, Qo’shma Shtatlarda arab yoki fors tili yo’nalishi bo’yicha universitetni bitirganlar soni 13 kishini tashkil etgan xolos.
Eng so’nggi, 2008 yilgi raqamlarga qarasak, Qo’shma Shtatlarda arab yoki fors tili yo’nalishi bo’yicha universitetni bitirganlar soni 13 kishini tashkil etgan xolos.

Amerika maktab va kollejlarida darslar boshlanib, bolalar o’qishga sho’ng’igan. Avvallari ko’p bolalar chet tili desa, fransuz yoki ispan tilini tanlar edi. Biroq oxirgi yillarda xavfsizlik bobida strategik sanalmish arab va fors tillariga ixlos balandroq.

Jeyson Kopp Vashingtonda, Yaqin Sharq Institutida repetitor bilan shug’ullanmoqda. Institut qoshidagi bu markaz fors, arab, dari va ivrit tillaridan kurslar taklif qiladi. Jeyson uch oydan beri fors tilini o’rganmoqda. Grammatikasi kutganimdan osonroq ekan, deydi u.

Binoning ikkinchi qavatida forschani yaxshiroq bilganlar mashq qilmoqda.

Yaqin Sharq Instituti hisob-kitobiga ko’ra, oxirgi yillarda fors yoki arab tilini bilishga qiziqqan studentlar soni uch karra oshgan. Farinoz Feruziy muallimlardan. Uning aytishicha, davlatga ishlayman deb intilgan yoshlar ko’pincha mana shu kurslarga yoziladi:

“Avvaliga arab tiliga qiziqish kuchliroq edi. Lekin xalqaro maydonda va mehnat bozorida ahvol o’zgarib, endi ko’pchilik Afg’oniston, Eron tomonga og’moqda”.

Zamonaviy Tillar Uyushmasi Amerika universitetlarida chet tillariga bo’lgan qiziqish qay tomon o’zgarib borayotganini kuzatib keladi. Arab va fors tillarini o’rgangan studentlar avval ko’p bo’lgan emas.

Ammo hozir bu zabonlarning nufuzli baland. 2002-2006 yillar oralig’ida arab tili kurslariga kirganlar 125 foiz, fors tili kurslariga yozilganlar 75 foizga oshgan. Qiyos - boshqa tillarga ishtiyoq 13 foizga ortgan.

“2001 yildan keyin til kurslarini yo’qlaganlar ko’paydi. Muallimlar, darslarni oshirishga to’g’ri keldi”, - deydi Feruziy.

Nega endi aynan shu ikki tilning talabgori ko’p? Internetdagi e’lonlarga qarab, javobni bilsa bo’ladi. Amerikada arab yoki fors tilini bilgan mutaxassislar uchun bugun imkoniyat ko’proq. Shundaylar ishga tezroq o’rnashadi.

Tadqiqot institutlari, maslahat firmalari, hukumatlar va harbiy idoralarga tarjimon, tahlilchi, kompyuter bo’yicha mutaxassis kerak, arab yoki forschani biladigan kishilar. Jeyson Kopp Oq Uy va Davlat departamentida til tarjima loyihalarini boshqaradi.

“Til bilish ishim uchun kerak. Chunki hozir arab tili bilan, arab davlatlari bilan ko’proq ishlashga to’g’ri kelyapti. Har holda tilni bilib qo’yish hech zarar qilmaydi”, - deydi u.

AQSh hukumati arab va fors tillarini muhim zabonlar sirasiga qo’shgan. Ro’yxatda xitoy, hind tillari ham bor. 2008 yilda xorij tillariga doir loyihalar uchun byudjetdan ikki karra ko’p pul ajratildi.

Maktab va kollejllarda chet tillari darslariga ko’proq soatlar berildi. Shu tariqa ma’murlar Amerika fuqarolari salohiyatini charxlashga kirishdi. Ishni esa bog’cha yoshidan, maktabdan boshlashga qaror qildi.

Qiziqish oshgan, ammo arab va fors tillarini bilgan mutaxassislar hamon yetishmaydi. Talab bilan taklif mos emas. Eng so’nggi, 2008 yilgi raqamlarga qarasak, Qo’shma Shtatlarda arab yoki fors tili yo’nalishi bo’yicha universitetni bitirganlar soni 13 kishini tashkil etgan xolos.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG