Breaking News

AQSh Vyetnamga qurol sota boshlaydimi?


AQSh Vyetnamga qurol-aslaha sotmaslik haqidagi anchadan beri amal qilib kelayotgan qarorni qayta ko’rib chiqishi mumkin.

Kelasi hafta Prezident Barak Obama Xanoyga borishidan oldin Davlat kotibining Osiyo-Tinch okeani bo'yicha muovini Daniel Rassel hamda Demokratiya, inson huquqlari va mehnat masalalari bo'yicha muovini Tom Malinovski Vyetnamga tashrif buyurmoqda.

Vashington Xanoyga dengizdan tashqarida ishlatiladigan halokatli qurollarni sotmaslik amaliyotini davom ettiradi, ammo bu qaror “o’zgarayotgan sharoitlarga moslashtirilishi mumkin”, deydi Davlat departamentidan Deyvid Makkibi.

“Biz Kongress bilan maslahatlashishni davom ettiramiz. Qarorni qabul qilayotganimizda inson huquqlari masalasi asosiy omil bo’lishi aniq”, - deydi rasmiy.

Strategik va xalqaro tadqiqotlar markazidan mintaqashunos Myurrey Hibert Vashingtonda hozir muhokama qizg’in, deydi. Pekin Janubiy Xitoy dengizida qudratini oshirayotgan bir davrda Vyetnam va AQSh dengiz xavfsizligini kuchaytirish masalasini muhokama qilmoqda.

Biroq, mutaxassisning tushuntirishicha, hatto embargo bekor qilinganida ham Vyetnam istagan qurol turini sotib ololmaydi. Agar inson huquqlari toptalishda davom etsa, AQSh qurol-yaroq sotib olish haqidagi Xanoy so’roviga rad javobini berishi mumkin, deydi Hibert.

Malinovski buni Xanoy rasmiylari bilan uchrashuvlarda yana bir bor qayd etadi va siyosiy mahbuslarni shart-sharoitsiz ozod etishni talab qiladi. Shuningdek, mahalliy qonunlarni xalqaro mezonlar bilan barobarlashtirish maqsadida islohotlarni amalga oshirishga undaydi. Inson huquqlarining naqadar muhimligini Vyetnam tushunishi kerak, deydi mutaxassislar.

AQSh mamlakatga nisbatan embargoni 1975-yilda Vyetnam urushida shimoliy Vyetnam Saygon shahrini egallab, janubni mag’lubiyatga uchratganidan keyin joriy etgan edi. Bundan yigirma yil o’tib Prezident Bill Klinton savdo-sotiq sohasidagi cheklovlarni bekor qilgan va diplomatik rishtalarni qayta tiklagan.

Bugun taraflar mustahkam aloqalarga ega. Vyetnam aholisi ham AQShga ijobiy munosabatda: 2015-yildagi so'rov natijalariga ko'ra, fuqarolarning 78 foizi AQSh haqida yaxshi fikr bildirgan.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG