Breaking News

Kongress a'zolari chegaradagi inqiroz yuzasidan kelisha olmayapti


Vakillar palatasi spikeri Jon Beyner jurnalistlar oldida chegaradagi inqiroz haqida so'zlamoqda. 24-iyul 2014-yil
Vakillar palatasi spikeri Jon Beyner jurnalistlar oldida chegaradagi inqiroz haqida so'zlamoqda. 24-iyul 2014-yil

AQShda kongressmenlar 2008-yilgi qonun yuzasidan kelisha olmayapti. Unga ko’ra, jinsiy xizmatga majburlangan yoki bu maqsadda sotib yuborilgan bolalar himoya qilinadi va chegarada ushlansa, deportatsiya qilinmasligi kerak. Ammo hujjat Markaziy Amerikadan qonunga zid ravishda kelayotgan bolalar ham mamlakatda qolishi uchun asos bo’lmoqda. Aksariyat respublikachilar va ayrim demokratlar qonunga tuzatish kiritish, deportatsiya jarayonini tezlatish kerak, deydi. Boshqalar esa bolalarni himoya qilish tarafdori.

Salvador, Gvatemala va gonduraslik bolalar qonunni buzgan holda AQSh-Meksika chegarasini kesib o’tmoqda. Kongressda esa ular taqdiri qizg’in muhokamada. Respublikachilar demokrat prezident Barak Obamani ayblaydi.

Kongress a’zosi Tim Hulskamp:

“Pirovardida bu prezident yaratgan chegara inqirozi. Bunday gumanitar tanazzulga aynan uning bayonotlari va yon bosishi sabab bo’ldi”.

Prezident yechim izlayotganini aytadi. Bu maqsadda Kongressdan 3,7 milliard dollar yordam puli so’radi. Ammo ayrim qonunchilar mablag’ning ajratilishiga qarshi. 2008-yilda qabul qilingan qonun o’zgartirilsin deydi ular. Kongressning respublikachi a’zosi Raul Labrador:

“Birinchi navbatda 2008-yilgi qonunni tuzatish kerak. Hujjatdan maqsad hozirda chegaraga kelayotgan bolalarga yordam berish emas, inson savdosi qurbonlarini himoya qilish”.

Aksariyat demokratlar, jumladan, Shila Jekson Li qarshi.

“Barcha bolalarga – ular qo’shni davlatlardan kelganmi, boshqalardanmi – ayni huquqni berishimiz kerak. Chunki bu bolalar zo’ravonlik, odam savdosi, jinsiy xizmat uchun sotilish xavfidan qochgan. Ularning o’zi buni aniq tushuntira olmasligi mumkin,” – deydi Kongress a’zosi, demokrat Shila Jekson Li.

Taklif qilinayotgan yangi qonunga ko’ra, Markaziy Amerikadan kelgan bolalar meksikaliklar kabi chegaradan o’tganidan keyin ishi sudda ko’rilishiga haqli bo’lishi kerak. Respublikachi senator Jon Korin qonun loyihasi mualliflaridan.

“Bu bolalarni ham, bizni ham himoya qiladigan immigratsiya qonunlari kerak bizga. Lekin bu har bir odam istaganida AQShga kelib, bu yerda yashay oladi, degani emas. Chunki bu holda tartibsizlik boshlanib ketadi,” - deydi u.

Immigratsiya bo’ycha sudyalar kamligi muammoning bir qismi, deydi Migratsiya siyosati institutidan Doris Meysner.

“Qonunga ko’ra, yoshlar ishining immigratsiya sudida ko’rib chiqilishiga haqli. Ammo sudyalar kamligi sababli ishlar tez ko’rilmay, uzoq cho’ziladi. Qarorlar ham darhol qabul qilinmaydi. Bu omillar muammoga sabab bo’lmoqda”.

Ayrim bolalar onalari bilan birga Gondurasga qaytarilib yubordi. Ularning xavfsizligi – ustuvor masala.

“Bu davlatlardan kelgan odamlarni deportatsiya qilib kelganmiz. Ammo ular kattalar. Bolalarni esa vataniga qaytarmayotgan edik”, - deydi Doris Meyssner.

AQSh chegarasidagi inqiroz yuzasidan Rim Papasi Fransisk ham fikr bildirdi. AQSh Markaziy Amerikadan kelayotgan bolalarni himoya qilsin, deya da’vat etdi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG