Breaking News

Shisha muzeyida - Nyu-York shtatining Saratoga shahrida


XX asr boshigacha pivo va boshqa ichimliklar sanoati, farmatsevtika va qishloq xo'jaligida qo’lda yasalgan shisha idishlar ishlatilgan. XIX asrda ularga ehtiyoj shu qadar katta edi-ki, shisha sanoati AQShda gurkiragan sohaga aylangan. Nyu-York shtatining Saratoga shaharchasida shisha muzey bor.
Mana bu shishalar shakli va kelib chiqishi bois “Gollandiya piyozlari” nomini olgan. Milliy muzey kolleksiyasidagi eng eski eksponat hisoblanadi. XVIII asrning boshida qo’lda yasalgan. Eng yangi eksponatlar esa mana bu sut idishlari. Zamonaviy texnologiya yordamida 1-2 yil oldin ishlab chiqilgan.

Hammasi bo’lib muzeyda 2000 dan ortiq shisha ko’rasiz. Rang-barang, kattaligi turli-tuman. Aksariyati XIX asr boshida yasalgan. 32 raqam ostidagisi 1890-yillar boshida yasalgan, deydi Gari Moller, muzey direktori.

“Koka-kola ichimligining eng birinchi shishasi bu. Ichimlikni shishaga birinchi bo’lib Mississippi shtati, Viksburg shahridagi Bidenarn shirinlik kompaniyasi solgan”.

Ayrim shishalarda egasining ismi yozilgan. Chunki o’tmishda shishalardan qayta-qayta foyldalanilgan.

“Sababi – o’sha davrda shisha yasash juda qimmat bo’lgan. Odamlar ularni yo’qotmay, qayta-qayta ishlatishga harakat qilgan,” - deydi Moller.

Ayrim shishalar ichiga hech narsa solinmagan. Maxsus kolleksiyalar uchun chiqarilgan. Ustida siyosatchi, artislar tasvirini ko’rasiz.

“Mana bu shishalar 1972-yilgi prezidentlik saylovlaridan xotira. Fil shaklidagisining bir tarafida prezident Richard Nikson, ikkinchisida Spiro Agnyu tasvirlangan. Eshak shaklidagilari esa demokratlar partiyasi uchun chiqarilgan,” - tushuntiradi muzey direktori.

Uch qavatli bu tarixiy bino qurilgan joyda XIX asr boshlarida mineral suv buloqlari ko’p edi. Hozir ulardan ikkitasi qolgan.

“XIX asr boshlarida ko’chaning narigi betida AQShdagi eng katta hordiq chiqarish mehmonxonasi bo’lardi – San Susi oteli. San Susi binosining ichida to’rtta buloq bo’lgan”.

Moller deydiki, buloqlardagi suvlarni solish uchun Saratogada millionlab shishalar ishlab chiqilgan va dunyoning turli mamlakatlariga yuborilgan. Shishalar avval qo’l asboblari yordamida puflash orqali yasalardi. So’ngra 1903-yilda maxsus stanok ixtiro etilgan.

Muzeyga o’g’lini olib kelgan Piter Nash bir necha yildan beri shisha yig’ishini aytadi.

“Bostonda o’tmishni eslatadigan bar ochganman. 1910-1920-yillar shishalari, ilgari ularga viski va rom solishar edi. O’tmishda barlarda qanday shishalarni ishlatishgan bo’lsa, shularni yig’aman,” - deydi u.

Yetti yoshli Uilyam muzeyga birinchi kelishi.

“Shuncha shisha ko’rib hayron qoldim. Juda kattalari ham bor ekan orasida, kichkinalari ham. Shu jajjilari menga yoqdi. Bitta katta, semizi bor ekan, o’sha ham zo’r,” - deydi bola.

Muzeyga kelganlar asboblarni ham ko’radi, shisha puflash uchun qo’llangan quvurlarni ham. Ish kuni oxirida esa ustalar ermak uchun mana bunday noyob shakllarni yasagan.

“Muzey haqida hech narsa bilmagan odamlar ko’p keladi bu yerga. Qanday eksponatlar borligidan xabari yo’q bu mehmonlar qiziqib qoladi-da, muzeyda ancha qolib ketadi. Ketayotganida juda zo’r ekan muzeyingiz, deydi. Haqiqatan ham shunday,” – deydi dargoh rahbari Gari Moller.
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG