Breaking News

Obama: Millioner va milliarderlarimiz ko'proq soliq to'lasin


Obama: Millioner va milliarderlarimiz ko'proq soliq to'lasin
Obama: Millioner va milliarderlarimiz ko'proq soliq to'lasin

Bugun prezident Barak Obama davlat byudjetidagi kamomadni pasaytirish maqsadida yangi soliq dasturini tanishtirdi.

Unga ko’ra, yillik daromadi 1 million dollardan oshadigan amerikaliklar ko’proq soliq to’lashi kerak.

Bu bilan, deydi prezident, xazinaga 1,5 trillion dollar tushadi. Ushbu rejaga multi-milliarder, dunyodagi eng badavlat shaxslardan biri Vorren Baffetning nomi berilgan.

Chunki, g’oya - uniki. Baffet deydiki, hozirda u singari boy amerikaliklar o’rtahol fuqarolarga qaraganda ancha kam soliq to’laydi.

Mamlakat iqtisodiy jihatdan qiynalayotgan paytda o’ziga to’q odamlar jamiyat ravnaqi uchun har doimgidan ham ko’proq hissa qo’shishi kerak, deydi u. Lekin bu rejaga qarshilar juda ko’p.

Vorren Baffet, multimilliarder, Obama siyosatini quvvatlamoqda
Vorren Baffet, multimilliarder, Obama siyosatini quvvatlamoqda

Obama Iroq va Afg’onistondagi harbiy harakatlar astalik bilan poyoniga yetar ekan, xarajat 1,1 trillion dollarga kamayishini aytmoqda.

Prezident, muxolif partiya, respublikachilar, talabiga binoan ichki sarfiyatni ham pasaytirishga bel bo’glagan, jumladan nafaqaxo’rlar va kambag’al fuqarolarga beriladigan ijtimoiy yordam miqdori pasayadi. Lekin, deydi u, xususiy sektor uchun qator imtiyozlar bekor qilinib, boy tabaqaga ko’proq soliq solinadi. Boshqa yo’l yo’q, deydi Obama.

“Serdaromad neft kompaniyalarini qachongacha erkalatamiz? Mamlakat bo’ylab bunyodkorlik ishlariga zo’r bermoqchimiz, bu bilan minglab ish o’rinlari yaratamiz. Buning uchun esa mablag’ kerak. Multi-millioner va multi-milliarderlar ko’proq soliq to’lashi kerak, aks holda kichik biznes egalari va o’rtahol amerikaliklar qiynalaveradi”,- deydi Obama.

Prezident fikricha soliqni adolatli solish kerak, ya’ni odamlar uni daromadiga qarab to’lasin. Avvalgi rahbar Jorj Bush davrida boylar uchun soliq miqdori pasaytirilgan edi.

Pol Rayan, respublikachi kongressmen, Vakillar Palatasida Byudjet masalalari bo’yicha qo’mita raisi, nazarida hozir soliqni oshiradigan payt emas.

“Ish o’rinlarini xususiy sektor, sanoatchilar yaratadi. Ularga soliqni oshirsangiz, biznes oqsaydi. Sarmoya axir tadbirkorlardan keladi, ularni tinch qo’ying”,- deydi kongressmen.

Pol Rayan, Kongressdagi yetakchi respublikachilardan biri, Obama rejasini qoralamoqda
Pol Rayan, Kongressdagi yetakchi respublikachilardan biri, Obama rejasini qoralamoqda

“Prezidentning bu rejasi amerikaliklarlarni bir-biriga qarshi qo’yadi, ijtimoiy tarqoqlikka yo’l ochadi. Inqiroz oqibatlari shundoq ham odamlarning tinkasini quritgan, ayniqsa bizneslarning”,- deydi Pol Rayan.

Barak Obama esa respublikachilarni uning har bir taklifini qoralab, xalq manfaatlarini chetga surib, zarur qarorlar qabul qilmayotganlikda ayblaydi.

“Vashingtonda qo’lni qovushtirib o’tirgan siyosatchilarga gapim shuki, vazifangizni bajaring. Xalq qiynalayapti. Maqsad faqat qayta saylanish bo’lsa, boy berasiz. Saylovgacha hali 14 oy bor. Odamlar saylovni emas, iqtisod yaxshilanishini kutayapti”,- deydi prezident.

O’tgan hafta Obama Kongress huzuriga borib, qariyb 450 milliard dollar mablag’ ajratishni so’radi. Maqsad, yangi iqtisodiy dasturlarni ishga solish, ish o’rinlari yaratish. Hozir aholining 9 foizdan oshig’i ishsiz. Vakillar Palatasida hukmron respublikachilar bu taklifni oktabr oyigacha ko’rib chiqmoqchi emas.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG