Breaking News

Pekin AQShda maxfiy amaliyot orqali o'z fuqarolarini ovlamoqda


Xitoy pasporti
Xitoy pasporti

“Nyu-York Tayms” gazetasining xabar berishicha, Pekin ayrim fuqarolarini vatanga qaytarish uchun bosimni oshirmoqda va AQSh hukumati bundan norozi. Obama ma’muriyati Xitoy xavfsizlik agentlari Amerikada yurgani yuzasidan ogohlantirgan. Xitoy Prezidenti Si Zinpinning AQShga tashrifi oldidan fosh etilgan bu holat tomonlar o’rtasidagi ziddiyatni avj oldirmoqda, deydi ekspertlar.

Xitoy AQShda o'z fuqarolarini ovlamoqda, Behzod Muhammadiy
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:03:11 0:00
Yuklab oling

O’z ismini oshkor qilmagan AQSh rasmiylarining aytishicha, Pekin bu amaliyotni “Tulki ovi” operatsiyasi deb atagan va u Prezident Si Zinpinning korrupsiyaga qarshi kurashni kuchaytirish chora-tadbirlari doirasida amalga oshirilmoqda.

Gazeta xabariga ko’ra, AQShda yurgani aniqlangan xitoyliklar Jamoat xavfsizligi vazirligi xodimlari bo’lib, ular AQShga hukumat ishi bilan emas, balki sayyohlik yoki savdo vizasi orqali kirgan.

Nashrning yozishicha, 2014-yildan beri shunday xodimlar bosimi ostida 930 dan ortiq xitoylik vataniga qaytarilgan, shu yilning o’zida 70 dan ortig’i o’z ixtiyori bilan Xitoyga jo’nab ketgan. AQSh va boshqa mamlakatlarda amalga oshirilayotgan bu amaliyotlar iqtisodiy jinoyatlarda ayblangan shaxslarni Xitoyga qaytarishga qaratilgani aytiladi.

Amaliyot rahbari Lyu Dongning aytishicha, bu xodimlar xorijda mahalliy qonunlarga rioya qilib ishlaydi, ammo jinoyatda shubhalangan shaxs borligi aniqlansa, qayerda bo’lishidan qat’i nazar, ularga qarshi barcha choralar amalga oshiriladi.

‘RAND” korporatsiyasi tahlilchisi Skot Heroldning aytishicha, bu amaliyotda poraxo’rlik va boshqa istisodiy jinoyatlarda ayblangan yoki suhbhalangan yuqori darajali rasmiylar “yo’lbars” deb ataladi. Hanuz o’z amalini boy bermagan va boy qarindoshlarini AQSh, Kanada yoki Avstraliya kabi davlatlarga yuborayotganlar esa “yalang’och”, boyligi bilan mamlakatni tark etganlar “tulki”, poraxo’rlik qilgan kichik darajadagi davlat xizmatchilari esa “pashsha” deb ataladi.

“Obama ma’muriyati AQShga soxta da’volar bilan kelgan va shu asosda siyosiy boshpana olgan jinoyatchi rasmiylarni qo’lga olish va jazolashga yordam berishini aytib kelgan. AQSh boshqalar, jumladan, xorijlik firibgar rasmiylar uchun boshpana bo’lishni istamaydi. Ammo Xitoyning o’z odamlarini noqonuniy jo’natib, kuch ishlatish yoki u yoqda qolgan oila a’zolariga tahdid ko’rsatish orqali bu yerdagi odamlarni vataniga qaytarishga urinsa, bu Amerika qonunlarining har qanday turiga zid keladi”, - deydi Herold.

Tadqiqotchiga ko’ra, Xitoy so’nggi paytda o’zboshimchalik bilan shu kabi ko’plab harakatlarni amalga oshirmoqda.

“Janubiy Xitoy dengizida sun’iy orol qurish bo’ladimi, Yaponiyaning jig’iga tegish yoki Tayvan yaqiniga ballistik raketalarini joylashtirishmi yoxud inson huquqlari ahvolining yomonlashishi, iqtisodiy josuslik, kiber xurujlar – bularning barchasi AQSh-Xitoy aloqalariga katta dog’ tushirmoqda”, - deydi u.

“Nyu-York Tayms”da chop etilgan maqolaga ko’ra, Amerika rasmiylari Pekin qidirayotgan shaxslarning kimligini yoki aniq sonini oshkor qilmagan. Ularning ayrimlari siyosiy sabablarga ko’ra qidiruvga berilgan. Mulozimlardan birining aytishicha, o’tgan yili AQShga qochgan xitoylik biznesmen, siyosiy nufuzi baland Lin Vanchen ham Pekin qo’lga olishga urinayotgan shaxslardan. Agar u Vashingtondan siyosiy boshpana so’rasa, Xitoy tarixidagi eng taniqli qochoqlardan biriga aylanishi mumkin.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG