Breaking News

Xitoy grantlar bilan amerikalik olimlarni o’ziga jalb etmoqda


AQSh Adliya vazirligi

Qo’shma Shtatlar Xitoy tomonidan amalga oshirilayotgan iqtisodiy josuslikka qarshi kurashni kuchaytirmoqda. Yaqinda amerikalik bir professor Xitoydan xufiyona grant olganlikda aybdor deb topildi, yana ikki kishi tergov ostida.

Shuningdek, AQSh Federal qidiruv byurosi va Ichki xavfsizlik vazirligining ogohlantirishicha, Xitoy hukumatiga aloqador xakerlar koronavirusga qarshi vaksina va dori topish bo’yicha tadqiqotlarni o’g’irlashga harakat qilmoqda.

Hozirda AQShda pandemiya sabab federal sudlar yopiq, davlat xizmatchilarining aksariyati uydan ishlamoqda. Biroq xavfsizlik bo’yicha mutasaddilarning aytishicha, Xitoy tomonidan intellektual mulk o’g’rilanishiga qarshi kurash va tergov ishlari davom etadi.

“Adliya vazirligi professor va tadqiqotchilarni Xitoy uchun ishlashga jalb qiladigan “Ming bir iste’dod” singari dasturlarni hushyorlik bilan kuzatmoqda”, - deydi AQSh Adliya vaziri yordamchisi Jon Demers.

AQSh Adliya vaziri yordamchisi Jon Demers
AQSh Adliya vaziri yordamchisi Jon Demers

“Ming bir iste’dod” dasturi amerikalik va boshqa chet ellik olimlarni Xitoyda ishlashga yo’naltiruvchi 200 dan ortiq rejalardan biridir. Xitoy rasmiylari ushbu programmalar nimani ko’zlashini yashirmaydi: o’ta muhim bo’lgan intellektual mulkka ega bo’lish. Vashingtonga ko’ra esa boshqa bir maqsad ham bor: AQSh texnologiyalari va savdo sirlarini o’g’irlash.

Joriy hafta e’lon qilingan jinoiy ishlar Xitoyga ishlaganini berkitgan amerikalik tadqiqotchilar, shuningdek, intellektual mulkni Xitoyga ruxsatsiz berish xavfi bo’lgani bilan bog’liq.

Maxfiy hamkorlik

O’tgan hafta Arkanzas Universitetida elektrotexnika bo’yicha professor Saymon Ang AQSh Fazo boshqarmasidan grant olayotib, Xitoy hukumati va kompaniyalari bilan aloqada ekanini yashirgani uchun hibsga olindi. Hibs ketidan universitet uni ishdan bo’shatgan.

Emori Universiteti sobiq professori Syao-Zyan Liga Xitoyning “Ming bir iste’dod” dasturi bilan hamkorligini yashirgani uchun bir yillik shartli jazo belgilandi.

AQShda nufuzli Klivlend klinikasi xodimi, doktor Zin Van esa firibgarlik aybi bilan hibsga olindi. U AQSh Sog’liqni saqlash institutidan 3,6 million dollarlik grant olish arizasida bir paytning o'zida Xitoydan ham tadqiqot uchun pul olganini oshkor qilmagan. Klinika uni ishdan oldi.

“Shu kabi yuqori darajadagi tergovlar ommaga ma’lum qilinyapti. Bundan maqsad AQSh bu turdagi faoliyatni kuzatib borayotgani haqida Xitoyga bildirib qo’yish”, - deydi advokat Pol Chen.

Uning aytishicha, uch holat AQSh huquq-tartibot organlari Xitoy nishonida bo’lgan ilmiy doiralarga e’tiborni oshirayotganini ko’rsatadi.

“Xitoy Qo’shma Shtatlardan intellektual mulkni qo’lga kiritishning azaliy usullaridan biri aynan ilmiy tadqiqot institutlari orqali”, - deydi Chen.

Asosiy buzg’unchi

Amerika intellektual mulkining o’g’irlanishi bo’yicha komissiya ma’lumotiga ko’ra, bu turdagi jinoyatdan AQSh iqtisodiyoti har yili milliardlab dollar ziyon ko’radi va bu sohada asosiy buzg’unchi Xitoydir.

Pol Chan so’zlariga ko’ra, Xitoy talaba va olimlar kabi noan’anaviy subyektlardan foydalanishi tijoriy sirlarning o’g’irlanishiga qarshi kurashni qiyinlashtiradi.

“Xitoy oddiy odamlarni, akademik, professor va talabalarni muvaffaqiyatli ravishda ishga yollaydi. Ular dastlab Xitoy hukumati uchun ishlamaydi, biroq sekin-asta ko’prik rolini bajarish uchun turli yo’llar bilan rag’batlantiriladi”, - deydi u.

Oxirgi uch yilda AQSh Adliya vazirligi Xitoyning iqtisodiy josuslik amaliyotlariga e’tiborni oshirgan. 2018-yilda vazirlik “Xitoy tashabbusi” nomli loyiha boshlab, hozirgacha 20 dan ziyod josuslik va intellektual mulk o’g’riligi bilan bog’liq ishlarda ayblovlar e’lon qilgan.

AQSh Federal qidiruv byurosi rahbari Kristofer Rey
AQSh Federal qidiruv byurosi rahbari Kristofer Rey

Yil boshida AQSh Federal qidiruv byurosi rahbari Kristofer Rey iqtisodiyotning har bir sektorida Xitoy tomonidan AQSh texnologiyalarining o’g’irlanishiga doir taxminan 1000 tergov ishi olib borilayotganini aytgan edi. Tergovlar ba’zida bir necha yilga cho’zilsa-da, so’nggi oylarda natija bera boshlagan.

Yanvar oyida Garvard Universitetining taniqli kimyogar professori Charls Liber Xitoy hukumatidan ilmiy tadqiqot uchun grant olgani xususida tergovchilarga yolg’on ma’lumot bergani uchun hibsga olindi.

Mart oyida G’arbiy Virjiniya Universiteti professori Xitoyning “Ming bir iste’dod” dasturida ishlagani yuzasidan firibgarlikda ayblandi.

Federal prokurorlar va Federal qidiruv byurosi agentlari agressiv xabardorlik kampaniyasini ham olib bormoqda. Olimlar va xususiy kompaniyalarda ishlaydigan tadqiqotchilar bilan Xitoyning josuslik dasturlari haqida suhbatlar o’tkazib turiladi.

“Intellektual mulkni boshqalar o’zlashtirishi AQShni xavotirga soladi. Katta bir muammo shundaki, professorlar Xitoydan pul olganini yashirishi intellektual mulkning Xitoyga o’tishiga imkon yaratmayaptimi?” – deydi Xeritej jamg’armasi olimi Din Cheng.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG