Breaking News

Amerika jamiyatida irq va tenglik masalasi hamon nozik mavzular


Amerikadagi eng yirik tashkilotlaridan biri – Qora tanlilar taraqqiyoti uyushmasi o’zining bir asrlik tavalludini nishonlamoqda.

Bu jamiyatni uzoq vaqt irqchilik, tengsizlik va diskriminatsiya girdobidan olib chiqishga harakat qilgan faollar “tenglik uchun kurash to’xtagani yo’q, bugun ham davom etishi kerak” deydi. Tashkilot o’z safiga yoshlarni jalb qilmoqda.

Qo’shma Shtatlar tarixida sharmandali sahifalar ko'p. Quldorlik va qulchilik davri poyoniga yetsa ham, oq tanlilar hukmron jamiyatda afro-amerikaliklarni sud-mahkamasiz jazolash, xo’rlash, osib o’ldirish bir paytlar oddiy hol edi.

Ularni ruhan ezish va qo’rqitish, qul deb haqoratlash, fuqaro huquqlaridan mahrum etishga qaratilgan vahshiyliklarga chek qo’yish uchun 1909 yilda bir guruh faollar Qora tanlilar taraqqiyoti uyushmasiga asos soladi.

Benyamin Todd Jelos, uyushmaning amaldagi rahbari.

"Qora tanlilarni daraxtga osib o’ldirish, tirikligicha yoqib yuborish amaliyotiga barham beramiz deb uzoq kurashganmiz. Bunga erishdik ham",- deydi u.

Benyamin Jelos 2008 yili, atigi 35 yoshida AQShning fuqaro huquqlari uchun kurashib kelayotgan eng yirik tashkilotiga rais etib saylangan.

"Bizning tashabbusimiz bilan irqiy kamsitish va segregatsiya siyosatiga chek qo’yilgan",- deydi Jelos.

1954 yilda AQSh Oliy Sudi chiqargan qaror Qora tanlilar taraqqiyoti uyushmasining yirik g’alabasi sifatida baholanadi. Sud hukmi bilan maktablarda bolalarni oqu qoraga ajratib o’qitish man etilgan.

“Alohida, ammo teng” degan doktrinani yo’q qilish vaqti yetgan edi, deydi uyushma a’zolari.

Oq tanlilarga ustunlikni berib qo’yib, afro-amerikalik bolalarni ta’lim imkoniyatlaridan ayirgan tizim adolatsiz ekani isbotlandi.

Ta’lim sohasidan tortib, saylovlar-u mehnat sharoitigacha, Qora tanlilar taraqqiyoti uyushmasi har jabhada ijtimoiy adolat va tenglikni targ’ib qiladi.

Tashkilot cherkovlar yordamida yuz minglab a’zo to’plagan va 1964 yilda tarixiy hujjat - Fuqaro Huquqlari to’g’risidagi qonun qabul qilinishiga boshchilik qilgan.

Oradan 46 yil o’tib, tashkilot yana bir vazifani o’z zimmasiga olmoqda – yosh iste’dodlarni tan olish, ozchilikdagi barcha guruhlarni qo’llab-quvvatlash.

Rozlin Brok asosan Qora tanlilar manfaatini olg’a suruvchi tashkilotning ijroiya qo’mitasi rahbari. 36 yoshida uni boshqarayotgan ilk ayol.

“Sayyora aholisining rangi o’zgarib boryapti. Amerikada har 10 kishidan uch nafari oq tanli emas. Ularning 85 foizi ayollar, immigrantlar va boshqa elatlar”, - deydi u.

Huquq himoyachilarining yangi avlodini bu ishga hozirlash bosh maqsad, deydi Rozlin Brok.

Amerika yoshlarida umid va optimizm ruhini uyg’otish lozim. Jamiyatda yuz berayotgan o’zgarishlarga ular bosh bo’lsin. Jarayon allaqachon boshlangan.

Prezident Barak Obamaning ta’kidlashicha, Amerika diskriminatsiyadan hali to’la qutulgani yo’q.

Bugun afro-amerikaliklarning o’ziga ishonchi baland. Davlat rahbari sifatida irqdoshini ko’rish orzusi ham ushaldi.

Shunday ekan, qora tanlilar manfaatini himoya qiluvchi tashkilotlarga ne hojat, deb so’rayotganlar bor. Qora tanlilar taraqqiyoti uyushmasi rahbari Benyamin Jelos deydiki:

"Biz bir fuqaro, bir jamoa, bir mahalla manfaatlarini ko’zlab ish ko’rayotgan tashkilot emasmiz. Faoliyatimiz negizida butun xalq manfaati yotadi. Bu o’lkada yashayotgan har bir insonga teng imkoniyatlar berilsin. Har bir bola sifatli ta’lim, ishchi-mehnatkashlar munosib haq olsin, degan orzuimiz bor".

“Bir o’lka, bir orzu” shiori ostida, Qora tanlilar taraqqiyoti uyushmasi faoliyatining ikkinchi asriga qadam qo’ymoqda.

Irqi va jinsidan qay’iy nazar, har bir inson adolatli munosabatga loyiq. Bunga erishish eng oliy maqsad, deydi faollar.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG