Breaking News

Afro-amerikaliklar: Obama global prezident bo'ladi


Obama prezident sifatida qasamyod qilarkan, millionlab amerikaliklar uning nutqini ko'zida yosh, qalbida quvonch bilan tingladi.

Uzoq asrlar "qorasan" deb tahqirlangan, kamsitilgan, qul qilib ishlatilgan insonlarning bugungi avlodlari fikricha bu ularning ajdodlariga armon bo'lib qolgan orzuning ro'yobga chiqqanidir.

"Tenglik agar shu bo'lsa, biz rozimiz",- deydi ular. Ular nazarida Amerika Obamani rahbarlikka tanlab irq muhim emasligini, gap iroda va zehnda ekanini isbotladi.

Vashingtondagi Ikkinchi Baptist Cherkoviga 160 yil avval asos solingan. U davrda Amerikada quldorlik qonuniy biznes edi. AQSh poytaxti atrofida ko'plab qulbozorlari ham bo'lgan.

Bu cherkovga qullar qochib kelib jon saqlagan va erkinlik tomon, Amerika shimoli tomon ketishga uringan. Ko'plari bunga muvaffaq bo'lgan ham.

Qullikka barham berilganidan bir asr o'tib ham AQShda qora tanlilar teng inson sifatida ko'rilmayotgan edi.

Irqchi guruhlar nazarida qora tanlilar ikkinchi darajali insonlar edi. Ularni jamiyatga qo'shishmas edi.

O'sha azob va sitamga to'la damlar cherkovga hamon kelib turadigan onaxonlarning yodida, xuddi kechagidek.

Qora tanli aholi ko'pchilikni tashkil etuvchi Vashingtonda ham irqchilik kuchli edi.

"Biz, masalan, shahar markazidagi restoranlarga kira olmas edik",- deya hikoya qiladi Sadi Dikson ismli xonim.

"Bir safar dugonalarim bilan bir oshxonaga kirib bizni o'tkazishni talab qilganmiz. O'sha joylar Vashingtonda hali ham bor. Lekin qoralar uchun berkmiz deya bizni haydab yuborishgan. Alohida oshxona, alohida teatr… Ikki dunyoda yashar edi bu mamlakat".

1963 yilda irqiy tenglik uchun eng katta namoyishlar bo'lib o'tadi. Harakat yetakchisi Martin Lyuter King o'shanda "Bir orzum bor" degan nutqini bilan jahonni larzaga slogan.

Ko'pchilik bu orzu faqat orzu, bu cho'qqiga yetib bo'lmaydi deb o'ylagan.

"Bir kun kelib qora tanli prezident saylaymiz deb kim ham o'ylabdi. Tushimizga ham kirmagan. Buni orzu qilishga haddimiz sig'mas edi, hatto xayolga keltirishga ham. Men, masalan, hech qachon der edim",- deydi Ozella Mitchell ismli vashingtonlik.

"Qullikdan, diskriminatsiyadan azob chekib, bu kunlarga yeta olmagan ajdodlar ruhi bizni quvvatlamoqda. Obama prezident, uning qora ekani haqiqat".

Cherkov rahbari Jeyms Terrell fikricha afro-amerikaliklarning o'ziga ishonchi oshmoqda.

"Ular bugun amerikalik ekani bilan yanada farxlanadi. Tariximiz ikkiga bo'linadi endi – Barak Obamagacha bo'lgan va undan keyingi davr".

Ajdodlari qullikda hayot kechirgan Elena Nolton fikricha esa Obama jahon ahli oldida Amerikaning yangi, yorqin yuzi.

"Dunyo xalqlari endi Amerika nima qilar ekan deb kutib turibdi. Biz ularga "Mana Amerika, erkinlik diyori, bu orzular ushaladigan diyor" deya faxr bilan ayta olamiz. Vatanimiz erkinlikni hamma narsadan ustun qo'yadi deya olamiz".

Bu insonlar nazarida qora tanlilar uchun uzoq vaqt yopiq turgan, qulflangan eshiklar endi asta sekin ochilmoqda.

Qora tanlilar Amerika aholisining 12 foizdan oshig'ini tashkil etadi. AQShda bugun 300 milliondan ziyod kishi yashaydi.

Oxirgi prezident saylovlarida afro-amerikaliklarning aksariyati ovoz bergan.

Barak Obama saylov kampaniyasida diqqatni qora tanli ekaniga emas, ko'proq mamlakat oldidagi muammolarga qaratdi.

Shu mavzuda

XS
SM
MD
LG