Breaking News

Yil sarhisobi: AQSh Kongressining bir yillik faoliyatiga nazar


AQSh Prezidenti Donald Tramp (markazda) va respublikachi qonunchilar soliq islohotiga oid qonunning qabul qilinganini nishonlamoqda, Oq uy, 20-dekabr, 2017-yil.
AQSh Prezidenti Donald Tramp (markazda) va respublikachi qonunchilar soliq islohotiga oid qonunning qabul qilinganini nishonlamoqda, Oq uy, 20-dekabr, 2017-yil.

Ham Oq uy, ham Kongressda hukmron respublikachilar 2017-yilda ko'p ishlarni amalga oshirishni umid qilgan edi. Ammo Senatdagi ustunlikning yaqqol emasligi ko'p pand berdi.

Prezident Donald Tramp 10 oy oldin va'da bergan soliq islohoti yilning oxirgi kunlariga kelibgina tasdiqlandi.

"O'rta qatlam uchun ko'p imtiyozlar beramiz", - degan edi prezident.

Aholi qo'llovini qozona olmagan bu qonun ikki partiya orasidagi murosasiz kurashlar ortidan qabul qilindi. Prezidentning beo'xshov tvitlari davrida respublikachilar uchun ishlash oson kechmadi. Ayni paytda partiya sud tizimiga ham o'z nomzodlarini qo'yishga ulgurdi.

"Tramp sud hokimiyatiga bee'tibor bo'lmagan odam. Respublikachilar bundan foydalanib qolishga urindi", - deydi tadqiqotchi Molli Reynolds.

Respublikachilar Oliy sudga Neyl Gorsich nomzodini olg'a surdi. Demokratlar qarshiligini sindirish uchun hatto ovoz berish qoidasini o'zgartirishdi.

"Senatdagi an'ana va me'yorlarni o'zgartirib, bunday tarafkashlikni bartaraf qilishimiz kerak", - dedi senator Mitch Makkonel.

Demokratlar esa o'zgarishlarni ortga qaytarib bo'lmasligini aytdi.

"Payti kelib, tarix bunga baho bersa, qoidalarni o'zgartirish javobgarligi respublikachilar va ularning sardori Makkonel zimmasiga tushadi. Hech kim ularni majburlamadi. O'z xohishlari bilan ish tutishdi", - dedi demokrat Chak Shumer.

Kongressning eng ko'p vaqtini sog'liq tizimiga oid islohot oldi. Prezident Obama qonunini bekor qilishga qaratilgan urinishlar samara bermadi: tashabbus yetarlicha ovoz yig'a olmadi.

Beysbol musobaqasi paytida ro'y bergan otishmada kongressmen Stiven Skelis yaralangach, partiyalar orasidagi to'qnashuvlar bir lahza tingandek bo'ldi. Voqeani qonunchi Chak Flaysmen shunday xotirlaydi:

"Juda shovqin edi. Yerda qon ko'rdim. Odamlardan qon oqayotgan edi. Ayrimlarga o'q tegdi, Xudoga shukr, meni nishonga olmadi. Omadim keldi, shekilli".

Birdamlikning umri qisqa bo'ldi. Kongress Tramp saylov kampaniyasining Rossiya bilan aloqasini tekshira boshladi. Iyun oyida Federal Qidiruv Byurosining Tramp ishdan haydagan sobiq rahbari Jeyms Komi qonunchilar oldida so'roqqa tutildi.

"Men olib borayotgan Rossiya tergovidagi nimadir unga bosim o'tkazgani uchun ishdan olindim", - dedi Komi.

Rossiya bo'yicha tergov Kongressda eng ko'p e'tiborga tushgan mavzu. Bundan esa respublikachilar norozi.

"Respublikachilar g'alaba qozongan paytlar bor, lekin ko'p imkoniyatlar boy berildi", - deydi Reynolds.

Vaklillar palatasi spikeri Pol Rayan umidga to'la.

"Kelasi yil xalq bilan ishlash yili bo'ladi", - deydi u.

2018-yil Kongressdagi ayrim o'rinlar uchun saylovlar bo'lib o'tadi. Bu esa har ikki partiya uchun jiddiy sinov.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG