Breaking News

Kongress Obamaning immigratsiya islohotiga qarshi


AQSh Kongressi binosi
AQSh Kongressi binosi

Fransiyada terror hujumlaridan so'ng AQSh Vakillar palatasi milliy xavfsizlikni ta’minlashga qaratilgan hujjatlarni ma’qulladi. Respublikachi qonunchilar, shuningdek, prezidentning millionlab hujjatsiz muhojirlarga qonuniy maqom berish to’g’risidagi farmonini bekor qilmoqchi. Barak Obama o’tgan yili imzolagan bu qaror qonunga aylanishi amri mahol.

Respublikachilar ko’pchilikni tashkil qilgan Vakillar palatasi Ichki xavfsizlik vazirligining yangi byudjetini tasdiqladi, ammo bir shart bilan: prezidentning Kongress maslahatisiz imzolagan immigratsion islohotlar dasturi bajarilmasligi kerak.

“Obama yakka tartibdagi qarorlari bilan konstitutsiyani va o’z vakolatini suiiste’mol qildi. To’rt milliondan ziyod hujjati bo’lmagan muhojirga ishlash huquqini beruvchi farmon ijrosi uchun bir tiyin ham ajratmaymiz”, - deya ta’kidladi respublikachi kongressmen Bob Gudlatte.

AQSh Ichki xavfsizlik vazirligi immigratsiyaga doir jamiki masalalar bilan shug’ullanadi – vizalar, ishlash uchun ruxsat, deportatsiya va hokazo. Bu idoraning byudjet loyihasi yuqoridagi o’zgartirishlar bilan Senatda ovozdan o’tishi gumon. O’tgan taqdirda ham prezident unga qo’l qo’ymasligini aytgan.

Respublikachilar shuni bila turib, siyosiy o’yinlarga berilyapti, deydi Obamaning partiyadoshlari.

“Fransiyada nimalar bo’layotganini ko’rib turibmiz. Shunday bir sharoitda muxolifat milliy xavfsizlik masalasini o’yinchoq qilmoqda”, - deydi demokrat qonunchi Mark Takano.

Respublikachilar nazarida esa ayb demokratlarning o’zida. Ular prezident qarorlarini qonunchilik organidan ustun qo’ymoqda.

“Gap bu yerda demokratik boshqaruv tamoyillari buzilganida. Hokimiyat organlari bir-birining ishiga aralashmasligi kerak degan prinsipga nima bo’ldi?”, - deydi Vakillar palatasida ko’pchilik yetakchisi Kevin Makarti.

“Ijroiya organi qonunlar qabul qilishi konstitutsiyani oyoq osti qilish emasmi? Demokratiyaning fundamental qoidalarini himoya qilmaymizmi?” - deb so’raydi u.

Eski Kongressda Vakillar palatasi respublikachilar qo’lida, Senatda esa demokratlar ko’pchilik edi. Senat o’shanda keng qamrovli immigratsion islohotlar loyihasini ma’qullagan, biroq palata uni rad etgan.

Yangi yildan boshlab Kongressda hukmron respublikachilar immigratsiya tizimi reformaga muhtojligini e’tirof etadi. Negaki, ispanzabon aholi so’nggi yillarda bu partiyadan tobora uzoqlashmoqda.

Kongressmen Luis Gutierrez deydiki, respublikachilarning so’nggi qarorlari AQShdagi immigrant jamoalarni yanada g’azablantiradi, ularni bu partiyaga qarshi birlashtiradi. O’zingizga chog’ qaziyapsiz, deydi u muxolifatga qarata.

Siyosiy tahlilchilar kelasi ikki yilda Oq uydagi demokrat prezident va respublikachilar nazoratidagi Kongress o’rtasida ziddiyatlar avj olishini qayd etadi. Ichki xavfsizlik vazirligining byudjeti ustidagi tortishuvlar bunga misol. Ushbu idora byudjeti kelasi oygacha qabul qilinishi kerak.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG