Breaking News

Boltiqbo'yida harbiy mashqlarga tayyorgarlik boshlangan


AQSh va Boltiqbo'yi davlatlariing tashqi ishlar vazirlari, Livta, 10-may, 2017
AQSh va Boltiqbo'yi davlatlariing tashqi ishlar vazirlari, Livta, 10-may, 2017

AQSh Mudofaa vaziri Jim Mattis bu hafta Litvada bo'lganida, Rossiyani Boltiqbo'yi davlatlarida o'z harbiy salohiyatini oshirayotgani uchun tanqid qildi. Yozda NATO bu hududda mashqlar o'tkazadi.

Rossiya va Belarus esa sentabr oyida 100 ming askar ishtirokida atom arsenali bilan bog'liq mashg'ulotlarga shaylanmoqda. Zapad-2017 programmasi Polsha, Litva, Latviya va Estoniya chegaralarida rejalangan.

Rossiya o'zining "Iskandar" raketalarini Kaliningradga, Boltiqbo'yidagi anklavga joylashtirgan. Texnologiya yangilanayotgani ma'lum.

Mattis fikricha bu qadamlar mintaqa tinchligi uchun xizmat qilmaydi.

Amerika o'zining NATO doirasidagi qadamlarini Kremlning agressiv siyosatiga javob deya asoslaydi. Vashington nazarida Rossiya Ukraina hududiy yaxlitligiga raxna solishda davom etmoqda va Qrimni unga qaytarib berishi kerak.

AQSh "Patriot" raketa tizimini Boltiqbo'yiga vaqtincha olib borishi mumkin. Albatta, faqat mashq uchun, deydi rasmiylar. Bu sistema Polshada joylashgan.

Mattis Litvada mintaqa tashqi ishlar vazirlari bilan muloqotidan keyin jurnalistlar bilan gaplashganida bu borada og'iz ochmadi. Mashqlar uchun zarur vositalar olib kelinadi xolos, deydi u.

Mattis bilan uchrashgan Litva rahbari Dalia Gribauskayte deydiki, maqsad - mudofaa va xavfsizlik uchun kerakli hamma narsaga ega bo'lish.

Estoniya, Latviya va Litva, NATO a'zolari, Rossiyani azaldan ularni bosib olishni ko'zlayotganlikda gumon qilib keladi. Ukraina mojarosi va Qrim istilosi bu qo'rqinch va xavotirlarni yanada kuchaytirgan.

Kreml Belarusda harbiylar sonini oshirish payida, deydi G'arb diplomatlari. NATO kelishuviga ko'ra, biror a'zo davlatga hujum qilinsa, bu butun alyansga hujum sifatida qabul qilinadi va chora ko'riladi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG