Breaking News

Hillari Klinton fikricha Donald Tramp prezidentlik uchun noloyiq


Klinton: Tramp prezidentlik uchun noloyiq
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:02:14 0:00

AQShning olti shtatida prezidentlik uchun partiya saylovlari yaqinlashar ekan, so'rovlar demokrat nozmodlar Hillari Klinton va Berni Sanders o'rtasida farq tobora torayib borayotganini ko'rsatmoqda. Klinton tashqi siyosat borasida Kaliforniyada qilgan so'nggi chiqishida respublikachi Donald Trampni prezident etib saylash "tarixiy xato" bo'lishini ta'kidladi.

Qurolli zo'ravonlikdan ogohlik ramzi sifatida ko'riladigan to'q sariq rangli kiyim bilan chiqqan Hillari Klinton San-Diyego shahrida qilgan nutqida Trampni prezidentlik uchun noloyiq deb atadi. Bu lavozim bilim, qa'tiyat va ulkan mas'uliyat talab qiladi, dedi u.

"Donald Tramp g'oyalari nafaqat boshqacha, balki xavfli darajada tarqoq. Ularni g'oya deb ham bo'lmaydi. Shunchaki, safsata, shaxsiy adovat va yolg'onlardan iborat", - dedi u.

Klintonning aytishicha, mamlakatning yadro qurolini vaysaqi biznesmen qo'liga topshirib bo'lmaydi, chunki kimgadir adovat qilib, davlatni urushga boshlashi mumkin.

"Ko'plab davlatlar, xususan, Saudiya Arabistoni yadro quroliga ega bo'lishi kerak degan bu odam. U NATOdagi ittifoqchilarimizni tark etishi bilan qo'rqitgan. Vaholanki, ular xorijda terrorchilarni yo'q qilishda biz bilan yaqindan ishlashadi", - deydi demokrat nomzod.

Klintonga ko'ra, Tramp o'z qimorxonalarini kasodga uchratganidek, AQSh iqtisodiyotini ham vayron qiladi.

Tramp, odatdagidek, darhol "Twitter" orqali raddiya bildirib, Klintonning chiqishini "yomon" va prezidentlikka nomunosib deb atadi.

Yaqingacha respublikachilarning o'zi ham Trampni keskin tanqid qilayotgan edi. Ammo uning dovrug'i oshib borar ekan, partiya sekin-asta uning atrofida birlashmoqda.

2-iyun kuni Kongressdagi Vakillar palatasi spikeri, yetakchi respublikachi Pol Rayn Trampni qo'llab-quvvatlashini e'lon qildi.

"Donald Tramp bilan o'rtamizda kelishmovchiliklar borligi sir emas. Bir-ikki masalada to'qnashganimiz ham ma'lum. Bu narsa hammada bo'ladi. Respublikachilarda ham. Masala shundaki, partiyamizni birlashtira oladigan, kuzgacha to'liq kuchimizni tiklay oladigan jarayonni yo'lga qo'ya olamizmi?", - deydi Pol Rayn.

Demokratlardan Klinton va Berni Sanders o'rtasida nomzodlik uchun kurash hanuz davom etmoqda.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG