AQSh saylovlari dunyoning turli chekkalarida aks-sado berishi aniq. Xususan Germaniya siyosatchilari nazarida, AQSh saylovi Yevropaning istalgan mamlakatidagi saylovdan ahamiyatliroqdir.
Germaniyada AQShning 36 ming askari bor, ikki davlat o’rtasidagi savdo aylanmasi 200 milliard dollarga teng. Germaniya AQShning Yevropadagi eng katta savdo hamkori.
Biroq Tramp prezidentlikka kelganida bu mamlakatni NATO byudjetiga yetarlicha pul ajratmayotganlikda ayblab, aloqalarning bir oz sovishiga sababchi bo’lgan edi. Ayrim nemis siyosatchilari nazarida, Amerika saylovlari transatlantika ittifoqi taqdirini ham belgilaydi.
“So’nggi 4 yilda hamkorlikning ko’p past-balandi bo’ldi. Kelishmovchiliklar, asosan, jahonning boshqa chekkalaridagi siyosatga tegishli, Qo’shma Shtatlarning dunyo tartibi posboni va himoyachisi rolidan chekinganidan bo’ldi. Ana shu tartib asosida vujudga kelgan Germaniya yangi o’zgarishlarni hazm qilib, ularga moslashishga harakat qilmoqda”, - deydi Germaniyaning Marshall jamg’armasidan Tomas Klayn-Brokxoff.
Trampning Germaniyadagi AQSh qo’shinlari sonini qisqartirish qarori Amerikaning NATO birligiga bo’lgan majburiyatiga shubha uyg’otdi.
“Agar Amerika NATOdan chiqsa va tashkilot o’lsa, Yevropada ziddiyatlar kuchayishi mumkin. Qit’a yanada jipslashadi degan gaplar noto’g’ri”, - deydi ekspert.
Biroq bu mamlakatdagi “Germaniya uchun muqobil” ultra millatchi partiyasi bu fikrga qo’shilmaydi. Guruh AQSh qo’shinlari sonini kamaytirish rejasini olqishlamoqda.
Amerikada prezidentlikka kim kelishidan qat’i nazar, ikki mamlakat hamkorligi uchun yangi imkoniyatlar ochiladi deydiganlar ham bor.
“Osiyo va Tinch okeani mintaqasining AQSh uchun ustuvor deb belgilanishi va Yevropaga kamroq e’tibor qaratilishi Tramp prezidentligi bilan bog’liq emas. Yevropaga aql qirib, AQShga tobelikdan uzoqlashish vaqti keldi deb o’ylayman”, - deydi Germaniya Tashqi aloqalar kengashidan Sofiya Bekker.
Facebook Forum