Saylovchilar kollegiyasi AQSh saylov jarayonini chigallashtirmoqdami?

  • Amerika Ovozi

8-noyabr kuni Amerikada saylovchilar prezidentga ovoz bergani bilan AQSh Konstitutsiyasiga ko’ra, prezidentning kim bo’lishini saylov hay’ati aniqlaydi. Oddiy aholining xato ovoz berib, noloyiq inson prezidentlikka saylanmasligi uchun Amerika asoschilari ikki bosqichli tizim yaratgan.

Agar AQShda umumiy berilgan ovozlar natijasiga qarab prezident aniqlanganida edi, Donald Trampdan mamlakat bo’ylab ikki yarim milliondan ko’p ovoz to’plagan Xillari Klinton rahbarlikka saylangan bo’lar edi.

Biroq oddiy saylovchilar ovozlarini saylovchilar kollegiyasiga, maxsus hay’atga ishonib topshiradi, kollegiya vakillari esa saylovdan bir necha hafta o’tgach to’planib yangidan ovoz beradi. Har bir shtatdan saylovchilar kollegiyasi vakillari soni shu shtatdan Kongressga saylangan qonunchilar miqdoriga teng bo’lishi kerak. Kattaroq shtatlarda ko’proq qonunchilar bo’lgani uchun kollegiya vakillari ham ko’proq.

Muayyan bir shtatda g’alaba qozongan nomzod o’sha shtatdagi saylovchilar kollegiyasi vakillari ovozlarining barchasini o’z hisobiga yozadi. Agar har bir kollegiya vakilining ovozini bir ochkoga tenglashtiradigan bo’lsak, saylovda kamida 270 ochko to’plagan nomzod g’alaba qozonadi.

8-noyabr saylovlari yakuniga ko’ra Tramp 306, Klinton esa 232 ochko to’plagan.

Texasdagi “Ey end Em” (A&M) universitetida siyosatshunoslikdan dars beruvchi Jorj Edvards Amerika asoschilari nega bunday murakkab saylov tizimini yaratganini tushuntiradi:

“Ba’zilari odamlarning saylov kuni to’g’ri qaror qilishiga, to’g’ri odamni saylashiga ishonmagan”, - deydi professor.

Saylovchilar kollegiyasi vakillari 19-dekabr kuni to’planib, saylovchilar ularga ishonib topshirgan ovozlarni nomzodlarga berishi kerak bo’ladi. Biroq bahs, tortishuv, janjalga boy bu yilgi saylovlar xalqni ikkiga bo’lib qo’ydi, kollegiyaga ham katta bosim qo’yilmoqda.

Agar hay’at vakillari o’zgacha ovoz bersa, g’olib o’zgarishi mumkin, biroq buning uchun Trampga berilgan 37 ovoz yoki ochko, undan olinib Klinton hisobiga yozilishi kerak. Ba’zilar bunday murakkab sistemani bekor qilishga chaqirmoqda.

“Saylovchilar kollegiyasining qadr-qimmati qolmadi. Bunday tizim siyosiy tenglikka zid, ya’ni barcha ovozlar teng hisoblanmaydi”, - deydi professor Edvards.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG