AQSh kompaniyalari Amerikadagi ish o'rinlarini saqlab qolyaptimi?

  • Amerika Ovozi

"UPS" kompaniyasi ishchisi

2016-yilgi prezidentlik saylovlarida Indiana shtatining Indianapolis shahridagi "Carrier" zavodi alohida tilga olingan edi. Kompaniya ish o'rinlarini Meksikaga ko'chirayotgani uchun Donald Tramp tanqidiga uchragan. Tramp saylangach, zavod Indianapolisda qoladigan bo'ldi, ammo yuzlab ishchilar taqdiri hanuz mavhum.

2016-yilgi saylov davomida "Carrier" kompaniyasi ishchisi Robert Jeyms ishini boy berishdan qattiq xavotirlangan edi. So'nggi bor 2016-yil aprel oyida gaplashganimizda, u zavod Meksikaga ko'chayotganini aytgan edi.

Shundan beri ko'p vaqt o'tdi. Tramp sharofati bilan zavod hanuz ochiq va AQShda ishlab turibdi.

"Trampning ishini qadrlaymiz", - deydi u.

Jeyms hanuz ishli. Hozir "Carrier"da Po'lat ishchilari kasaba uyushmasi prezidenti. So'nggi oylarda bir qator ijobiy o'zgarishlar yuz berganiga qaramay, zavod tepasida hanuz qora bulutlar aylanib yuribdi.

"Prezident Tramp dekabrda "Carrier"ga kelganda, shunchaki shou bo'lgan ekan", - deydi Jeyms.

Chunki ishlarning faqat bir qismigina saqlanib qoldi.

"U 100 ta odamning oldida turib, ularga 1100 ta ish o'rni saqlanib qoldi, degan edi. Bu gap yolg'on", - deydi u.

Jeymsga ko'ra, Indianada faqat 730 ta ish o'rni saqlab qolingan. Iyul oyiga kelib, 338 ishchi zavodni tark etdi.

Indiana universiteti professori Mohan Tatikondaning aytishicha, bunday ishlarning kam maosh to'lanadigan hududlarga ko'chishi tabiiy hol.

"Zavodda ishlar qoldi, lekin ularning hammasi, bir xil maosh bilan va doimiy muddatga saqlab qolgani yo'q. Xursand bo'lishimiz mumkin, ko'p oilalar uchun yengillik bo'ldi. Ammo bu doimiy yechim emas va u boshqa zavodlarga amal qilmaydi", - deydi u.

Robert Jeymsning ishi hozircha barqaror, ammo u boshqa joydan ish izlayotgan hamkasblariga yordam berishga e'tibor qaratyapti.

"Yoshi men bilan tenglar bor, ularga ancha qiyin. Chunki 50 yoshdan keyin ish qidirish yaxshi narsa emas", - deydi u.

Shu bois Jeyms nafaqaga chiqquncha shu yerda ishlashdan umidvor. Bungacha esa hali bir necha yil bor.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG