Kaliforniya: Uysizlar orasida gepatit tarqalmoqda

  • Amerika Ovozi

AQShning Kaliforniya shtatida “A” gepatiti tarqalmoqda, vaholanki, bu kasallikka qarshi vaksina topilganiga 20 yildan oshdi. G’arbiy shtatda 600 dan ziyod odam virusni yuqtirgan, 21 kishi o’lgan. Kaliforniya sog’liqni saqlash idorasiga ko’ra, gepatitga chalinganlarning aksariyati uysiz yoki narkoman.

Ko’chada yashaydigan odamlar uchun eng oddiy ehtiyojlarni qondirish ham muammo. Jey El to’rt yildan beri boshpanasiz.

“Qo’lni yuvadigan joy, hojatxonalar yo’q”, - deydi u.

Los-Anjelesning Skid-Rov mahallasida uysizlar ko’p, hojatxonalar yetishmaydi. BMT qochqinlar lagerlari uchun belgilagan me’yor shuki, har 20 odamga bitta hojatxona bo’lishi zarur.

Kunduzi Skid-Rovda aholi soni 3600 dan oshadi. BMT talablariga javob berish uchun hududga yana 164 hojatxona kerak. Rasmiy ma’lumotlarga ko’ra, kechki payt uysizlar soni 1700 ga tushadi. Ular uchun atigi olti tualet ishlab turadi, xolos.

“Shahar ma’muriyati biz hojatxonalardan foydalanishimizni istamaydi. Ochig’i, oramizda shunday odamlar borki, bu joylardan to’g’ri foydalanmaydi, buzadi yoki toza saqlamaydi. Lekin buning uchun bizni jazolash to’g’ri emas. Ko’chaning burchagida hojat chiqaraylikmi?”, - deydi Jey El.

Mahalla “A” gepatiti o’chog’iga aylangan. Tanqidchilarning qayd etishicha, tunda noqonuniy faoliyat avj olishi sabab aksar hojatxonalar yopib qo’yiladi. Tibbiyot professori Jeff Klausner:

“San-Diyego va Los-Anjelesda gepatit tarqalishi sanitariya qoidalariga rioya qilmaslikdan. Virus odamdan odamga yuqadi. Hojatxonadan foydalangandan so’ng qo’lni yuvmaslikdan kelib chiqadi”.

Bir yechim - Lava Mey tashkiloti ta’minlayotgan mobil dushxonalar. Tashkilot direktori Pol Asplund:

“Ko’chada yashaydigan odamlar uchun gigiyena inshootlari deyarli yo’q. Shuning uchun bu ishni tashkillashtirdik, dushxonalarni olib keldik. Odamlar 15 minut o’ziga vaqt ajrata olsin”.

Ammo himoyaga muhtoj faqat uysizlar emas. AQSh, Yevropa, Chili va Avstraliyada gomoseksual erkaklar orasida ham “A” gepatiti epidemiya darajasiga yetgan.

Statistik ma’lumotlarga ko’ra, Kaliforniyada gepatitni yuqtirgan boshpanasizlar va narkomanlar kasalxonaga yotqizilishi ehtimoli yuqori. Immuniteti zaif insonlar qo’lini muntazam yuva olmasligi ular ahvolini yanada og’irlashtiradi.

“Gigiyena - bu huquq. Har bir insonga berilgan huquq”, - deydi Asplund.

Los-Anjelesda yaqin orada gigiyena markazi ochiladi. Hojatxonalar va ijtimoiy xizmatlar kuniga 24 soat ochiq bo’ladi, deydi rasmiylar.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG