Breaking News

AQSh: O'zbekiston hamon huquqbuzar davlatlar qatorida


2010 yil bo'yicha hisobotda, O'zbekiston inson huquqlariga hurmat bobida Xitoy, Shimoliy Koreya, Eron, Kuba va Belarus bilan bir safda.
2010 yil bo'yicha hisobotda, O'zbekiston inson huquqlariga hurmat bobida Xitoy, Shimoliy Koreya, Eron, Kuba va Belarus bilan bir safda.

AQSh Davlat departamenti jahon bo’ylab inson huquqlari bilan bog’liq vaziyatni sarhisob qilib, navbatdagi tahlilnomasini ommaga taqdim etdi.

Yaqin Sharq va Afrikadagi avtoritar tuzumlarga qarshi namoyishlar unda alohida tilga olinadi va mintaqada demokratiya qaror topishiga umid bog’langan.

Xitoy, Shimoliy Koreya, Eron, Kuba, Belarus va O’zbekiston bu safar ham huquqbuzar davlatlar qatorida.

AQSh Kongressiga har yili taqdim etiladigan, 194 mamlakatni o’z ichiga olgan hisobot 2010 yildan shu kunga qadar vaziyatni tasvirlaydi. Mualliflar fikriga ko’ra, “Arab Bahori” nomini olgan norozilik chiqishlari natija bersa, bu mintaqa va butun dunyo uchun ijobiy o’zgarish degani.

Hisobotni taqdim etish marosimida so’zlagan Davlat kotibasi Xillari Klinton Qo’shma Shtatlar erkinlikka intilayotgan xalqlarni qo’llab-quvvatlashini ta’kidladi.

“Kurrai zaminning qay burchagida yashayotgan bo’lmasin inson erkinlikka talpinadi. AQSh fundamental haq-huquqlari uchun tinch yo’l bilan kurashayotgan, hokimlaridan buni talab qilayotgan xalqlar bilan bir safda turib, ularni himoya qiladi”, - deydi Xillari Klinton.

Tashqi ishlar vazirasi 2010 yilda uch jabhada chekinish kuzatilganini aytadi. Fuqaro jamiyati faollarini qo’rqitish va ta’qib qilish uchun adliya tizimi ishga solinmoqda. 40 dan ziyod davlatda global tarmoq turli vosita va bahonalar bilan to’sib qo’yilgan. Shuningdek, jahon bo’ylab ozchilikdagi guruhlarga nisbatan diskriminatsiya va kamsitishlar avjida.

AQSh Davlat kotibasi Xillari Klinton
AQSh Davlat kotibasi Xillari Klinton

Xillari Klinton bu borada eng past baho olgan davlatlar sifatida Rossiya va Venesuelani ko’rsatdi. Ammo butun yil davomida jurnalistlar, faollar va ziyolilarni ta’qib qilishda Xitoyga yetadigani yo’q.

“O’tgan hafta Pekinda qamoqqa olingan musavvir va dizayner Ay Veyvey bir misol. U nima uchun va qayerda saqlanayotganini hech kim bilmaydi. Xitoy hukumatidan siyosiy mahbuslarni ozod etishni va fuqaro huquqlarini hurmat qilishni yana bir bor so’raymiz”, - deydi AQSh Davlat kotibasi.

Internetni siyosiy sabablarga ko’ra kuchli nazorat qilayotgan hukumatlar qatorida Birma, Kuba va O’zbekiston ham bor.

Eron o’z fuqarolarini qatl etishda yetakchi. Pokistonda esa xudoga shak keltirishni man etuvchi qonunlar mavjud va ularni isloh qilishga chaqirgan ikki arbob ekstremistlar qo’lidan jon bergan.

“Shakkoklik aybi musulmonlarga ham, boshqa din vakillariga ham qo’yilishi hech gapmas. Ikki islohotchi arbob, Panjob hokimi Salmon Tasir hamda Ozchilik guruhlar vaziri Shahboz Batti bu qonunni bekor qilish kerak, deb chiqqani uchun fatvo bilan o’ldirilgan”.

AQSh: O'zbekiston hamon huquqbuzar davlatlar qatorida
AQSh: O'zbekiston hamon huquqbuzar davlatlar qatorida

AQSh Davlat departamentiga ko’ra, O’zbekiston inson huquqlari bilan bog’liq vaziyat og’irligicha qolayotgan davlatlardan biri.

Taxminan 25 kishi, jumladan faollar va jurnalistlar siyosiy ayblovlar bilan panjara ortida o’tiribdi. Yaqinlari dahshatli qiynoqlardan shikoyat qiladi.

Hisobotda yozilishicha, respublikadagi siyosiy-ijtimoiy ahvolga doir nozik masalalarni ko’tarib chiqish – O’zbekiston xavfsizlik xizmatlari e’tiboriga tushib qolish demakdir. Bunga haddi siqqan jurnalistlarni tuhmat va bo’htonda ayblab, jazolash va faoliyatini to’xtatish hollari qayd etilgan.

O’zbekiston hukumati bolalarni, ham kattalarni majburiy mehnatga jalb qilishda davom etyapti. Davlat korxonalari xizmatchilari hamda o’quvchi va talabalarni ekspluatatsiya qilish har yili paxta terimi paytida avj oladi.

Diskriminatsiya va qiynoqlar, ayollarga nisbatan zo’ravonlik Markaziy Osiyoning boshqa davlatlariga ham xos muammolar. Inson savdosi va qulchilik butun mintaqa bo’ylab keng tarqalgan.

AQSh Davlat kotibi muovini Robert Bleyk boshchiligidagi delegatsiya Markaziy Osiyo hukumatlari bilan yillik maslahatlashuv uchrashuvlari doirasida kelayotgan hafta Tojikistonda bo’ladi. Muzokarada inson huquqlari masalasi ham ko’tarilishi kutilmoqda.

Davlat kotibasi Xillari Klintonning ta’kidlashicha, inson huquqlari uchun kurash haqiqatni ochiq va dangal aytishdan boshlanadi.

Davlat departamenti tomonidan har yili tayyorlanadigan bu hujjatdagi ma’lumotlar haqqoniy ekani mahalliy faollar, tashkilotlar va elchixonalar yordamida qayta-qayta tekshiriladi. 50 tilga tarjima qilinib, internetga qo’yiladi.

AQSh hukumati bu ma’lumotlarni bir joyga to’plab, yangi veb sahifa ochgan - www.humanrights.gov

Unga kirib, istagan davlatlagi huquq ahvoli bilan anonim tarzda, ya’ni shaxsingizni oshkor etmagan holda tanishishingiz mumkin.

XS
SM
MD
LG