Breaking News

Ekspertlar: Eron urushni xohlamaydi, harbiy jihatdan ancha zaif


Ekspertlar: Eron urushni xohlamaydi, harbiy jihatdan ancha zaif
Ekspertlar: Eron urushni xohlamaydi, harbiy jihatdan ancha zaif

Amerika hukumati Fors ko’rfazida har qanday xavfni yengishga tayyor ekanini bildirmoqda. Eron Xo’rmuz bo’g’ozini yopib, shu tariqa neft ta’minotini to’smoqchi ekan, AQSh islomiy davlatga ogohlantirish bermoqda.

AQSh Harbiy-dengiz kuchlarining Bahraynda joylashgan 5-floti Amerikaning hududdagi doimiy bazalaridan biri bo’lib, Eron bilan ziddiyatlar qurolli to’qnashuvga aylanib ketsa, jangga kirishga tayyor.

Eron ham dengizda mashqlar o’tkazib, harbiy qudratini ko’z-ko’z qilib turadi. Biroq tahlilchilar nazarida urush boshlansa, ko’p yillik xalqaro sanksiyalardan sillasi qurigan islomiy respublika eskirgan qurollari bilan uzoqqa bormaydi.

Jahon bozoriga chiqadigan neftning 20 foizi Xo'rmuz bo'g'ozidan o’tadi
Jahon bozoriga chiqadigan neftning 20 foizi Xo'rmuz bo'g'ozidan o’tadi

Mudofaa masalalari bo’yicha tahlilchi Entoni Kordsmenning aytishicha, Eron arsenalining katta qismi shoh davrida sotib olingan.

"Qolgani Xitoy va Rossiyadan keltirilgan sifati past qurollar. Yerdan turib havodagi nishonni uruvchi zamonaviy raketalari deyarli yo’q. Jangovar kemalariga 30 yildan oshdi, qisman ta’mirlangan xolos", - deydi ekspert.

Ammo shunga qaramay Eron Xo’rmuz bo’g’ozini yopishini aytib, AQShning Fors ko’rfaziga bir marta kirgan avianosetsi hududga qaytmasin, deya ogohlantirdi.

Qo’shma Shtatlar muammolarni diplomatik yo’l bilan hal etishga tayyor, qamalga yo’l qo’ymoqchi emas.

Leon Panetta, AQSh Mudofaa vaziri
Leon Panetta, AQSh Mudofaa vaziri

"Xo’rmuz bo’g’ozining yopilishiga jim turish yo’q. Eron shuni bilsin", - deydi AQSh Mudofaa vaziri Leon Panetta.

Qo’shma Shtatlar rasmiy Tehronni yadro qurolini yaratish rejasidan ham qaytarishga harakat qiladi. Isroil Eron yadro inshootlarini nishonga olishi mumkin, degan taxminlar mavjud.

Eskpertlar nazarida urush boshlansa, Eron zamonaviy qurollarsiz o’zgacha taktika qo’llashi mumkin, ya’ni minaga to’la kichik kemalarda AQSh kuchlariga pistirmadan turib hujum qilishi mumkin.

Eron Fors ko'rfazida harbiy mashqlar qilib turadi
Eron Fors ko'rfazida harbiy mashqlar qilib turadi

Ochiq jang maydonida AQSh yoki Isroil bilan urush qilishga jur’at qilsa, armiyasi bir necha kunda tor-mor etiladi, deydi mutaxassislar.

Tahlilchi Bryus Ridlning aytishicha, Eronni AQSh yoki Isroil bilan harbiy jihatdan bir pallaga qo’yib bo’lmaydi.

"Ularga teng kela olmaydi", - deydi u.

Eronning o’zi ham G'arb bilan ochiq jang qilishni istamaydi, deydi Vashington rasmiylari, ammo shunday bo’lsa, Amerika bunga tayyor.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG