Breaking News

Rossiya - G'arb-Eron munosabatlarini muvozanatlovchi kuch


Rossiya - G'arb-Eron munosabatlarini muvozanatlovchi kuch
Rossiya - G'arb-Eron munosabatlarini muvozanatlovchi kuch

Rossiya Eron uchun ilk yadro zavodini qurib bergani bilan havo mudofaasiga zarur raketalarni sotishdan bosh tortgan. G'arb davlatlari va AQSh Eronga bosimni kuchaytirar ekan, Rossiyaning bu davlat bilan munosabatlari qanday?

Rossiya rasmiylaridan birining muxbirlarga shu hafta aytishicha, Eron atom quroli ustida ishlayotgani haqida dalil yo'q. Biroq shu bilan birga, deydi rasmiy, Tehronning uranni yanada boyitish qarori xalqaro rezolyutsiyalarga ziddir. G'arb-Eron ziddiyatlari kuchayar ekan, Rossiya o'rtada muvozanatni ta'minlashga harakat qilmoqda.

Moskvadagi Karnegi jamg'armasi tahlilchisi Pyotr Topichkanovning aytishicha, Rossiya Eronda yadro quroli bo'lishidan manfaatdor emas.

Chunki, deydi mutaxassis, mintaqada qurollar poygasi boshlanib ketishi va Xo'rmuz bo'g'ozi orqali jahon bozoriga katta miqdorda neft chiqarayotgan arab davlatlari poygaga birinchilardan kirishishi mumkin. Eron unga qarshi sanksiyalar kuchaysa, bo'g'ozni yopishga do'q-po'pisa qilgan.

Kremlning xavotir olishicha, Eronda atom quroli bo'lsa, Rossiyaga undan yaqinroq joylashgan Turkiya ham bunga intilishi mumkin.

Moskvadagi Yaqin Sharq instituti rahbari Yevgeniy Satanovskiyning aytishicha, Turkiya Bosh vaziri Rajab Toyyib Erdog'an oxirgi paytda quyushqonidan chiqqan.

"Turkiyada Usmoniylar Imperiyasi yangidan qad ko'tarmoqda. Erdog'an xavfli g'oyalarni olg'a suryapti. O'zini sulton deb ko'radi", - deydi Satanovskiy.

Tahlilchiga ko'ra, Rossiya janubdagi musulmon respublikalari tinch bo'lishini istasa, Turkiya va Eron bilan yaxshi aloqada bo'lgani ma'qul. Kavkazni Moskvaga yuz foiz sodiq deb bo'lmaydi. Chechenistondagi ikki urush bunga misol. Hozir ham Dog'istonda jangarilar ahyon-ahyonda o'zini ko'rsatib turadi.

Eronga qattiq tegish mumkin emas, aks holda Kavkazdagi ekstremist guruhlarni Moskvaga qarshi gijgijlatadi, deydi Satanovskiy.

"Shimoliy Kavkazni beqarorlikka qaytarish Eron uchun qiyin bo'lmaydi", - deydi u.

Rossiya Xavfsizlik Kengashi rahbari Nikolay Patrushevning o'tgan hafta Interfaks axborot agentligiga aytishicha, Qo'shma Shtatlar Eronda tuzumni o'zgartirmoqchi.

"Urush boshlansa, kamida uch million eronlik Rossiya va Ozarbayjonga qochishi mumkin", - deydi Satanovskiy.

Rossiya tarixda Eron bilan bir necha bor to'qnashgan. 19-asr oxirlaridan Ikkinchi jahon urushi yakunigacha Eron shimoli avval rus, keyinchalik esa Sovet qo'shinlari qo'li ostida yoki ta'sir doirasida bo'lgan.

Bugunga kelib Rossiya aholisi kamaygan, harbiy qudrati esa Sovet armiyasining soyasi bilan tenglasha oladi xolos.

Karnegi jamg'armasi tahlilchisi Topichkanov nazarida Rossiya endilikda mintaqadagi jarayonlarda faol ishtirok eta olmaydi; kuzatuvchi rolini bajaryapti xolos.

"Sovet Ittifoqi qulaganidan beri Rossiyada janubda faol siyosat yuritishga mablag' yo'q", - deydi u.

Chor va Sovet davrlarida qudratini ko'z-ko'z qilgan bu davlat endilikda boshqa mamlakatlar ichki ishlariga aralashuvga qarshi chiqmoqda. Harbiy qudratdan ayrilgan Rossiya hozirda diplomatik mahoratini ko'proq ishga solmoqda. Xususan, Eronga qarshi tashqi hujum ehtimolining oldini olishga harakat qilyapti.

Ba'zi xabarlarga ko'ra, Isroil Eron yadro inshootlarini havodan nishonga olishi mumkin. Ammo bu davlat Mudofaa vaziri Yahud Barakning aytishicha, bunga hali kelishilmagan, qachon bo'lishi noaniq.

Joriy hafta Isroilga AQSh Qurolli Kuchlari Bosh shtabi rahbari Martin Dempsi borib, vaziyatni muhokama qiladi.

Rossiyaga ko'ra, Eronga qarshi hujum mintaqada sunniy va shia musulmonlar o'rtasida adovatga yetaklab, hududni alanga oldiradi. Tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrovning aytishicha, Eron yadro dasturini nishonga olgan sanksiyalarning barchasi qo'llanib bo'lgan, yangi jazo choralarining dasturga aloqasi yo'q, ulardan Eron iqtisodiyoti va xalqi zarar ko'radi xolos.

Yevropa Ittifoqi shu hafta qo'shimcha sanksiyalar bo'yicha muloqot qiladi. Eron neft eksporti cheklansa, jahonda talab kuchayib, neft bahosi oshishi mumkin, deyildi Xalqaro energetika agentligining bugun chop etilgan hisobotida. Lekin umuman olganda global iqtisodiy inqiroz sabab jahonda neftga talab oldin bashorat qilinganiday yuqori bo'lmaydi.

Hisobotga ko'ra, so'nggi bir necha oyda xom neftga talab kuniga 300 ming barrelgachga tushgan. O'tgan yili kundalik talab 89,5 million barrel atrofida edi. 2012-yilda bunga yana 1,1 million barrel qo'shilishi mumkin, lekin undan ko'p bo'lmaydi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG