Qo'shma Shtatlar maxsus qo'shinlarni ishga solib, "Islomiy davlat"ga qarshi reydlarni ko'paytirmoqchi.
Yaqinda ana shunday reydlarning birida amerikalik harbiylar kurd jangchilari bilan birgalikda garovga olingan odamlarni ozod etishga muvaffaq bo'ldi. Amaliyot paytida AQSh bir askarini yo'qotdi.
“U jang maydonida halok bo'ldi", - dedi AQSh Mudofaa vaziri Eshton Karter.
Qurolli kuchlar bosh shtabi rahbari general Jozef Danford havo hujumlari kutilgan natija bermaganini tan oladi.
“Qilingan ishlarimizdan qoniqish yo'q. "Islomiy davlat" mag'lub etilmaguncha tinchimaymiz”, - dedi u.
AQShning strategiyasi o'zgarmoqdami?
“Katta o'zgarish yo'q, mayda qadamlarni ko'ryapmiz”, - deydi Jons Xopkins universitetidan Deniel Server.
“Ba'zida missiyani kuchaytirish kerak, masalan, g'alabaga erisholmayotgan yoki mag'lub bo'layotgan bo'lsangiz. Biroq buni avval puxta o'ylab, to'g'ri qabul qilib, yaxshi anglab, so'ng amalga oshirish mumkin”, - deydi vashingtonlik tahlilchi Maykl Oxanlon.
Jang maydonidagi harbiylarning aytishicha, Iroqda hozir olib borilayotgan amaliyotlar ko'lami bo'yicha AQShning oldingi urushlardagi amaliyotlariga yetmaydi.
“Oldin ko'p sonli qo'shinlar yordamida yo'llar qattiq qo'riqlanar, hududlarni dushmandan tortib olib, ularni ushlab qolish uchun jangari manzillariga jiddiy hujum qilinar edi. Hozir bunday emas”, - deydi xalqaro koalitsiya kuchlari so'zlovchisi polkovnik Stiv Uorren.
Mudofaa vaziri Eshton Karterning aytishicha, ba'zilar ayrim amaliyotlar mohiyatini tushunmay, AQSh qo'shinlarining umumiy roli o'zgarmoqda, deb o'ylab xato qiladi.
“Amaliyotning missiyadan aniq farqi bor. AQSh kuchlarining Iroqdagi missiyasi mahalliy qo'shinlarni jihozlab, tayyorlab, ularga maslahat berib, ko'maklashishdan iborat”, - deydi vazir Karter.