Breaking News

Mayamilik ayol yuzlab bolalar uchun ona


O’tgan yilda Obama ma’muriyati hujjati bo’lmagan 240 ming muhojirni jinoyat sodir etmagan bo’lsa-da deportatsiya qilib yubordi. Bu esa 2012-yilga qaraganda 20 mingga ko’proq. Vataniga majburan qaytarilganlarning ko’pi AQShda tug’ilgan va fuqarosi bo’lgan farzandlarini Amerikada qoldirdi. Xo’sh, u bolalar hozir kimlar qo’lida? Floridadagi bir ayol yuzlab bolalarga onalik qilmoqda.

Mishel uniki. Alexandra ham uniki. Viktor, Andrea va Allison ham. Bari – hammasi bo’lib 900 dan ziyod bola – Nora Sandigo qaramog’ida. Har kuni u o’quv qurollaridan tortib ovqatgacha – nodavlat tashkilotiga nima ajratilgan bo’lsa, hammasini bolalarga yetkazadi.

Har hafta Floridadagi uyida bayram uyushtiradi.

“Har bir bolaning ishini eslash oson emas,” - deydi u.

Sandigo har bir bolaning hujjatlari – pasporti, tug’ilganlik guvohnomasi va qaramoqqa olingani haqidagi hujjatni o’zida saqlaydi. Qariyb 1000 bolaning ota-onasi onalik huquqini Sandigoga bergan.

“Bolalarni ajratish noto’g’ri, hammaga birdek yondashish kerak,” - deydi ayol.

Qiz-o’g’illar Amerikada tug’ilgan, demak AQSh fuqarolari. Ammo ota yoki onasi hujjati bo’lmaganligi sababli mamlakatdan deportatsiya qilingan.

Xuddi Fransiskaning farzandlaridek. U homilador. Bugun sudya turmush o’rtog’ini Gvatemalaga qaytarish haqida hukm chiqardi. O’zining ham ahvoli qaltis.

Ikki katta qizi va hali tug’ilmagan bolasini u Sandigoga rasmiylashtirdi.

“Bu yog’i nima bo’ladi, hayronman,” - deydi Fransiska.

Ota-ona deportatsiya qilinsa, farzandini ham o’zi bilan olib ketishi mumkin. Ammo ko’plar bolani AQShda qoldiradi.

“Bolalarimni olib ketgim yo’q, chunki ularning kelajagi shu yerda,” - deydi u.

Agar farzand AQShda qolsa, davlatdan yordam puli oladi. Ammo ularni olib qolgan qarindoshlar yoki qo’shnilar davlat organlaridan yordam so’rashdan cho’chiydi, deydi Sandigo.

Kerol Emig bolalarga oid tadqiqotlar markazini boshqaradi. Sandigoni maqtab, vaziyatni tandiq ham qiladi.

“Butun ijtimoiy tizim bolalarga bera oladigan yordamni bu inson yakka o’zi berishga ojiz. Bolalar ahvolini vaqti-vaqti bilan tekshirib turadigan xodim ham tayinlanmagan,” - deydi u.

Sandigo qo’lidagi telefon tinmay jiringlaydi. Axir yordamga muhtojlar ko’p. Buning keti ko’rinmaydi, deydi u.

“Oilalarni kim ajratib yuboryapti? Men emas. Menda bunday salohiyat yo’q”.

Sandigo shu qadar ranjiganki, avtobus yollab 38 bolani Mayamidan Vashingtonga, to’g’ri Oq uyga olib bordi va Prezident Obamaga murojaat qildi.

“Iltimos, deportatsiyalarni to’xtating. Nafaqat dadam, boshqa bolalar uchun ham,” - dedi namoyish paytida otasi mamlakatdan chiqarib yuborilgan bir qizaloq.

"Men oyim va opam bilan dadam uchun ibodat qilyapmiz,” - deydi yana bir bola.

Ammo Prezident Obama immigratsiya islohotini hozircha to’xtatib qo’ydi.

“Siyosatchilar prezidentdan saylovgacha hech qanday qaror qabul qilmaslikni so’radi. U rozi bo’ldi. Demak, u mana bu begunoh go’daklar ko’z yoshini siyosiy o’yinlarda ishlatdi,” - deydi Sandigo.

Demokrat va respublikachilar bir-birini immigratsiya masalasini noyabrgi saylovdan oldin o’z manfaatlarida ishlatayotganlikda ayblaydi.

Demak, hozircha Sandigo yakka o’zi bolalarga g’amxo’rlik qilaveradi. Chunki ehtiyojlar kamaymaydi, to’xtamaydiyam.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Shu mavzuda

XS
SM
MD
LG