AQSh harbiylari dovul asoratlari bilan olishayotgan asosiy kuch

  • Amerika Ovozi

Milliy gvardiyachi jabrdiydalarga yordam ko'rsatmoqda

“Irma” dovuli Karib dengizidagi orollarni hamda Amerikaning janubi-sharqini qaqshatib, 45 dan ziyod odamning o’limiga sabab bo’ldi. Qutqaruv va yordam ishlari avjida, AQSh harbiylari ayniqsa katta shijoat ko’rsatmoqda.

30 mingdan ziyod harbiy Karib dengizi mintaqasi va AQShning Florida, Jorjiya, Janubiy Karolina va Alabama shtatlariga safarbar etilmoqda. Ularga “Irma” dovuli oqibatida zarar ko’rgan odamlarga yordam berish, jabrdiydalarni qutqarish vazifasi yuklangan.

Shimoliy Karolinadagi bazada joylashgan askarlar toshqinda yura oladigan, oziq-ovqat va anjomlar yuklangan katta yuk mashinalaridan iborat avtokarvon bilan janubga yo’l oldi.

Harbiylarning bir qismi AQShning Virgin orollariga uchdi. Yana bir qismi esa kema bilan Florida sohillari tomon yordam yetkazmoqda.

“Vaziyatni normal holatga qaytarishga harakat qilyapmiz”, - deydi Milliy gvardiya brigada generali Glenn Xegler.

Ikki hafta oldin Texasni qaqshatgan “Xarvi” dovuli asoratlari bilan Armiya va Harbiy-havo kuchlarining 14 ming gvardiyachisi shug’ullandi. “Irma” dovulidan keyingi yordam va qutqaruv ishlariga jalb qilingan harbiylarning taxminan yarmi milliy gvardiyachilar.

“Jarohat olganlarni evakuatsiya qilamiz, qidiruv-qutqaruv ishlari ham bizda, transport xizmatlarini ko’rsatamiz, aholi uchun zarur bo’lgan oziq-ovqat, suv, yoqilg’i va boshqa narsalarni tashiymiz, chunki do’konlar yopiq”, - deydi general.

AQSh qurolli kuchlari xorijdagi ikki urushda qatnashayotgan bir paytda Amerikaning o’zida ham ularning xizmatiga talab katta.

Glenn Xeglerning “Amerika Ovozi”ga aytishicha, joriy yil Milliy gvardiya uchun qiyin davr bo’ldi, ammo bundan ham og’irroq paytlar bo’lgan, deydi u.

“Katrina” dovuli paytida Iroq va Afg’onistondagi urushlarga anchagina ko’p harbiylar xizmatga chaqirilgan edi”, - deydi u.

Atlantika okeanida yana ko’p dovullarning paydo bo’lishi kutilar ekan, tabiiy ofat ko’p uchraydigan hududlar aholisi uzoq muddatli xotirjamlikka umid qilmoqda.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG