Breaking News

AQSh harbiylari virtual texnologiyalardan foydalanmoqda


AQSh harbiylari askarlarni tayyorlashda kiyiladigan sensorlar, virtual va kengaytirilgan voqelik kabi zamonaviy texnologiyalarga tez-tez murojaat qilmoqda. Janubiy Kaliforniya universitetida o'tgan anjumanda amerikalik ofitserlar yangi texnologiyalarga ehtiyoj oshib borayotgani haqida gapirdi.

Harbiy mashqlarda aql ham, tana ham qattiq ishlaydi. Ba'zan hatto inson hayoti boy beriladi.

"Urushdan ko'ra mashqlar paytida ko'proq askarlarni boy beryapmiz. Nega bunday? Ko'pincha, bu toliqishdan", - deydi podpolkovnik Uorren Kuk.

Bo'lajak askarlarni yaxshiroq va xavfsizroq tayyorlash uchun AQSh armiyasi taqiladigan sensorlar kabi texnologiyalarga e'tibor qaratmoqda, deydi armiya tadqiqot markazi vakili Sharlin Mello.

"Hozir sinov va baholash bosqichidamiz. Tekshirilayotgan jihozlarning aksariyati tijoriy mahsulotlar. Ruhiy ahvolni tekshiradigan tizimga sensorlar o'rnatganmiz. Ular yurakni o'lchash va boshqa muhim vazifalar bilan shug'ullanadi", - deydi u.

Harbiylar fikricha, bugungi texnologiya urushga yaxshi tayyorlanishga yordam beradi.

"Fan va texnologiya orqali yosh askar yoki matros hayoti uchun mavjud xavfni aniqlamoqchimiz", - deydi Kuk.

Virtual, kengaytirilgan va aralash voqelik texnologiyalarini harbiy jabhalarda ishlatish amaliyoti Janubiy Kaliforniya universitetida tekshiruvdan o'tkazilyapti. Odam harakatini tekshiradigan va unga ergashadigan dronlar ham sinovga qo'yilgan.

"Bioma'lumotlar asosida ko'rsatkichlarni aniqlashga erishsangiz, bu sportchilarning mashq qilish yo'llariga o'zgartirish kiritadi. Harbiylar tayyorgarligi va amaliyoti ham o'zgaradi. Hatto dunyo bilan aloqamiz boshqacha bo'ladi", - deydi tadqiqotchi Tod Richmond.

Montichello ismli virtual voqelik dasturi yordamida esa foydalanuvchi virtual ekspert bilan aloqa qiladi.

"Xavfli hududda bo'lsangiz va xavfsiz hamda xavfli joylarni aniqlash vazifangiz bo'lsa, kengaytirilgan voqelik yordamida yo'lakni rasmga olishingiz mumkin. Virtual ekspert shu joylarni xavfli yoki xavfsiz deb belgilab qo'yadi", - deydi tadqiqotchi Adam Rayli.

Qo'mondonlar bu texnologiyalarning kelajakda qo'l kelishidan umidvor, chunki yaxshi tayyorgarlik urushda g'alaba demakdir.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG