Breaking News

AQShda yo'qsil bemorlarni kim davolaydi?


Yangi tadqiqotga ko’ra, AQShda kambag’al bemorlarning aksariyatini qora tanli, ispanzabon va kelib chiqishi osiyolik bo’lgan shifokorlar davolaydi. Izlanish o’tkazgan olimlar fikricha, soni tobora oshib borayotgan kambag’allarni davolash uchun etnik va irqiy ozchilik guruhlariga mansub doktorlar sonini ko’paytirish kerak.

Garvard universiteti olimlari 7000 bemor ishtirokida o’tkazgan tadqiqot natijasida etnik ozchilik guruhlarga mansub shifokorlarning 54 foizi kambag’al bemorlarni davolagani aniqlangan. Ona tili ingliz tili bo’lmagan amerikaliklarning 70 foizi shunday doktorlarga murojaat qilgan.

Etnik va irqiy ozchilik guruhlari deganda kelib chiqishi osiyolik, ispanzabon hamda qora tanli doktorlar nazarda tutiladi. Bunday bemorlar o’z irqi yoki elatiga mansub doktor tomonidan davolanishni afzal ko’radi.

Izlanishning bosh muallifi Lidonna Marrast buning sabablari aniq emas, deydi.

“Bemorlarga bog’liqmi bu yoki shifokorlarga? Biz to’plagan ma’lumot bu savolga javob bermaydi. Biz faqat faraz qilishimiz mumkin. Aslida sabab ikkala tarafda bo’lishi kerak –xususiy klinikalarni qayerda ochishni doktorlar hal qiladi, bemorlar esa o’zi shifokor tanlaydi”, - deydi u.

Ozchilik guruhlariga mansub shifokorlarning kelib chiqishi, ko’pincha, bemorlarniki bilan bir xil. Bunday mutaxassislar o’zlari bemor tanlaydi, deydi Marrast.

Ammo muammo shundaki, kambag’al bemorlar soni ularni davolaydigan mutaxassislar sonidan ko’proq. AQSh Kongressi tibbiy sug’urtasi yo’q amerikaliklarga yordam berishga qaror qilganidan keyin holat yanada og’irlashdi. Ozchilik guruhlariga mansub doktorlar vaziyatni yaxshilashda qo’l keladi, deydi u.

“Bunday shifokorlarning aksariyati kambag’al bemorlarni davolaydi. Demak, muammo yechimi ozchilik guruhlarga mansub doktorlar sonini ko’paytirishda”, - deydi tadqiqotchi.

Bu esa o’quv yurtlarining tibbiyot fakultetlari irqiy va etnik ozchilikka mansub talabalar sonini oshirishi kerakligini anglatadi, deydi Marrast.

Izlanish natijalari AQShning “JAMA Internal Medicine” jurnalida chop etildi.
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG