Breaking News

AQShning Osiyodagi floti janjal markazida


AQSh sudida Harbiy-dengiz flotida poraxo’rlikka oid ish ko’rilmoqda. Singapurlik ikki biznesmen hamda AQSh dengizchilari Amerika kemalarining Osiyo portlaridan foydalanishi uchun millionlab dollar pul olgan. Ish katta shov-shuvga sabab bo’ldi. Gap harbiy xavfsizlik haqida ketayotgan bo’lishi mumkin.

AQSh federal sudi juma kuni o’zining dastlabki yig’inida flot qo’mondonlaridan biri Maykl Mizevits, flot tergovchisi Jon Bellvo va mudofaa masalalari bo’yicha pudratchilar Leonard Fransis va Aleks Visidigamalar ishini ko’rib chiqadi. To’rtovlon pora olish maqsadida til biriktirishda ayblanmoqda. Hech biri aybiga iqror bo’lmoqchi emas.

Prokurorlarga ko’ra, Singapurda joylashgan “Glenn Defense Marine Asia” (GDMA) pudratchi kompaniyasi dengizchilarni sovg’a tariqasida fohishalar xizmati, qimmat sayohatlar va konsertga chiptalar bilan ta’minlagan.

Ayblovga ko’ra, o’z navbatida Mizevits Yaponiyada joylashgan flot kemalarini Indoneziya, Malayziya va Tailand portlariga olib borgan. So’ngra kompaniya AQSh flotidan oziq-ovqat, yonilg’i, axlatni kemalardan olib chiqish va boshqa xizmatlar uchun qalbaki invoyslar va tariflar orqali millionlab dollar to’lashni talab qilgan.

Flot tergovchisi Jon Bellvo kompaniya rahbari Leonard Fransisga maxfiy ma’lumot uzatganlikda ayblanmoqda.

Bu AQSh Harbiy-dengiz floti tarixidagi eng katta mashmasha, deydi Avstraliya Mudofaa kuchlari akademiyasining sobiq professori Karl Teyer.

“Albatta, o’tmishda ayrim shaxslarning maxfiy ma’lumotni o’zi bilmagan holda oshkor etib yuborgan hollari bo’lgan. Lekin bunday keng ko’lamli va shu qadar puxta tashkil etilgan jinoyatni men eslolmayman”.

Qo’mondon Uilyam Marks AQShning Yaponiyada joylashgan 7-floti vakili. Janjaldagi ayblovlar haqiqatan ham AQSh floti obro’siga putur yetkazishi mumkin, deydi u.

“Biz, flotdagilar, qiyin ahvolga tushib qoldik. Ammo biz doimo eng yuqori mezonlarga javob berib kelganmiz va bu haqida g’urur bilan gapiramiz. Flotda tartib doim kuchli bo’lgan. Zobitlar mas’uliyati biz uchun ustuvor masala”.

Ayblovlar oqibatida AQShning yaqin hamkori Avstraliya hodisaning o’z flotiga ko’rsatgan ta’sirini o’rganishga majbur bo’ldi. GDMA kompaniyasi Osiyo davlatlari va Avstraliya flotlariga 25 yildan buyon Vladivostokdan Sidneygacha bo’lgan portlarda xizmat ko’rsatib keladi.

Teyerning aytishicha, AQSh floti bilan bog’liq bu ish oqibatida harbiylar va pudratchilar o’rtasidagi aloqalar qayta o’rganib chiqiladi.

“Bu alohida bir ish, AQSh flotiga xos jarayon emas. Vaqti-vaqti bilan bo’lib turadigan narsa. Ammo endi eng asosiy masala – mashmashaning xavfsizlikka ta’siri. Axir gap AQSh harbiy kemalarining harakatlari haqida ketyapti”.

To’rt ayblanuvchi sentabr va oktabr oylarida hibsga olingan edi. Tergov esa undan ham oldinroq, 2010-yilda, flotdagi xarajatlar yuzasidan birinchi shubha tug’ilganida boshlangan. O’shanda GDMA kompaniyasi AQSh harbiy floti rahbariyatiga Tailand floti bilan mashqlar o’tkazilganida pristanlardan foydalanganlik uchun 110 ming dollarlik chek yuborgan, vaholanki ikki davlat o’rtasida bunday xizmatlarni bepul ko’rsatish haqida sharnoma bor.

Sud aybovlarni asosli deb topsa, to’rt ayblanuvchi besh yilgacha qamoq muddatiga mahkum etilishi mumkin.
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG