Breaking News

AQSh qurol uyushmasi nazorat kuchayishiga qarshi


Shu hafta boshida Texas shtatining Xyuston shahrida AQSh Milliy qurol uyushmasi konvensiyasi bo’lib o’tdi. Unda uyushmaning 70 mingdan ziyod a’zosi qatnashdi. E’tibor markazida qurol nazorati atrofidagi munozaralar bo’ldi.

Qurol uyushmasi konvensiyasi, Behzod Muhammadiy
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:03:06 0:00
Yuklab oling

Milliy qurol uyushmasi tadbiriga butun mamlakatdan vakillar yetib keldi. Uyushma rahbari Veyn LaPyerning aytishicha, ular AQSh konstitutsiyasining quroldan foydalanishni kafolatlovchi qismini himoya qilish uchun yig’ilgan.

“Biz hech qachon o’z huquqlarimiz va qurol sohiblari huquqlarining cheklanishiga yo’l qo‘ymaymiz”, - deydi tashkilot rahbari.

Bundan bir necha hafta oldin AQSh Kongressi qurol nazoratini kuchaytirishni ko’zlaydigan qonun loyihasini rad etgan edi. Noyabr oyida Nyutaun shahrida ro’y bergan qirg’inda 20 dan ziyod yosh bola nobud bo’lganidan keyin ko’plar, shu jumladan, prezident Barak Obama ham o’qotar qurol nazoratini kuchaytirishga da’vat etib kelmoqda.

Texasdan respublikachi senator Ted Kruz qonun loyihasiga qarshi chiqqanlardan.

“Zo’ravon jinoyatchiga bor kuchimiz bilan qarshi chiqamiz. Lekin ayni vaqtda qonunga rioya qilayotgan fuqarolar huquqlarini tish-tirnog’imiz bilan himoya qilishga tayyormiz”, - deydi u.

Konvensiyada qatnashayotgan 70 mingdan ziyod odamning aksariyati qurol nazoratiga qarshi.

Vashington shtatidan kelgan Stivga ko’ra, qurol nazoratini kuchaytirish uni egasidan tortib olishdek gap.

“Barcha qurollar ro’yxatga olinishi kerak, deyilmoqda. Boshqa mamlakatlarda kimda qurol bor, deb savol berilganida natija qanday bo’lgani ma’lum”, - deydi u.

Stiv, shuningdek, o’qotar qurollar, jumladan, yarim avtomat miltiqlardan foydalanish imkoniyati cheklanishidan xavotirda.

“Bu turdagi qurolni qo’rqinchli, deb targ’ib qilishyapti. Odamlar ham shunday fikrga kelishi mumkin. Erkinliklar cheklanishi hech gap emas”, - deydi u.

Ammo tadbirda qurol nazoratini quvvatlayotganlar ham bor.

“Qurol sotib olayotgan odamni tekshirish kerak. Buning zarari yo’q, menimcha. Aksincha, qonunlarning amal qilishi yaxshilanadi,” – deydi Ramona ismli fuqaro.

So’rovlarga ko’ra, Milliy qurol uyushmasiga a’zo besh million odamning aksariyati Ramona bilan hamfikr.

Qurol nazorati kuchaytirilsin, deydi Nyutaun qirg’inida oila a’zosini yo’qotgan Erika Lafferti.

“So’nggi so’rovlarga ko’ra, uyushma a’zolarining 74 foizi qurol sotib olmoqchi bo’lgan odam tekshiruvdan o’tishi kerak, deb fikr bildirgan. Ammo uyushma rahbarlari boshqacha fikrlaydigan ko’rinadi”, - deydi u.

Muammoni hal etish oson bo’lmaydi. Chunki ko’plab amerikaliklar yoshligidan ov yoki himoya uchun qurol ishlatishga o’rgangan. Boshqalar esa qurolning bolalar va jamiyat uchun xavfli ekanini aytadi.
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG