Breaking News

“Qizil tanlilar” futbol jamoasi uchun mos nommi?


Poytaxt Vashington futbol jamoasining nomi yillar davomida bahs-munozaralarga sabab bo’lib keladi. Ingliz tilida “qizil tanlilar” ma’nosini beradigan “Redskins” so’zi tub aholi uchun haqoratli. Faollar komanda nomini o’zgartirishga chaqirib, mamlakat bo’ylab namoyishlar uyushtirmoqda.

Tub aholi huquqlarini himoya qiluvchi tashkilotlar Vashingtonning professional futbol jamoasiga bosimni oshirmoqda. “Redskins”, ya’ni “qizil tanlilar” iborasi ular nazarida qabilalarni haqorat qilish uchun ishlatiladi.

Rey Halbritter – Nyu-York shtatidan, Onida qabilasi vakili, huquq himoyachisi.

“XXI asrda sport jamoasining nomi tahqirlovchi so’z bo’lsa, buni qanday tushunish mumkin?! E’tirozlarga, uni o’zgartiring degan chaqiriqlarga ular beparvo. Ular mamlakatimiz poytaxti timsoli axir”.

Jamoa egasi Den Snayder nomni o’zgartirmaymiz deb qayta-qayta aytgan. Amerika hindularini haqoratlashdan yiroqmiz, aksincha, ularni ulug’laymiz, deydi u. Futbol shinavandalari esa iqrchilik deb jamoa tarafdorlari kamayishi mumkinligidan xavotirda.

“Amerika Ovozi” muxbiri Mayk Richman bu komanda tarixiga bag’ishlab ikkita kitob yozgan.

“Redskins tarafdorlarini, shu jumladan meni ham bilvosita irqchi sifatida ko’rishyapti. Jamoani, uning nomini qo’llab-quvvatlash u yoki bu irqni haqoratlash degani emas axir”.

Tanqidchilar Vashington futbol komandasi Kolorado shtatining Denver shahrida o’tgan o’yin paytida norozilik namoyishlari uyushtirdi. Ular sportni yorituvchi jurnalistlarni, jumladan “San Francisco Chronicle” gazetasini “Redskins” so’zini ishlatmaslikka ko’ndirdi.

Odri Kuper gazeta muharriri:

Bu tahqirlovchi so’z, biz uni tilga olmaymiz”

Prezident Barak Obama ham tub aholi yonini olib, agar jamoa sohibi bo’lganimda, nomini o’zgartirish haqida o’ylab ko’rgan bo’lardim, deydi.

“Nomga o’rganib qolgan bo’lsak-da, odamlarning xavotir va noroziligida asos bor. Demak, o’zgartirish kerak”.

AQSh futbol ligasi rasmiysi Rojer Gudell masalani o’rganib chiqishini aytgan, biroq oxir-oqibat o’zlarini qanday nom bilan atash jamoaning o’ziga va uning egasiga havola, deydi u. Huquq tashkilotlari va faollar maqsadga erishmaguncha bosim va namoyishlarni davom ettirmoqchi.
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG