Breaking News

AQSh diniy komissiyasi: O'zbekiston qayta qora ro'yxatga kiritilsin


AQSh-O'zbekiston: Diniy erkinlik masalasi hamon dolzarb
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:06:41 0:00

AQSh-O'zbekiston: Diniy erkinlik masalasi hamon dolzarb

Xalqaro diniy erkinlik bo’yicha AQSh komissiyasi (USCIRF) taqdim etgan yangi hisobotda e’tiqodni keskin ravishda cheklayotgan 10 davlat tilga olinadi – Birma, Xitoy, Eritreya, Eron, Shimoliy Koreya, Pokiston, Saudiya Arabistoni, Sudan, Tojikiston va Turkmaniston.

O’nlab mamlakatlarda diniy ahvolni kuzatib, AQSh prezidenti, davlat kotibi va Kongressga maslahat beruvchi mustaqil komissiya yuqoridagilar qatorida yana olti davlatni “alohida xavotirga molik” degan ro’yxatga kiritishga chaqirmoqda. Bular – Markaziy Afrika Respublikasi, Nigeriya, Rossiya, Suriya, O’zbekiston va Vyetnam.

Xalqaro diniy erkinlik bo’yicha komissiyaning yillik hisobotlaridan nafaqat AQSh hukumati, balki keng jamoatchilik ham ma’lumot manbai sifatida foydalanadi. Maxsus ro’yxatdagi davlatlar sanksiyalar bilan yuzlashishi mumkin.

“Diniy erkinlikni poymol etayotgan mamlakatlarga e’tibor qaratish bilan cheklanmaymiz, balki AQSh hukumatiga konkret choralar ko’rishni tavsiya etamiz”, - deydi komissiya raisi Tenzin Dorje.

2019-yilda besh tashkilot va guruhni ham qora ro’yxatga qo’shish so’raladi – “Islomiy davlat”, Tolibon harakati (Afg’oniston), Al-Shabab (Somali), hutiylar (Yaman) va Hay’at Tahrir al-Sham (Suriya).

2018-yilning noyabrida AQSh Davlat departamenti O’zbekistonni diniy erkinliklar bo’yicha alohida tashvishga molik davlatlar ro’yxatidan chiqarib, maxsus kuzatuv ostidagi mamlakatlar ro’yxatiga kiritgan edi.

Bu qaror oldidan AQShning diniy masalalar bo’yicha maxsus vakili Sem Braunbek boshliq delegatsiya O’zbekistonga safar qilib, Prezident Shavkat Mirziyoyev va boshqa rasmiylar bilan muloqot qilgan. “Amerika Ovozi” bilan suhbatda (intervyu) Braunbek mamlakatda diniy erkinlik bobida “ijobiy jarayonlar” boshlanganini qayd etgan edi.

Biroq Xalqaro diniy erkinlik bo’yicha komissiya xulosasiga ko’ra, O’zbekiston qora ro’yxatga qayta kiritilishi kerak. 2018-yilda mamlakat islohot yo’lidan borishda davom etdi va ijobiy o’zgarishlar bor, lekin mavjud muammolar jiddiy xavotir uyg’otadi, deyiladi hisobotda.

Komissiya, xususan, diniy ekstremizm aybi bilan minglab musulmonlar panjara ortida qolayotgani, Prezident Mirziyoyev boshqaruvi davrida afv etilganlar o’z nomini oqlashi uchun hech qanday mexanizm yo’qligi, hijobga qo’yilgan cheklovlar va huquq-tartibot organlari tomonidan nasroniy jamoalarning ta’qib qilinishini qayd etadi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG