Breaking News

Sharqiy Quddus va G'arbiy sohil Falastinga berilishi mumkin


Quddus
Quddus

Isroil televideniyesi tarqatgan xabarga ko'ra, AQSh Prezidenti Donald Trampning Yaqin Sharq tinchlik rejasi bosib olingan G'arbiy sohilning 90 foizini o'z ichiga oluvchi hududda Falastin davlati tuzilishini yoqlaydi. Yangi davlatning poytaxti Sharqiy Quddus bo'ladi, lekin u muqaddas joylarni o'z ichiga olmaydi, deyiladi xabarda.

Rejani ommaga oshkor qilishni istamay kelayotgan Oq uy Isroilning "Reshet 13" kanalida berilgan bu ma'lumotni "to'g'ri bo'lmagan taxmin" deb atadi.

Ma'lumotni amerikalik manbalardan olganini da'vo qilgan telekanalga ko'ra, Isroil G'arbiy sohildagi uy-joy qurilgan yahudiy posyolkalar egaligini saqlab qoladi, lekin bo'sh hududlarni Falastinga qaytarib berishi hamda yangi boshlangan qurilishlarni to'xtatishi kerak.

Hudud almashish

Tramp ayrim hududlarni Isroil ixtiyorida qoldirish orqali yangi rejani amalga oshirishi aytilgan. Masalan, Sharqiy Quddusning musulmon, yahudiy va nasroniylar yashovchi Eski shahar qismi Isroil hududi deb e'lon qilinadi, lekin Falastin va Iordaniya bilan birgalikda boshqariladi.

Shaharning arablar yashovchi ko'plab mahallalari Falastinga beriladi. Isroil Quddusning barcha hududlarini o'zining "abadiy va bo'linmas poytaxti" deb iddao qilsa-da, uning bu da'vosi xalqaro miqyosda tan olinmagan.

Falastinliklar Sharqiy Quddusni, xususan, Eski shahardagi Al-Aqso masjidi joylashgan hududni o'z davlatining poytaxti bo'lishini talab qiladi.

Xabarda falastinlik qochqinlar yoki "Xamas" guruhi nazorati ostidagi G'azo sektori taqdiri haqida ma'lumot berilmagan.

Tomonlar izoh bermadi

Isroil va Falastin rasmiylari "Reshet 13" kanalidagi xabar yuzasidan izoh bermadi.

Trampning Yaqin Sharq bo'yicha vakili Jeyson Grinblat "Twitter" orqali bu ma'lumotlarni "to'g'ri emas" deb atadi. Lekin aynan qaysi ma'lumot xato ekani haqida izoh bermadi.

"Reja mazmuni haqida taxminlardan foyda yo'q. Hozircha rejada nimalar borligini yer yuzida juda kam odam biladi. Soxta, buzilgan yoki bir tomonlama xabarlarni matbuotga chiqarish mas'uliyatsizlik va jarayonga salbiy ta'sir ko'rsatadi", - deb yozdi Grinblat.

Saylovgacha aniq emas

Isroilning BMTdagi elchisi Denni Denon fikricha, Tramp rejasi Isroilda 9-aprelda bo'ladigan saylovlardan oldin e'lon qilinmaydi.

Ommaviy so'rovlarga ko'ra, saylovda Bosh vazir Benyamin Netanyaxu beshinchi muddat uchun osonlikcha g'alaba qozonishi kutilyapti. Netanyaxuning AQSh vositachiligida Falastin Prezidenti Mahmud Abbos bilan boshlagan muzokaralari 2014-yilda to'xtab qolgan edi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG