Breaking News

Amerikalik oilalar boqib olgan bolalari bilan Rossiyada


Rossiyalik bola amerikalik ota-onasi bilan
Rossiyalik bola amerikalik ota-onasi bilan
Rossiya prezidenti Vladimir Putinning amerikaliklarga rossiyalik yetimlarni boqib olishni man qilishi ikki davlat o’rtasidagi munosabatlarni nihoyatda taranglashtirdi. Ammo rasmiylar qarori oqibatlarini oddiy insonlar mehri yumshatayotgan ko’rinadi.

Shu yil boshida Kreml amerikaliklarga rossiyalik bolalarni boqib olishni taqiqlash haqida qonun chiqardi. Bu ham Amerikada, ham Rossiyada jiddiy tanqidlarga uchradi. Moskvada namoyishlar bo’lib o’tdi. Norozilarga ko’ra, hukumat siyosiy o’yinlarni deb yetimlar taqdiriga befarq qarayapti.

Prezident Putin aslida AQShning inson huquqlari borasidagi qonunlaridan norozi edi.

“Bilasiz, Rossiyaga qaraganda hayot darajasi ancha balandroq bo’lgan o’lkalar ko’p. Xo’sh, nima bo’pti? Bolalarimizni o’sha yerga yuborishimiz kerakmi? Yoki o’zimiz u yerga ko’chib ketishimiz kerakmi?” – deya pisanda qiladi Rossiya rahbari.

Yoz ham keldi, lekin taqiq bekor qilinganicha yo’q. Ammo kayfiyatlar o’zgargan ko’rinadi.

Iyul o’rtalarida 15 amerikalik oila Rossiyaga safar qildi – shu mamlakatdan boqib olingan farzandlari bilan. Tug’ilgan joyini bilsin, tanisin, deydi amerikalik ota-onalar.

Moskvada ular sayyoh va kelin-kuyovlar barobarida Qizil maydonni aylandi.

Loren Tompson boqib olgan o’g’li Andreyni olib keldi.

“Odamlar bizni rus emas, amerikalik ekanimizni bilganida ham bizga yaxshi munosabatda bo’lyapti”, - deydi u.

Bolalar o’z oilasi tarixini bilishi kerak, deydi ayol.

“Biz bu yerga kelish haqida bir necha yil o’yladik. Andrey doim tug’ilgan joyi haqida so’ragan, qiziqqan”, - deydi ona.

Amerikaliklar Rossiyadan bola boqib olganida davlat rasmiylari ulardan bola qayerda tug’ilganini bilsin, buni yashirmang, deb talab qo’ygan.

Shunga qaramay, amerikaliklar tomonidan boqib olingan to’rt bola Rossiyaga kelish uchun viza ololmadi.

“Biz buni tushunmadik. Qarorni o’zgartirishni ham so’ray olmadik, chunki rad javobi sababi aniq emas”, - deydi Sara Got.

Sara Got Rossiyaga sayohatni tashkil etgan Amerika kompaniyasi rahbari. Uning aytishicha, Rossiyaning ichida odamlar ularni yaxshi kutib olgan.

“Barcha tug’ruqxonalar, kasalxona va oilalar biz bilan uchrashishga rozi bo’ldi”, - deydi u.

Ayrim bolalar tuqqan onasi bilan ham uchrashdi.

“Men doim meni kim tuqqan, deb qiziqqanman. Albatta, har bir bola buni bilgisi keladi. Lekin bu haqda ko’p o’ylamaganman,” – deydi bolalardan biri Alli.

Allini boqib olgan otasi Jon Rossiyaga kelgach, ko’pgina savollarga javob topdik, deydi.

“Biz qizimiz savol bersin, qiziqqanini so’rab, javob topsin, deymiz. Oramizda hozir ham, kelajakda ham hech qanday muammo bo’lmasligi uchun shunday qilish lozim”, - deydi amerikalik ota.

Sayohat muvaffaqiyatli kechayotganiga qaramay, oilalar Kreml qaroridan hamon norozi.

“Kim bolani ota-onali bo’lish imkonidan mahrum etadi?! Men buni tushunishga ojizman,” – deydi Allining amerikalik onasi.

Mamlakat ichida va tashqarisida qattiq tanqid qilingan Kreml rossiyaliklarni yetimlarni o’zlari boqib olishga undamoqda.
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG