Breaking News

General: AQSh harbiy ustunlikni Rossiyaga boy berishi mumkin


Rossiyaning o'z harbiy salohiyatini oshirish tomon tashlayotgan qadamlari AQSh va Yevropani xavotirga solmoqda. Ayrim harbiy rahbarlar ta'biricha, Moskva yaqin orada Amerikaga bas kelishi ham mumkin.

Hozir asosiy e'tibor Rossiyaning yadro arsenalida. Yaqinda Prezident Vladimir Putin AQShning raketa hujumiga qarshi mudofaa tizimlarini yorib o'tadigan qurollar borligi haqida maqtangan edi.

"Dengizda, quruqlikda va havoda Rossiyaning tobora yangi harbiy texnikasi Sovuq urush davridan beri kuzatilmagan darajada faollashgan", - deydi Kurtis Skaparotti, AQShning Yevropadagi qo'shinlari qo'mondoni.

Moskva an'anaviy qurollarini ham yangilab, o'tgan yillar ichida Ukraina va Suriya kabi mamlakatlarda ularni sinovdan o'tkazdi. Amerika ustunlikni qo'ldan boy bermasin, dedi Kongressda so'zlagan general.

"Aks holda, Rossiya 2025-yilga borib dengizda ham, quruqlik va havoda ham harbiy jihatdan AQShga yetishib oladi", - deydi Skaparotti.

"Rend" markazi yaqinda chiqargan tahlilnomaga ko'ra, ayniqsa Sharqiy Yevropa xavf ostida. Moskva hujumga o'tsa, NATO qo'shinlari son jihatdan ham, texnika jihatdan ham bas kelolmaydi.

Yevropa sharqida rus askarlari taxminan 78 mingni tashkil etadi, NATOniki esa 32 ming.

Rossiya Qrimni bosib olishi ketidan Qo'shma Shtatlar Yevropada harbiy faollikni oshirgan va 2019-yilgi byudjetida shu maqsadda 6,5 milliard dollar ajratishni ko'zlamoqda.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG