Breaking News

Mattis: AQShning harbiy ustunligi yemirilib boryapti


AQShning "B-1 Lancer" bombardimonchi samolyoti

AQSh Mudofaa vaziri Jim Mattisning aytishicha, Qo'shma Shtatlar harbiy raqobatdagi ustunlikni Xitoy va Rossiyaga boy berib bormoqda.

"AQSh milliy xavfsizligida asosiy e'tibor hozir terrorizmga emas, buyuk davlatlar raqobatiga qaratilgan", - dedi Mattis Vashingtonda o'tgan uchrashuvda.

Bu haqda u Tramp ma'muriyati Milliy mudofaa strategiyasining bir qismini ommaga oshkor qilishi ortidan gapirdi.

Uning qo'shimcha qilishicha, Amerika raqobatbardoshligini oshirish, urushga tayyorgarlik holatini yaxshilash bilan birga yanada kuchliroq qurollarni yaratish lozim.

"Bizning armiyamiz hanuz kuchli, lekin barcha jabhalarda - havo, quruqlik, dengiz, fazo va kiber janggohlardagi ustunligimiz yemirilib bordi. Tarix bizga ko'rsatyaptiki, Amerika jang maydonida aniq g'alaba qozonishiga kafolat yo'q", - dedi Mattis.

Ommaga oshkor qilingan hujjatda Xitoy aldamchi iqtisodiy siyosat yuritishdan tortib qo'shnilarga zug'um o'tkazishgacha ayblanadi.

Rossiya esa qo'shnilar chegaralarini buzib, NATOni zaiflashtirish orqali Yevropa va Yaqin Sharqdagi xavfsizlik tartibini o'ziga mos shartlar asosida o'zgartirishga intilmoqda, deyiladi hujjatda.

Mattis Shimoliy Koreya va Eron kabi mamlakatlarni oz xalqiga zulm qilish bilan birga mintaqaviy va global barqarorlikka tahdid solayotgan rejimlar deb atadi.

Avvalgi ikki prezident davrida harbiylar uchun eng asosiy vazifa terrorizmga qarshi kurash bo'ldi. IShID Suriya va Iroqda butkul yo'q qilinmagan ekan, terrorchilar Vashington uchun hanuz katta muammo. Ayni paytda AQShning yangi mudofaa strategiyasida Amerika armiyasini "zamonga moslashtirish" asosiy maqsadlardan biri sifatida tilga olingan.

Qurol-aslahani zamonaviylashtirish vazifasi doirasida yadro arsenaliga, raketaga qarshi mudofaa tizimlariga hamda fazo va kiberxavfsizlikka asosiy e'tibor qaratiladi.

Shuningdek, deydi Mattis, AQSh xavfsizlik mas'uliyati uchun yetarli darajada o'z hissasini qo'shgan mamlakatlar bilan ittifoqchi bo'lishni davom ettiradi; ayni paytda dunyo bo'ylab yangi hamkorlar qidiradi.

"Bugungi demokratik davlatlar va hamkorlarning o'sib borayotgan iqtisodiy quvvati ularni xavfsizlik uchun ko'proq hissa qo'shishga undaydi", - dedi AQSh mudofaa vaziri.

Mattisga ko'ra, AQSh harbiy amaliyotlari hamkorlar uchun do'stona va ochiq bo'ladi. Biz yangi fikr va takliflarni ham qabul qilamiz, dedi rasmiy.

"Hamma yaxshi g'oyalar faqat dunyoning eng ko'p avianosetsiga ega davlatdangina chiqmaydi", - dedi u.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG