Breaking News

AQSh qurol nazoratiga doir kelishuvdan chiqishini e'lon qildi


Rossiyada raketalar namoyishi, 23-yanvar, 2019

Qo’shma Shtatlar o’nlab yildan buyon yadro qurollarining ayrim turlarini taqiqlab kelgan kelishuvdan chiqishini e’lon qildi. Qaror yangi qurol poygasiga turtki beradi, degan xavotirlar yangramoqda. Kelishuvdan rasman chiqish jarayoni olti oy vaqt oladi.

O’rta masofali yadroviy qurollarni nazorat qilish to’g’risidagi kelishuv 1987-yilda Rossiya bilan imzolangan. 500 kilometrdan 5500 kilometrgacha uchadigan ballistik raketalarni ishlab chiqarish, sinovdan o'tkazish va ishlatishni taqiqlaydi.

Davlat kotibi Mayk Pompeoga ko’ra, 2-fevraldan boshlab AQSh 32 yillik ushbu shartnomaga amal qilishni to’xtatadi. Prezident Donald Tramp Rossiyani ushbu hujjat shartlarini buzganlikda ayblagan. Moskva bunday da’volarni inkor etadi.

“Rossiya o’rta masofali yadroviy qurollarga doir kelishuvga anchadan buyon amal qilmay qo’ygan. Bu davlatning man etilgan raketa tizimini maxfiy ravishda ishlab chiqishi va ishga solishi ittifoqchilarimizni va xorijdagi askarlarimizni xavf ostiga qo’yadi”, - deyiladi Oq uy bayonotida.

Agar Rossiya taqiqlangan raketalar va ularni tashuvchi sistemalarni yo’q qilib, kelishuvga bo’ysunishini namoyish etsa, Vashington kelasi 6 oy ichida qarorini o’zgartirishi mumkin. Bayonotda, shuningdek, AQSh qarorini uning NATOdagi ittifoqchilari to’la qo’llab-quvvatlashi bildirilgan.

Qurol poygasi haqidagi xavotirlarni izohlar ekan, AQSh bosh diplomati Mayk Pompeo poyga Rossiyaning xatti-harakatlari tufayli allaqachon boshlanganini ta'kidladi. Ikki tomon birderk amal qilmaydigan bitimdan foyda yo’q, deydi u. Moskva va Vashington ikki oydan beri bu masala yuzasidan muzokara qilayotgan edi, ammo samarasiz.

Kreml so’zlovchisi Dmitriy Peskov deydiki, AQSh jiddiy muzokaraga kirishgani ham yo’q.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG