Breaking News

AQSh-Rossiya: "Ijobiy" uchrashuv ketidan elchilar o'z joyiga qaytadi


Yevropaga safari yakunida Jo Bayden Rossiya rahbari Vladimir Putin bilan uchrashdi. Shveysariyada o’tgan ilk yuzma-yuz uchrashuvni har ikkisi “ijobiy” va “konstruktiv” deya ta’riflamoqda. Oradagi keskinlikni kamaytirish uchun elchilarni o’z joylariga qaytarishga kelishib olingan.

Taxminan uch soat davom etgan muloqotdan so’ng prezidentlar har biri alohida matbuot anjumani o’tkazdi. Qo’shma bayonotga ko’ra, munosabatlar tarang bir holatda ham tomonlar umumiy maqsadlar sari olg’a qadam tashlay oladi.

"Yaqinda muddati uzaytirilgan Yangi START bitimi yadroviy qurollarni nazorat qilish istagimizni ko'rsatadi. Yadroviy urushda hech bir tomon g'alaba qilmaydi va bunday urushga aslo yo'l qo'ymaslik tamoyilini tasdiqlaymiz", - deyiladi unda.

Vladimir Putinning aytishicha, uchrashuv adovatdan xoli muhitda o’tib, ikki liderning bir-birini tushunishga intilishini namoyish etgan. Unga ko’ra, aloqalar bundan buyon yaxshilanadimi, yo’qmi, aytish qiyin, biroq o’zaro ishonch paydo bo’lishiga oz bo’lsa-da umid bor.

Rahbarlar bir-birini o’z mamlakatiga taklif etmagan.

Putindan keyin so’zlagan Jo Baydenning ta’kidlashicha, “hech narsa yuzma-yuz dialog o’rnini bosa olmaydi”. Uchrashuvda u kiberxurujlar va inson huquqlariga alohida urg’u bergan.

“Orada kelishmovchilik yuz berganda Prezident Putin so’zlarim va qarorlarim ortidagi sabablarni, Amerika manfaatlariga ziyon keltiruvchi harakatlarga qanday javob berishimizni tushunishini istayman. Prezident Putinga aytdimki, men ko’zlayotgan maqsadlar Rossiyaga yoki boshqa bir tomonga qarshi qaratilmagan, balki Amerika xalqi manfaatlarini ko’zlaydi”, - dedi Bayden.

Rossiya rahbari aksar masalalarda yon bermadi. Qamoqdagi muxolifat yetakchisi Aleksey Navalniy haqida gapirayotib, uning ismini aytishdan bosh tortdi.

“U qonuniy talablarni bajarmadi. Ushbu janob davolanish uchun chet elga ketdi. Kasalxonaga yetib borishi bilan videolarini internetda tarqatdi, lekin qonunga ko’z yumdi. Buni bila turib Rossiyaga qaytdi. U ikki bor sudlangan”, - dedi Putin Navalniy haqida.

Bayden agar muxolifatchi qamoqda vafot etsa, buning oqibatlari Rossiya uchun “halokatli” bo’lishi haqida ogohlantirdim desa-da, aynan qanday chora ko’rishi haqida to’xtalmadi.

Matbuot anjumanida Navalniyga tegishli tashkilot va uning tarafdorlari bosimga uchrayotgani haqida so’ralganida, Vladimir Putin AQShdagi “Qora tanlilar hayoti ham muhim” harakati uyushtirgan namoyishlar va 6-yanvarda Kapitoliyga qilingan hujumni tilga oldi.

“Shtatlarda bo’layotgan voqealar yuzasidan hamdardmiz, ammo Rossiyada ham bunday bo’lishini istamaymiz”, - deydi u.

Baydenga ko’ra, Putinning bu boradagi mulohazalari “kulgili” va AQSh inson huquqlari mavzusini ko’tarishda davom etadi.

Kiberhujumlar haqida gap ketganda, Jo Bayden fikricha, ikki mamlakat strategik ahamiyatga ega obyektlarga hujum qilmaslik borasida kelishib olishi lozim. U suv zaxiralari va energetika kabi infrastrukturaning 16 sektorini tilga oldi.

“Hujumdan xoli bo’lishi kerak bo’lgan sektorlarni belgilab olishni ikki mamlakat mutaxassislariga topshirishga kelishib oldik. Kiberxavfsizlik sohasida tartib o’rnata olamizmi, ko’ramiz”, - deydi AQSh rahbari.

Prezident Putin so’nggi payt AQShda ro’y bergan qator kiberhujumlar Rossiya hududida amalga oshirilganini rad etib, aksincha, Rossiya AQSh va G’arb tomonidan kiberhujumlarga uchrayotganini da’vo qildi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG