Breaking News

Hisobot: Oq uy Riyodga yadro texnologiyasi sotishni muhokama qilgan


Milliy xavfsizlik bo'yicha sobiq maslahatchi Maykl Flin

Oq uy rasmiylari Saudiya Arabistoniga bir necha milliard dollarlik yadro texnologiyasini sotishni taklif qilgan. AQSh xavfsizlik idoralarining ogohlantirishiga qaramay, Saudiya Arabistonida yadro reaktori qurish rejasi muhokama qilingan.

AQSh Vakillar palatasining Nazorat qo'mitasi e'lon qilgan hisobotga ko'ra, o'sha paytdagi Milliy xavfsizlik maslahatchisi Maykl Flin va uning ikki yordamchisi Riyodga bunday texnologiyani berish AQSh qonunlarini buzishi mumkinligi haqidagi ogohlantirishlarni e'tiborsiz qoldirgan.

Demokrat va resublikachi qonunchilarning xavotir bildirishicha, agar sotilsa, Saudiya Arabistoni bu texnologiyadan yadro quroli yaratish yo'lida foydalanishi mumkin.

Bir qator anonim manbalar Oq uy Saudiya Arabistonida o'ndan ortiq yadro reaktori qurish haqidagi taklifni ko'rib chiqqani haqida xabar bergach, Kongressdagi qo'mita tekshiruv boshlagan.

Maykl Flin 2017-yil ishdan haydalishidan oldin Milliy Xavfsizlik kengashi rasmiysi Derek Xarviga taklif ustida ishlash vazifasini topshirgan va Tramp ma'muriyati loyihani hanuz bekor qilmagan.

Qo'mita tekshiruvi Flin ustidan qo'shimcha tergovga sabab bo'lishi mumkin. U 2017-yilda Federal Qidiruv Byurosiga yolg'on ma'lumot berganlik bo'yicha aybini tan olgan edi.

Yadro texnologiyasi savdosiga oid Kongress hisoboti ommaga e'lon qilinishi ortidan Eron Tashqi ishlar vaziri Javod Zarif Tramp ma'muriyatini ikkiyuzlamachilikda aybladi.

"Bizga allaqachon aniq bo'lgan narsa kundan kunga yanada oydinlashmoqda. AQSh uchun inson huquqlari ham, yadro dasturi ham hech qachon haqiqiy xavotirli masala bo'lmagan", - deb yozdi Zarif "Twitter" orqali.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG