Breaking News

Faollar: AQSh uyg'urlar masalasida bosimni oshirishi kerak


Xitoyga qarshi uyg'ur faollari namoyishi

AQSh Davlat kotibi Mayk Pompeoning Xitoydagi uyg’urlar masalasida keskin bayonot berishi uyg’ur faollari tomonidan iliq kutib olindi.

Davlat Departamenti e’lon qilgan bayonotda yozilishicha, AQSh Xitoy hukumati tomonidan uyg’ur faollari oilalarining hibs va tazyiqqa olinishidan chuqur xavotirda.

AQShda yashovchi uyg’ur faoli Ferkat Javdatning “Amerika Ovozi”ga aytishicha, AQSh hukumatining bunday bayonotlari uyg’urlarning yolg’iz emasligi haqida umid beradi.

Lagerlar

O’tgan yillarda Xitoy hukumati mamlakat shimoli-g’arbidagi Shinjon viloyatida ekstremizm va terrorizmga qarshi kurashni kuchaytirish va ekstremistlarni tarbiyalash da’vosi bilan ko'plab lagerlar ochilgan.

Mintaqada 13 milliondan ortiq uyg’ur va boshqa ozchilik turkiy musulmon elatlar yashashi va ularning bir necha millioni lagerlarga tashlangani aytiladi.

Pompeo bayonotiga ko’ra, hibslarning ba’zilari AQSh davlat departamenti rasmiylari va uyg’ur faollari o’rtasida bo’lgan uchrashuvlar ketidan amalga oshirilgan.

Xitoy raddiyasi

Xitoy rasmiylarining aytishicha, uyg’urlar hech qanday tazyiqqa uchragani yo’q va lagerlarda ixtiyoriy ravishda saqlanmoqda.

“Shinjonda hech qanday konsentratsion lagerlar yo’qligini ta’kidlamoqchiman”, - deydi Xitoy Tashqi ishlar vazirligi so’zlovchisi Jen Shuan.

2017-yildan beri onasi lagerda saqlanayotgan Javdatning aytishicha, AQShning bayonoti Xitoyning uyg’ur xalqiga qarshi sodir etayotgan jinoyatlari haqida ogohlikni oshirishga yordam beradi.

Javdatning qo’shimcha qilishicha, Xitoy rasmiylari “Wechat” ijtimoiy tarmog’i orqali unga bog'lanib, hamkorlik qilishga taklif etgan. Agar ularning talabini bajarsa, onasini ozod qilishga yordam berishlarini aytgan.

“Men ularning taklifini rad etganimdan keyin tog’am va xolamni lagerdan qamoqxonaga jo’natishdi”, - deydi u.

Ogohlikka da’vat

Uyg’ur faoli Alfred Erkin Pompeo so’zlaridan ruhlanganini va millatdoshlari haq-huquqlari uchun kurashni davom ettirishini aytadi.

Uning aytishicha, 2018-yil sentabr oyida ota-onasining hibsga olinganini eshitgan. Davlatga qarashlil telekanalda jurnalist bo’lib ishlagan otasi allaqachon olti oydan beri hibsda bo’lgan. Maktabda dars bergan onasi esa bir yildan beri lagerda saqlanayotgan edi.

“Qonunga itoatkor, davlat ishchisi bo’lgan ota-onam ham o’zini Xitoyning shafqatsiz zulmidan saqlay olmaganidan juda xafaman”, - deydi u.

Shundan beri Erkin oilasining ahvoli va Xitoyda lagerlarda saqlanayotgan millionlab uyg’urlar hayoti haqida dunyoga ma’lum qilishni o’zining asosiy missiyasi deb e’lon qildi.

Erkin bu masalada Davlat kotibi Mayk Pompeo bilan ham uchrashdi. U BMT va AQSh hukumati tinglovlarida qatnashib, Xitoydagi uyg’urlar ahvoli haqida ko’rsatmalar berdi.

Zumrat Davut lagerda yashab chiqqan uyg’ur faollaridan. U 2018-yil pokistonlik eri yordami bilan ozod qilinguncha ikki oy lagerda og’ir sharoitlarda yashaganini aytadi.

AQSh roli

AQSh hukumati va huquq faollari taxminicha, uyg’ur aholisining 10 foizi hibsda ushlab turilibdi.

Davlat departamentining 2018-yilgi hisobiga ko’ra, Xitoy terrorizmga qarshi kurash siyosati doirasida uyg’ur xalqini va boshqa ozchilik musulmon elatlarni nishonga olmoqda.

Ekspertlarning aytishicha, AQShning bu masalada faol bosim ko’rsatishi Xitoyning uyg’urlar siyosatiga nisbatan global ogohlikni oshirishga hissa qo’shadi.

“Pekin siyosatini o’zgartirish maqsadida dunyo bo’ylab koalitsiya tuzish va bosimni oshirish kerak”, - deydi “Human Rights Watch” tashkilotining Osiyo bo’limi rahbari o’rinbosari Fil Robertson.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG