Breaking News

Amerikada soxta hujjatlar mashmashasi


Amerika huquq-tartibot idoralari soxta universitet bilan bog'liq mashmasha yuzasidan 21 kishini hibsga oldi. Ular mingdan ziyod chet ellik fuqaroga soxta ta'lim dargohida o'qiyapti yoki ishlayapti degan hujjat qilib bergan.

Shimoliy Nyu-Jersi Universitetida birorta muallim, sinfxona bo'lgan emas, ilmiy daraja berilgan emas. Hibsdagilar bilmaganki, bu ta'lim dargohini Amerika Ichki xavfsizlik vazirligi 2012-yilda yolg'ondan to'qib chiqargan va shu bilan qalbaki viza ovchilarini tutmoqchi bo'lgan.

Universitetning soxta veb sahifasi ishlab turgan.

Nyu-Jersi shtatidan advokat Pol Fisherman so'zlariga ko'ra, yolg'on viza ovchilari va qalloblar bu soxta universitet nomini yoppasiga ishlatishga kirishgan.

Qo'lga tushgan 21 kishi Amerikada qonuniy ishlayotgan odamlar ekani ma'lum. Ular qalbaki vizalar chiqarish, chet el fuqarolaridan pul undirib, mamlakatda qolishi uchun sharoit yaratishda ayblanmoqda.

Bu qalloblik oqibatida mingdan oshiq xorijlik, asosan, xitoylik va hindistonliklar Amerikada qolishga uringan. Ular Qo'shma Shtatlarga viza bilan kelib, bu yurtda qolish uchun bahona qidirib yurgan bo'lgan.

Rasmiylarning hisobicha, hozir Qo'shma Shtatlarda qonuniy universitetlarda 1.2 million chet ellik student tahsil olayapti.

Biroq bu kabi qallobliklar immigratsiya idoralariga bosimni oshirmoqda. Terrorizmni ko'zlagan odamlar bu yo'llar bilan mamlakatda kirib qolmasligi kerak, deydi huquq-tartibot rasmiylari.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG