Breaking News

Qonunchilar Obamani Suriya masalasida Kongress fotihasini olishga chaqirmoqda


BMT inspektorlari Suriyada kimyoviy qurol qo'llanganiga doir da'volarni tekshirmoqda, 28-avgust, 2013-yil
BMT inspektorlari Suriyada kimyoviy qurol qo'llanganiga doir da'volarni tekshirmoqda, 28-avgust, 2013-yil
AQShda ayrim qonunchilar prezident Obamani Suriyani o’qqa tutishdan oldin Kongressdan ruxsat olishga chaqirmoqda.

Kongressmen Ileana Ros-Leytinenning aytishicha, Kongress harbiy amaliyotga ruxsat beradimi, yo’qmi, Obama uning oldidan o’tishi kerak.

"Prezident Bush oldingi urushlardan oldin xuddi shunday qilgan edi", - deydi qonunchi ayol.

Yana bir kongressmen Barbara Lining aytishicha, Suriya mojarosini harbiy yo’l bilan hal etib bo’lmaydi. Harbiy harakatlarni boshlashdan avval Kongressda bu masala obdon muhokama etilishi kerak, deydi u.

Oq uy matbuot kotibi Jey Karnining aytishicha, Obama Vakillar palatasi va Senatdagi yetakchi a’zolar bilan masalani muhokama qilmoqda, ammo ulardan ruxsat olishi shart emas.

Respublikachi kongressmen Skot Rijel barcha a’zolarni Suriyani o’qqa tutishdan oldin prezidentni Kongress ruxsatini olishga da’vat etuvchi maktubga imzo chekishga undamoqda.

Bu o'rtada BMTda Buyuk Britaniya taqdim etgan Suriya bo’yicha rezolyustiya loyihasi muhokama qilinmoqda. Hujjatda aholini kimyoviy quroldan himoya qilish talab etiladi.

BMT inspektorlari o’tgan hafta Damashq tevaragida kimyoviy hujum sodir etilganiga doir da’volarni tergov qilar ekan, AQSh va Britaniya nazarida voqea ortida Suriya hukumati turibdi.

Rossiya tashqi ishlar vaziri o’rinbosari Vladimir Titovning aytishicha, hozir rezolyutsiya mavridi emas, chunki inspektorlar hali tergov xulosalari va dalillarni taqdim etgani yo’q.

BMT Bosh kotibi Pan Gi Mun Xavfsizlik Kengashini Suriyadagi vaziyat bo’yicha yakdillikka chaqirmoqda. BMT tergovchilariga ishini yakunlash uchun vaqt kerak, dedi u.

Suriya tashqi ishlar vaziri Valid Muallim hukumat kimyoviy qurolni qo’llashga buyruq berganini inkor etar ekan, AQSh va uning Yevropadagi ittifoqchilaridan isbot talab qilmoqda.

Shunga qaramay G’arb Suriyaga qarshi urushga tayyorgarlik ko’rmoqda. Prezident Obama so'nggi kunlarda Britaniya, Fransiya, Kanada va Avstraliya rahbarlari bilan gaplashib, ularni koalitsiyaga to'plamoqchi.

Rossiya tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov chetdan harbiy aralashuv Suriya va mintaqada vaziyatni beqarorlashtiradi, demoqda. Lavrov BMT ning Suriya bo’yicha maxsus vakili Laxdar Braximiy bilan telefon suhbati chog’ida o’z xavotirlarini bayon etgan.

Braximiyning aytishicha, xalqaro qonunchilik Xavfsizlik Kengashining ruxsatisiz suveren davlatga qarshi harbiy harakatlarni amalga oshirishni man qiladi.
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG