Breaking News

AQSh: Suriya muxolifati orasida ekstremistlar ko'p emas


Suriya muxolifatida ekstremistlar soni qancha?
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:02:54 0:00

Suriya muxolifatida ekstremistlar soni qancha?

Suriyada hukumatga qarshi kurashayotgan muxolifat vakillari Rossiya vositachiligida erishilgan yangi kelishuvdan xursand emas. Ularga ko’ra, Bashar al-Assad yanada ko’proq aholini qirish uchun qo’shimcha vaqtga erishyapti, xolos. Muxolifat, ayni paytda, Suriya hukumati kelishuv shartlarini bajara olishiga shubha bilan qaraydi.

Suriyadagi muxolifat turli qarash va maqsaddagi guruhlardan iborat. Ammo bir masalada ularning barchasi yakdil: Bashar al-Assad rejimi qulashi kerak.

Jangarilar orasida al-Qoidaga bay’at berganlar ham bor. “Jabhat al-Nusra” muxolifatning eng yaxshi qurollangan va harbiy tayyorgarlikdan o’tgan guruhi hisoblanadi. AQSh bu guruhni terrorchi deya belgilagan.

Shuningdek, Iroqda AQSh harbiylariga qarshi kurashgan ko’plab sobiq askarlar bugun Suriyada jang qilmoqda. Shayx Abu Ahmad ismli qo’mondon Assad hukumatini islom dushmani deb ataydi.

“Inqilobdan oldin menga o’xshagan odamlar masjidda besh vaqt namoz o’qir edik. Suriya hukumati buni jinoyat deb hisoblardi. Shu tufayli bizni hibsga olishdi, rejim idoralarida qiynoqqa solishdi. Shuning uchun biz chin yurakdan bu hukumatga qarshimiz”, - deydi u.

Al-Nusra kabi jihodchi guruhlarning borligi uchun AQSh Suriyaga qurol jo’natishdan tiyilib turibdi.

Mudofaa vaziri Chak Xeygl ham shunga ishora qiladi.

“Nomukammal bir vaziyat bor bu yerda. Yaxshiroq variantning o’zi yo’q. Juda murakkab jarayon”, - deydi u.

AQSh rasmiylariga ko’ra, hozir Suriyada Bashar al-Assad hukumatiga qarshi kurashayotganlarning soni 100 mingdan oshgan. Ularning 15-25 foizi al-Qoidaga aloqador.

Vashington hisobicha, muxolifatning aksariyat qismini mo’tadil qarashdagilar tashkil etadi.

AQSh prezidenti Barak Obama ular tinchlik tarafdori ekanini aytadi.

“Suriya aholisining aksariyati va biz bilan ishlayogan Suiya muxolifati ozod, tinch va sharafli hayot kechirishni istaydi”, - deydi AQSh rahbari.

“Ozod Suriya Armiyasi” safida jang qilayotganlar orasida hukumat armiyasidan qochgan askarlar ham ko’p.

“Men qochishimdan oldin armiyada starshina edim. Assad guruhining zolimligiga guvoh bo’lgach, oxirgi qonim qolguncha shu vatanni himoya qilishga bel bog’ladim”, - deydi sobiq harbiylardan biri.

Tinch aholiga nisbatan kimyoviy qurol qo’llangani ma’lum bo’lgach, AQSh Suriyaga qarshi keskin chora ko’rish qaroriga keldi.

“Assadga muxolif bo’lganlar orasida ekstremistlar borligi to’g’ri. Ammo Suriya qanchalik notinch bo’lsa, begunoh fuqarolarning zaharlanayotganini ko’rib hech bir chora ko’rmasak, al-Qoida bundan yanada kuch oladi”, - deydi Obama.

Sobiq razvedka xodimi Ruel Mark Gerext fikricha, Suriyada ekstremist guruhlarning yetakchi kuchga aylanishi amri mahol.

“Kichik jihodiy tashkilotlarning, hatto ular soni 10-20 ming bo’lsa ham, Assaddan keyingi Suriyada asosiy kuchga aylanishiga shubha qilaman”, - deydi u.

Diplomatlar Suriyada nima qilish bo’yicha hanuz bosh qotirayotgan bir paytda odamlar hayotiga zomin bo’layotgan fuqarolar urushi davom etmoqda.
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG