Breaking News

AQSh va Tolibon tinchlik bitimini imzoladi


AQSh vakili Zalmay Xalilzod (chapda) va Tolibon yetakchilaridan biri Mulla Abdul G'ani Birodar tinchlik bitimini imzolamoqda, Doxa, Qatar, 2020-yil, 29-fevral

Bugun Qatar poytaxti Doxada AQSh va Tolibon o'rtasida 19 yillik urushni tugatish bo'yicha tarixiy tinchlik bitimi imzolandi. Marosimda AQSh Davlat kotibi Mayk Pompeo ishtirok etdi.

Kelishuv bo'yicha, AQSh Afg'onistondan askarlarini bosqichma-bosqich olib chiqib ketadi. Ayni paytda mamlakatda 13 ming amerikalik askar bor. Birinchi bosqichda ular soni 8600 ga tushiriladi.

Tolibon o'z navbatida mamlakat hududidan turib AQSh va uning ittifoqchilariga qarshi terror xurujlari amalga oshirilmasligini kafolatlaydi. Shuningdek, Afg'oniston hukumati qamoqxonalardan 5000 tolibni ozod qiladi.

AQSh Prezidenti Donald Tramp Tolibon va Afg'oniston hukumatini "tinchlik uchun bu imkoniyatni saqlab qolish"ga chaqirdi.

"Agar va'dalar bajarilsa, Afg'onistonda urushni tugatish va askarlarimizni uyga qaytarish bo'yicha kuchli yo'lga ega bo'lamiz", - dedi Tramp.

AQSh Mudofaa vaziri Mark Esper ham Afg'oniston hukumati bilan birgalikda bitim bo'yicha qo'shma bayonot e'lon qilishi kutilyapti.

Endi 10 kun ichida Kobul va Tolibon o'rtasida to'g'ridan-to'g'ri muloqot boshlanishi rejalangan. Unda mavjud ixtiloflarga siyosiy va tinch yo'l bilan yechim topish masalalari muhokama qilinadi.

Afg'onistondagi 19 yillik urush AQShga qariyb bir trillion dollarga tushgan. 2001-yil 11-sentabr xurujlari ortidan AQSh o'sha paytda Kobulda hokimiyat tepasida bo'lgan Tolibonga qarshi urush e'lon qilb, Afg'onistonga bostirib kirgan edi. AQShga ko'ra, 11-sentabr voqealari ortida turgan "Al-Qoida" guruhi Tolibon himoyasida bo'lgan.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG