Breaking News

Tahlil markazlari - AQSh hukumati siyosatiga ta'sir qiluvchi dargohlar


Vashingtondagi Brukings institutida tahlilchilar mulohaza yuritmoqda

AQShda ko’plab siyosiy tahlil markazlari faoliyat yuritadi. Aksariyati poytaxt Vashingtonda joylashgan. Tadqiqot va tahlil bilan shug’ullanuvchi ekspertlar siyosiy, ijtimoiy va iqtisodiy masalalarda analitika va maslahatlar beradi.

O’tmishda bunday maskanlar AQSh siyosatini shakllantirishda katta rol o’ynagan, unga ta’sir qilgan. Biroq so’nggi izlanish natijasiga ko’ra, Tramp ma’muriyati tahlil markazlaridan ko’p maslahat olayotgani yo’q.

AQShdagi 1800 dan ortiq siyosatshunoslik markazlaridan salkam 400 tasi Vashingtonda joylashgan. Amerikaning oldingi prezidentlari ana shu tashkilotlar tayyorlagan hisobotlar, izlanishlarga tayanib, siyosat yuritardi, biroq Tramp ma’muriyati ularga ehtiyoj ko’rmayapti, deydi professor Mark Rom.

“Obama ma’muriyati yuqori intellektual ma’muriyat deb ko’rilgan. Tadqiqotlar, tahlillarga katta e’tibor qaratardi. Tahlil markazlarining o’sha ma’muriyatga katta ta’siri bo’lgan. Prezident Tramp esa eng boshidan ekspertlarga ishonmasligini, bunday tashkilotlar ishi va maqsadidan shubhalanishini aytib keladi”.

Davlat siyosatiga ta’sir qilishdan tashqari bunday markazlar matbuot yoki hukumat tizimida ishlamoqchi bo’lgan odamlar uchun malaka oshirish maskani hamdir.

“Siyosatshunoslik institutlari siyosatni shakllantirishda hamisha muhim rol o’ynab kelgan. Biroq hozir ularning kuchi oldingiday emas. Bu markazlar yangi g’oyalar ustida ishlab, ularni olg’a surishga, ba’zilari esa kadrlarni tayyorlab, maqsadlariga ular orqali erishishga harakat qiladi. Chunki bunday kadrlar hukumatga, Kongressga ishga kirishi mumkin”, - deydi Garvard universitetining Belfer nomli Ilm va xalqaro aloqalar markazidan Erik Rozenbax.

Katta-katta siyosatchilar ana shunday tahlil markazlaridan chiqgan. Masalan, Jorj Bush ma’muriyatida vitse-prezident bo’lgan Dik Cheyni, mudofaa vaziri bo’lgan Donald Ramsfeld, davlat kotibasi bo’lgan Kondoliza Rays Vashingtondagi politologik markazlarda ilm olgan. Yoki Tramp ma’muriyatida Milliy xavfsizlik kengashining Markaziy Osiyo bo’limi direktori Liza Kurtisni olaylik. U konservativ siyosatni targ’ib qiluvchi “Xeritij jamg’armasi”da ishlagan.

Bunday tashkilotlar tahlil va tavsiyalari pul ularga qayerdan kelayotganiga qarab shakllanadi.

“Tahlil markazlari biror hisobot tayyorlaganida ularning homiylari hujjatga ta’sir qilganmi, yo’qmi, shuni aniqlash zarur. Sifatli markazlar tadqiqotlarini ochiq olib boradi, ularning mahsulotini o’qiyotganlar hisobot xolisligi bo’yicha xulosa chiqarishi uchun”, - deydi Jorjtaun universiteti professori Mark Rom.

Siyosatshunoslik institutlarining AQSh siyosatiga ta’sir darajasi qanday ekanini hamma turlicha baholaydi. Biroq hukumat siyosatidagi ko’plab o’zgarishlarga poytaxt Vashingtonda joylashgan bu maskanlarning aloqasi borligini deyarli hech kim inkor etmaydi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG