Trampning sportchilar bilan tortishuvi avj olmoqda

  • Amerika Ovozi

Milliy madhiya paytida tik turmasdan, aksincha, tiz cho'kib o'tirgan futbol o'yinchilarini keskin tanqid qilgan Prezident Doland Tramp Milliy Futbol Ligasi o'yinchilari va jamoa murabbiylarining noroziligiga sabab bo'ldi. 24-sentabr kuni bo'lib o'tgan musobaqa paytida ko'plab sportchilar madhiya yangrayotgan payt tik turish o'rniga tiz cho'kishdi. Shu tariqa ular mamlakatdagi irqchilik va politsiya zo'ravonligiga o'z noroziligini bildirdi. Tramp esa buni davlat gimni va bayrog'iga nisbatan hurmatsizlik deb baholamoqda.

Norozilik "Baltimor Reyvns" va "Jeksonvil Yaguars" jamoalari o'rtasida Londonda kechgan o'yindan boshlandi. Uimbli stadionida AQSh madhiyasi yangrashni boshlagach, o'yinchilarning ayrimlari qo'l ushlashib, birdamlik namoyish etgan bo'lsa, boshqalari tiz cho'kib turdi. AQShda kechgan boshqa o'yinlarda ham shu narsa kuzatildi. Ular shu tariqa Prezident Donald Trampning haqoratomuz bayonotiga o'z e'tirozini bildirdi.

Prezident Alabama shtatidagi nutqida sportchilarni haqorat qilgan edi.

"Kimdir bayrog'imizga hurmatsizlik qilsa, jamoa egasi bu haromini maydondan haydab chiqarib, sen ishdan bo'shatilding, desa qanday yoqimli ish bo'lardi", - dedi prezident.

Tramp Amerika bayrog'i va madhiyasiga hurmatsizlik ko'rsatgan sportchilarga g'azabini shu tariqa ifodaladi.

Shanba kuni esa u "Golden State Warriors" basketbol jamoasining Oq uyga belgilangan tashrifini bekor qildi. Prezidentga ko'ra, jamoa vakili Stiven Kurrining ikkilanayotgani bunga sabab bo'lgan. Yulduz sportchi prezidentni tanqid qilgan edi.

"Qarashim kechagisi bilan bir xil. Hatto yanada kuchaydi. Mamlakatdagi ishlar, prezident bizni qanday yomonotliq qilayotgani haqida", - dedi Kurri.

Jamoa murabbiysi Stiv Kerning aytishicha, ilgari ham o'yinchilar va saylangan rasmiylar o'rtasida siyosiy farqlar bo'lgan, lekin bunaqa ro'y bermagan.

"Uning o'yinchilar haqidagi izohlari hozirgacha aytib kelgan boshqa gaplaridek yomon. Dahshat. Yosh yigitlar politsiya zo'ravonligi va ayirmachilikka qarshi tinch yo'l bilan e'tiroz bildirgan edi, xolos", - dedi u.

Vashington shahri meri Muriel Brauzer Oq uy rad etgan "Golden State Warriors" jamoasini tenglik va rang-baranglikni nishonlash uchun poytaxtga taklif etdi.

Ammo amerikaliklarning qarashi turlicha.

"Prezident fikriga qo'shilaman. Balki boshqacha aytgani yaxshi edi, lekin bayroqni hurmat qilish kerak", - deydi bir fuqaro.

"Konstitutsiyadagi Birinchi o'zgartirish hammaga o'zi xohlagan narsasini erkin ifodalash huquqini beradi", - deydi boshqa bir ayol.

Madhiya aytilganda tiz cho'kish aksiyasini o'tgan mavsumda futbolchi Kolin Kapernik boshlab bergan edi. Shundan beri erkin agentga aylangan bu sportchini hali hech bir jamoa o'z safiga qo'shgani yo'q.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG