Trampning tashqi siyosati sekin-asta shakllanyapti

  • Amerika Ovozi

O’tgan hafta BMT Bosh Assambleyasining yillik sessiyasida so’zlagan Donald Tramp “men prezident ekanman, Amerika manfaatlarini har narsadan ustun qo’yaman”, deya yana bir bor ta’kidladi. Ekspertlarga ko’ra, bu so’zlar hali amalda o’z ifodasini topgani yo’q. To’qqiz oy o’tib ham, tashqi siyosatda va’da qilingan tub o’zgarishlar sezilmaydi.

Donald Tramp, avvalo, Shimoliy Koreyani ogohlantirdi.

“Bu davlat hozirgi ishlari bilan o’ziga choh qazimoqda”, - deydi u.

Eron ham tanqidga uchradi. Qotil rejim, deydi Tramp, regionda buzg’unchilikni bas qilishi kerak.

To’rt kun davomida BMT qarorgohida Donald Tramp dunyo yetakchilari bilan ketma-ket uchrashuvlar o’tkazdi. Ichki siyosatda to’siqlarga uchrayotgan prezident diplomatik jabhada yutuqlarni qo’lga kiritish harakatida.

“Yaqin Sharq mintaqasida tinchlikka erishish yo’llarini qidiryapmiz”, - deydi u.

Kuzatuvchilarga ko’ra, yangi ma’muriyatning tashqi siyosati hali shakllanmagan. AQShning BMTdagi elchisi Nikki Heyli, xavfsizlik bo’yicha maslahatchi H. R. Makmaster hamda Vitse-Prezident Mayk Pens har bir uchrashuvda Trampning yonida.

Davlat kotibi Reks Tillerson ham xorijiy delegatsiyalar bilan muloqotda bo’ldi. Jumladan, birinchi marta Eron Tashqi ishlar vaziri Javod Zarif bilan ko’rishdi. Zarif Trampning BMTdagi nutqini “nafratga to’la” deb ta’riflagan.

“Baqir-chaqir bo’lgani yo’q. Eron yadro dasturi bo’yicha imzolangan kelishuv bandlari qanday bajarilayotgani yuzasidan fikr almashdik”, - deya uchrashuvni izohladi Tillerson.

Prezident Tramp AQShning yaqin ittifoqchilari Yaponiya va Janubiy Koreya rahbarlari bilan ko’rishar ekan, Shimoliy Koreyaga qarshi yangi sanksiyalarni e’lon qildi.

“Men imzolagan farmonga ko’ra, bu davlat bilan savdo qilgan shaxslar, kompaniyalar va moliyaviy institutlarni qattiqroq jazolaymiz”, - dedi Tramp.

Kuzatuvchilarga ko’ra, diplomatik muloqotlar Trampning komandasi uchun yaxshigina sinov bo’ldi.

“Tashqi siyosiy strategiya xom ko’rinayotganiga prezidentning o’zi sababchi. U Twitterda va turli minbarlarda balandparvoz bayonotlar qilib turganda, aniq bir siyosatni belgilab olish qiyin. Lekin hammasi sekin-asta joyiga tushayapti”, - deydi siyosatshunos Gari Shmit.

Trampning ko’p sonli tanqidchilariga ko’ra, AQSh tashqi siyosati nafaqat hukumatlar, balki o’zga xalqlarbilan ham sheriklikka asoslanishi lozim.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG