Breaking News

Turkiya: AQSh Suriyada terrorchilarni qo'llab-quvvatlashni bas qilsin


Turkiya askarlari Suriyaning Afrin shahrida, 2018-yil, 19-mart

Anqara Suriyadagi kurdlarning YPG guruhini qo'llab-quvvatlashni davom ettirayotgan AQShni yana tanqid ostiga oldi. So'nggi hujum NATO ittifoqchilari o'rtasida diplomatik inqiroz kuchaygan bir paytda ro'y bermoqda.

"Islomiy davlat"ga qarshi kurashda YPG Vashingtonning yaqin ittifoqchisi sanaladi, ammo Turkiya nazarida ular terrorchi.

Turkiya Bosh vaziri Binali Yildirim Suriyada AQSh ko'magi bilan tuzilgan "Suriya kelajagi" nomli yangi siyosiy partiyani keskin qoraladi. Uning aytishicha, bu partiya YPG terrorchi tashkilotining siyosiy qanotidir.

"Ularni yaxshi bilamiz. Nomini o'zgartirib, ba'zi ittifoqchilarimizni aldashlari mumkin, lekin Turkiya ularni yaxshi taniydi. PKKni uch harfli belgilar bilan yashirib, Turkiyani janubdan qamalga oladigan terror maydonini yaratishga uringan AQSh endi Suriyada shunday partiya tuzmoqchi", - dedi Yildirim.

Anqara kurd jangarilari va ularning siyosiy qanotidan Suriyaning Manbij shahrini tark etishni talab qilmoqda. Kurdlar nomidan yangi partiyaning tuzilishi, Turkiya nazarida, Vashington qo'l urayotgan navbatdagi hiyladir.

Manbij AQSh-Turkiya ziddiyatidagi asosiy nuqtalardan biri. Prezident Barak Obama davrida AQSh IShID taslim qilinishi bilan kurdlar bu yerdan ketadi, deb va'da bergan edi.

"AQSh ittifoqchi sifatida qanchalik ishonchli? YPG va PYD Manbijni tark etadi deb ular va'da bermaganmidi? Ular so'zlarida turdimi? Yo'q", - deydi Istanbuldagi Bilgi universiteti tadqiqotchisi Soli O'zel.

Anqaraning xunobini oshirayotgan yana bir narsa Manbijda kurd kuchlari bilan birga AQSh askarlari ham joylashganidir. Shahar sharqiy va g'aybiy Suriyani bir-biriga bog'lovchi muhim nuqtada joylashgan.Tahlilchilarga ko'ra, bu joy AQSh uchun nafaqat IShIDning qayta kuchayishiga yo'l qo'ymaslik uchun, balki Eronning ta'sirini kamaytirish uchun ham kerak.

Anqara Vashingtonning bu ishlaridan toqati toq bo'layotgani haqida ogohlantirmoqda.

"Manbijdagi terrorchilar zudlik bilan hududni tark etishi lozimligi bayon qilindi, aks holda Turkiya tashabbusni o'z qo'liga olishdan boshqa yo'l qolmaydi", - deyiladi Turkiya Milliy xavfsizlik kengashi o'tkazgan yig'ilish ortidan chiqarilgan bayonotda.

Kuzatuvchilarning aytishicha, Manbijdan 100 kilometr narida joylashgan Afrinda erishilgan g'alaba Turkiyani o'z da'volarida yanada qat'iylashtirdi.

"Erdog'an Manbij keyingi nishon ekanini e'lon qilgan. U amerikaliklarga diplomatik yoki harbiy yo'l bilan qarshi chiqishga jur'at topadiganga o'xshaydi. Kelasi bir necha kun ichida Vashingtonda jiddiy bosh qotirishlariga to'g'ri keladi", - deydi yana bir tahlilchi Semih Idiz.

Turkiya rasmiylarining ogohlantirishicha, agar AQSh askarlari Manbijni tark etmasa, ular ham Turkiya harbiylari hujumiga yo'liqishi mumkin. AQSh generallari bu gap-so'zlarni inkor etib, har qanday hujumga munosib tarzda javob berilishini aytmoqda.

Turkiya va AQSh diplomatlari to'qnashuvlarning oldini olish uchun muzokaralarni davom ettirmoqda.

Kelasi yil Turkiyada prezidentlik va parlament saylovlari bo'lib o'tadi. Kuzatuvchilar fikricha, Prezident Rajab Toyib Erdog'an va uning hukumati Amerika bilan mavjud ziddiyatni saylovda o'z foydasiga ishlatishga urinmoqda.

Anqaraning kurd jangarilariga qarshi kurashi faqat Suriya bilan chegaralanmagan. Bag'dodga ham Iroq hududida PKK terrorchilari jonlangani haqida ogohlantirish yuborilgan.

Kurdiston ishchilar partiyasi (PKK) bir necha o'n yillardan beri Iroqning Qandil hududida o'z idorasiga ega bo'lgan. Turkiya armiyasi Sinjar viloyatida amaliyot o'tkazganda kurdlar hududni iroqliklarga topshirib, to'qnashuvdan saqlanib qolgan edi.

Turkiyalik sobiq diplomat Oydin Seljenning aytishicha, Turkiya Suriya yoki Iroqda o'z kuchini ko'rsatishdan tiyilmaydi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG