Breaking News

Turkiya qurol-aslaha sotadigan davlatga aylanyaptimi?


Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdog'an (chapda) armiya qo'mondoni bilan dron oldida, Batman, Turkiya, 3-fevral, 2018-yil.
Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdog'an (chapda) armiya qo'mondoni bilan dron oldida, Batman, Turkiya, 3-fevral, 2018-yil.

Suriyaning Afrin hududida olib borilayotgan harbiy amaliyot ayni paytda Turkiyaning harbiy qudratini va qurol-aslaha sanoati qay darajada ekanini ham ko’rsatmoqda. So’nggi yilllarda Prezident Rajab Toyib Erdog’an mamlakatning import qilinadigan qurollarga qaramligini kamaytirishga alohida e’tibor qaratmoqda.

“Afrindagi qurollarning deyarli barchasi mahalliy ishlab chiqarilgan. Ularni ishlab chiqargan do’stlarimizga rahmat aytamiz”, - dedi Erdog’an Anqarada o’tgan yig’inda.

Turkiya armiyasi Suriya muxolifati bilan birgalikda Suriyaning Afrin hududini kurd jangarilaridan tozalashga ahd qilgan.

Erdog’an Afrinda halok bo’lgan turk askarlarining o’limida Turkiyaga qurol sotmagan davlatlarni aybladi. U aynan qaysi davlatlarni nazarda tutgani ma’lum emas.

O’tgan yili Erdo’gan qurol sanoatini to’liq prezident nazoratiga o’tkazish haqida farmon chiqargan edi. Mudofaa sanoatini kengaytirish uchun hukumat milliardlab dollar mablag’ sarflamoqda.

“9,4 milliard dollarlik 55 ta loyiha ko’rib chiqilmoqda”, - deyiladi yanvar oyida Turkiyaning Mudofaa sanoati kotibiyati o’tkazgan yig’inda e’lon qilingan bayonotda.

“Ilgari pul bo’lmasdi. Hozir mablag’ ko’p. “Adolat va taraqqiyot” partiyasida bu loyihani amalga oshirish maqsadi bor. Partiyaning muvaffaqiyati shu”, - deydi siyosiy tahlilchi Attila Yeshiloda.

“Qurol ehtiyojlarimizning 80 foizini xorijdan qoplar edik. Hozir miltiqlarni, oddiy dronlar va qurollangan avtomobillarni o’zimiz ishlab chiqaryapmiz. Bu xorijiy valyutani tejaydi. Ekport salohiyatiga ega sanoatni rivojlantirish mumkin. Chetga qaramlikni ham kamaytiradi”, - deya qo’shimcha qiladi ekspert.

Turkiya hukumati import qilinadigan qurollar bo’yica xorijga qaramlikni kamaytirishni asosiy maqsadlaridan biri deb belgilagan. Germaniya ayni paytda Turkiya ixtiyoridagi, ammo Germaniyada ishlab chiqarilgan “Leopard” tanklarining yangilanishini, ular Afrinda qo’llanilayotgani bois, to’xtatib turibdi.

Afrin amaliyoti Turkiyaga o’z qurol industriyasini namoyish etish imkoniyatini ham bermoqda.

“Ko’plab yangi harbiy texnologiyalar bor. Turkiya qurolli dronlar, vertolyotlar, aqlli bombalar yaratgan. Ular ilk bor xorijda jang maydonida sinalmoqda. Ishonchim komilki, bu tizimlar sinovdan o’tkazilgach, natijalarga qarab yanada mukammallashtiriladi. Jangda sinovdan o’tgan qurollarning narxi ham oshadi”, - deydi mudofaa bo’yicha tahlilchi Metin Gurjan.

Strategik qurol mustaqilligini qo’lga kiritishdan tashqari, Anqara xalqaro qurol-yarog’ bozoriga ham kirib borishga intilmoqda. Turkiya AQSh va Rossiya kabi yetakchi davlatlar bilan bellasha olmaydi, ammo kichik qurollar sotish bo’yicha o’z o’rnini topishi mumkin, deydi kuzatuvchilar.

“Turkiya Yaqin Sharq, Markaziy Osiyo va Afrika hududlaridagi qurol bozorida muhim o’yinchiga aylanishi mumkin”, - deydi Gurjan.

“Turkiya texnologiyani ham sotuvchi takliflarni qabul qilishga tayyor. Turkiyaning qurol sanoati samarali, arzon, urushda sinalgan va muammosi kam aslaha sifatida xaridorlarga manzur bo’lishi mumkin”, - deya qo’shimcha qiladi u.

Anqara Markaziy Osiyo va Qatar bilan mavjud diplomatik yaqinlikdan foydalanib qurol savdosi bo’yicha bir qator shartnomalar imzolayotgani aytiladi.

Ammo Turkiyaning mudofaa sanoati bundan ortiq rivojlana olmaydi, degan qarash ham mavjud.

“Turkiya o’zining mikrochiplarini ishlab chiqarmaydi. Umumiy iste’moldagi chiplarni ham. Shu bois u maxsus mikrosxemalarni chetdan sotib olishga majbur, - deydi tahlilchi Yeshiloda. – Masalan, masofadan boshqariladigan raketani yarata olmaydi, chunki buni eplay oladigan mahalliy industriya mavjud emas”.

Turkiyaning mudofaa rasmiylari aqlli bombalarni mahalliy ishlab chiqarish yo’lga qo’yilganini aytadi, ammo tahlilchilar ularning sifati AQSh va Yevropa mahsulotlari bilan bellasha olmasligini aytadi.

Turkiya askarlari Afrindagi harbiy amaliyotlarda mana shunday xorijda ishlab chiqarilgan o’q-dori va qurollardan foydalanmoqda. Anqara tugab borayotgan zaxirani qayta to’ldirish uchun ittifoqdoshlariga murojaat qilishni boshlagan.

Texnologiyadagi kamchiliklarni to’ldirish Anqara oldidagi muhim vazifa. Murakkab qurollarni, jumladan, quruqlikdan havoga uchiriladigan raketalarni sotib olishda Turkiya ishlab chiqarish texnologiyasi ham sotilishini so’ramoqda. AQShdan “Patriot” raketa tizimini xarid qilish muzokaralari shu sabab to’xtab qolgan. Natijada Turkiya Rossiyadan “S-400” mudofaa tizimini olishga qaror qildi. Bundan NATO norozi.

“Bu allaqachon hal qilingan ish. Turkiya mablag’ning 40 fozini to’lab bo’ldi. Qolganini Rossiya kredit sifatida beryapti. 2020-yilgacha birinchi partiya yetkazilishi kerak”, - deydi Anqaradagi Yaqin Sharq texnologiya universiteti professori Husayn Bag’chi.

Moskva tizim bilan birga ishlab chiqarish texnologiyasini ham sotyaptimi, degan savolning javobi ma’lum emas.

“Turkiya ulkan qiruvchi samolyotlarni, aqlli bomba kabi qurolarni xarid qilishda davom etyapti va o’zi artilleriya kabi kichik qurol-aslaha sotyapti. Turkiya hali ulkan qurol ishlab chiqaruvchi davlatga aylangani yo’q”, - deydi Bag’chi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG