AQSh BMT yordam dasturlariga mablag'ni qirqadi

  • Amerika Ovozi

Markaziy Afrika Respublikasida BMT yordam dasturi orqali ovqat olgan mahalliy fuqaro, 27-aprel, 2017-yil

Tramp ma'muriyati tazyiqqa uchragan ozchilik elatlarga yordam berish siyosatida o'zgarish bo'lishini e'lon qildi. Vitse-prezident Mayk Pensning aytishicha, bundan buyon Davlat departamenti BMT dasturlariga shu maqsadda beriladigan moliyaviy yordamni to'xtatib, pulni AQSh Xalqaro taraqqiyot agentligi va nodavlat tashkilotlarga yo'naltiradi.

Tramp ma'muriyatiga ko'ra, "Islomiy davlat" zo'ravonligidan jabr ko'rgan nasroniylar, yazidiylar va ozchilikdagi boshqa diniy guruhlar BMTning sustkashligidan yanada ko'proq azob chekmoqda.

"Tashkilot eng ko'p aziyat chekkan guruhlarga, ayniqsa, kam sonli din vakillariga yordam berishni uddalay olmayapti. Natijada behisob odamlar jabr ko'rishda davom etmoqda", - dedi vitse-prezident.

Mayk Pens dunyo bo'ylab nasorolarni himoya qilish AQSh tashqi siyosatida muhim vazifalardan biri bo'lishini e'lon qildi.

"Bugundan boshlab Amerika USAID orqali jabrlangan jamoalarga to'g'ridan to'g'ri yordam beradi", - dedi u.

Kongressda bu qarorni olqishlayotganlar oz emas.

"Juda ajoyib, buyuk voqea", - deydi qonunchi Kris Smit.

Smit BMT lagerlarida xavfsizlik yetarlicha ta'minlanmaganini aytib, bu borada AQSh siyosatini o'zgartirishga chaqirib kelgan.

"Bunday lagerlarda nasroniylar ozchilik, u yerdagi ahvol ular uchun halokatli. Ko'plari oziq-ovqat, kiyim-bosh va dori-darmonga juda muhtoj", - deydi respublikachi qonunchi.

Bundan keyin ish qanday olib borilishi haqida reja ma'lum emas, ammo mablag' manbasi avvalgidek bo'ladi.

"Bu ma'muriyat, xuddi avvalgilardek, nodavlat diniy tashkilotlarga yordam berishdan yuz o'girmaydi. Bu masalada BMTga ham biroz mablag' beramiz, lekin ozchilik diniy guruhlarni samaraliroq qo'llab-quvvatlashning boshqa yo'llarini qidiramiz", - dedi Davlat departamenti so'zlovchisi Xezer Noyert.

BMTga e'tiborning kamayishidan demokratlar norozi.

"BMT biz bora olmaydigan, bormaydigan va borishni xohlamaydigan joylarda ishlaydi. Kerakli resurslarni ularga beraylik. Biz azob chekayotgan, o'layotgan odamlarga eng zarur insonparvarlik yordamini ko'rsatish haqida gapiryapmiz", - deydi demokrat senator Dik Durbin.

BMT so'zlovchisi Farxon Haqning aytishicha, tashkilot hammaga yordam beradi.

"Iroqda insonparvarlik yordami hech kimni ajratmasdan, eng muhtoj odamlarga beriladi. Shu asosda, gumanitar tamoyillarga tayanib, Iroqqa yordam berishda davom etamiz", - deydi u.

AQShning yangi qarori bo'yicha savollar ko'p.

"Bu mablag' oshiriladi deganimi? Aniq emas, balki oshar. Lekin shunisi ma'lumki, AQSh bu yo'nalishda faolligini oshirayotgan bo'lishi mumkin", - deydi Jorjtaun universiteti tadqiqotchisi Ketrin Marshal.

Bu qaror inson huquqlari borasida AQShning bir necha o'n yillik yetakchi mavqesini o'zgartirishi mumkin.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG