AQSh qonunchilari Myanma hukumatini zo'ravonlikni to'xtatishga chaqirdi

  • Amerika Ovozi

Rohinja qochqinlari

AQSh qonunchilari Myanma hukumatini Rakxayn shtatiga jurnalistlar va yordam tashkilotlari ishchilari kira olishi uchun to’liq imkoniyat berishga chaqirdi.

“Muxbirlarni bu yega kiritish juda muhim. USAID ham borishi kerak, - dedi Kongressdagi Vakillar palatasida Tashqi ishlar qo’mitasi raisi Ed Roys. – Chunki ularning bo’lishi bu kabi jabr-zulmning tekshirib turilishini ta’minlaydi”.

Qonunchiga ko’ra, Tramp ma’muriyati Birmadagi gumanitar inqiroz uchun 32 million dollar ajratgan. Bu mablag’ning 28 millioni yarim million rohinjalik qochqin boshpana olgan Bangladeshga beriladi.

Janubi-sharqiy Osiyo bo’yicha AQSh rasmiysi Patrik Merfining aytishicha, AQSh Myanmaning fuqarolik va harbiy yetakchilarini zo’ravonlikni to’xtatish uchun zarur choralarni ko’rishga chaqirgan.

Demokrat qonunchi Eliot Engel esa Birma harbiylariga qarshi sanksiya qo’llash kerak, degan fikrda.

BMTning Inson huquqlari bo’yicha komissari rohinjaliklarga qarshi zo’ravonliklarni etnik tozalash deb atagan edi. Qonunchilar bu fikrga qo’shilishini bildirdi.

“Ma’lum qilib qo’yay, men va janob Engel, bu qo’mita mazkur hodisani to’liq etnik tozalash deb hisoblaymiz”, - dedi Roys.

Merfi esa bu atamani ishlatmadi, ammo uni “insoniy fojea” deb atadi.

BMT o’z navbatida myanmalik qochqinlar uchun beriladigan yordam miqdorini 434 million dollarga chiqardi. Jami qochqinlar soni bir milliondan oshgan.

O’tgan yili oktabrda Birma harbiylari “Rohinja jangarilarini yo’q qilish” kampaniyasi doirasida mahalliy aholiga qarshi zo’ravon hujumlarni boshlagandan beri rohinjalik qochqinlar inqirozi dunyoni larzaga soldi. Tinch aholiga qarshi zo’rlash, odam o’ldirish, uy-joylarni yoqish kabi jinoyatlar sodir etilgani aytiladi.

Xalqaro kuzatuvchilar va jurnalistlarning hududga qo’yilmagani shubha va ayblovlarni yanada ko'paytirdi. Faqat so’nggi oylarga kelibgina Myanma hukumati bir guruh jurnalistlarning Rakxayn shtatiga borishiga ruxsat bergan. Hukumat, ayni paytda, rohinjaliklar ommaviy nishonga olinganini inkor etadi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG