Breaking News

AQSh elchisi: Prezident Mirziyoyev islohotchi bo'lishga bel bog'lagan


AQShning O'zbekistonddagi elchisi Pamela Spratlen va "Amerika Ovozi" jurnalisti Navbahor Imamova, 9-yanvar, 2018

AQShning O'zbekistondagi elchisi Pamela Spratlen Toshkentda faoliyatini 2015-yilning yanvarida boshlagan. Yaqinda Vashingtonga kelganida "Amerika Ovozi" bilan gaplashdi.

AQShning O'zbekistondagi elchisi Pamela Spratlen Toshkentda faoliyatini 2015-yilning yanvarida boshlagan. Undan oldin Qirg'izistonda elchilik qilgan. Qozog'istonda elchi o'rinbosari lavozimida ham ishlagan. Vashingtonda Davlat departamentida yuqori lavozimlarda xizmat qilgan. Markaziy Osiyo bilan rishtalarni tebratishda uzoq yillardan beri muhim rol o'ynab keladi. Yaqinda AQSh poytaxtiga tashrif buyurganida "Amerika Ovozi" da mehmon bo'ldi.​

AQSh elchisi: Mirziyoyev islohotchi sifatida maydonga chiqmoqda
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:22:06 0:00

Navbahor Imamova, "Amerika Ovozi": Elchi Spratlen xonim, sizni Vashingtonda ko'rib turganimizdan, studiyamizga kelganingizdan juda xursandmiz.

Elchi Pamela Spratlen: Navbahor, sizni ko'rib men ham xursandman. Yangi yil bilan!

Navbahor Imamova, "Amerika Ovozi": Siz Markaziy Osiyoda va region bilan uzoq vaqtdan beri ishlab kelasiz. Tarixiy jarayonlarga guvoh bo'lgansiz.

Elchi Pamela Spratlen: Shunday.

Navbahor Imamova, "Amerika Ovozi": Bugungi O'zbekiston haqida qanday fikrdasiz? Hozirgi aloqalarni qanday ta'riflaysiz? Eng muhimi, har ikki davlatda ham rahbarlar o'zgarishidan oldingi ahvol bilan qanchalik farqli?

Elchi Pamela Spratlen: Juda dolzarb savollar. O'zbekistonda ish boshlaganimga bu oy uch yil bo'ladi. 2015-yilning 27-yanvarida Prezident Karimovga ishonch yorlig'i topshirganman. O'sha davr bilan taqqoslasam, hozirgi vaziyat juda boshqacha. Eng katta farq - hozirgi O'zbekiston g'ayratga to'la. O'zgarish uchun xohish kuchli. O'zbekistonning dunyodagi o'rnini tiklash va uni qanday rivojlantirish haqida samimiy va ochiq muhokama ketmoqda. Juda hayajonli, quvonchli davr. O'zbekistondan oldin Qirg'izistonda elchilik qilganman, undan oldin Qozog'istonda elchi o'rinbosari bo'lganman.

Prezident Mirziyoyev lider sifatida ko'plab mintaqaviy masalalar yechimi tomon jonbozlik qilmoqda. Muvaqqat prezident sifatida 2016-yilning sentabrida qilgan nutqida yangicha qo'shnichilik siyosati haqida gapirib, O'zbekiston yonidagi davlatlar bilan aloqani mustahkamlaydi, degan.

Bu jarayon tezlikda avj olib, prezident Turkmanistonga bordi, keyin esa Qozog'istonga va boshqa davlatlarga. Bosh vazir hozir Tojikistonga bormoqchi... Bu Markaziy Osiyo bilan ishlab kelayotgan tomonlar uchun juda quvonchli. Mintaqa katta potensialga ega deb kelganmiz va mana endi buni mintaqaning o'zi isbotlashga harakat qilmoqda. Hamma umidga to'la.

Markaziy Osiyo qo'shni Afg'oniston bilan ham hamkorlikni rivojlantirishni boshlagan. O'zbekiston va Afg'oniston aloqalarida o'zgarishlar katta. Prezident G'ani o'tgan oy O'zbekistonda juda yaxshi kutib olindi. Men o'zim prezidentlarning ziyofatida qatnashish sharafiga muyassar bo'ldim. Ajoyib rishtalar. Prezident G'ani Buxoroga ham borib, faxriy daraja oldi. O'zbekiston tashqi ishlar vaziri ayni damda afg'on delegatsiyasi bilan muzokarada.

O'zbekiston, Markaziy Osiyo bo'ylab, qolaversa Afg'oniston bilan avj olayotgan jarayonlarga qarasangiz, 2015-yildagi vaziyatdan yer va osmoncha farqni ko'rayapman.

Navbahor Imamova, "Amerika Ovozi": AQSh hamisha Markaziy Osiyoda integratsiyani targ'ib qilib kelgan, o'tgan uch prezidentlikda shuni ko'rdik. O'zbekiston hukumati odatda qarshi tomon, to'siq sifatida qaralar edi. To'g'rimi?

Elchi Pamela Spratlen: Ko'p hollarda, ha, to'g'ri.

Navbahor Imamova, "Amerika Ovozi": Hozir esa Prezident Mirziyoyev integratsiyaga yetakchilik qilishga urinayotgandek.

Elchi Pamela Spratlen: Shunday, yetakchilik qilayapti ham, nazarimda.

Navbahor Imamova, "Amerika Ovozi": Gap faqat shundami yoki u AQShning boshqa g'oya va tashabbuslariga ham ochiqmi?

Elchi Pamela Spratlen: Prezident Mirziyoyev juda ochiq odam, nazarimda. Rahbarlikka kelishi bilanoq bu ko'zimga tashlandi. Odamlar bilan yaqindan ochiq muloqot qilishni xohlaydi, sizni qunt bilan tinglaydi. Gaplashayotganda siz tomon egiladi. Prezident Trampning Janubiy va Markaziy Osiyo bo'yicha yordamchisi Liza Kurtis bilan uchrashganida ham shunday muloqot qildi.

Barcha uchrashuvlarda shuni ko'raman. Davlat kotibi o'rinbosari Tomas Shennon ham 2016-yil kelganida juda ochiq gaplashdi. Go'yalarni olqishlaydi. AQShdan, Yevropadan, Janubiy Koreyadan... Bu juda yaxshi, nazarimda. Ko'p jihatdan tashqi dunyoga yopiq turgan davlatning endi hammaga ochiq ekanini ko'rsatmoqda.

Endi bu real ma'noda nimani anglatadi, buni vaqt ko'rsatadi, lekin "biz hamma bilan ishlashga shaymiz" deb turishning o'zi ham katta o'zgarish.

Navbahor Imamova, "Amerika Ovozi": Mirziyoyevni yaqindan birga ishlash mumkin bo'lgan rahbar sifatida ko'rasizmi?

Elchi Pamela Spratlen: U bilan ochiq gaplashsa bo'ladi deb o'ylaymiz. Davlatini yangicha yo'ldan olib borishga tayyor rahbar deb hisoblaymiz. Bu degani Mirziyoyev bilan yaqindan ishlay olamiz.

Navbahor Imamova, "Amerika Ovozi": Mirziyoyev Vashingtonga tashrif buyurish harakatida.

Elchi Pamela Spratlen: Shunday katta umid bor va har qanday elchi davlatlarning rahbarlari uchrashishini xohlaydi. Eng oliy darajadagi uchrashuv bo'lsa, men elchi sifatida jon deyman. O'tgan oyda prezidentlar telefonda gaplashdi. Samarali muloqot, ijobiy. Keyingi qadamlar ustida harakat ketmoqda. Vashingtonga tashrif, albatta, eng ajoyib voqea bo'ladi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev
Prezident Shavkat Mirziyoyev

Navbahor Imamova, "Amerika Ovozi": Mirziyoyev sizni hayron qoldiradimi? Chunki, bilasiz, u sistemadan chiqqan. Kamdan-kam odam u hozirgidek rahbar bo'la oladi deb o'ylagan.

Elchi Pamela Spratlen: Shak-shubhasiz. U nafaqat meni, balki hammani ajablantirdi. Uning rahbarlikka tanlanishi juda qiziq, ehtiyotkorona va pishiq, chuqur mulohazali bir qaror bo'ldi. Xalqaro hamjamiyatda hech kim Prezident Karimov o'rniga shu odam keladi deb kutmagan edi. Meni, shaxsan, Mirziyoyev juda ko'p jihatdan hayron qoldirgan va qoldiradi.

Mirziyoyev rahbarlikka kelganidan beri davlat va xalqni yaqinlashtirish harakatida.

Birinchidan, uning temperamenti, boya aytganimdek. U odamlar bilan ishlashni xohlaydi, hamjihatlik tarafdori. Ikkinchidan, va bu O'zbekiston xalqi uchun juda muhim: Mirziyoyev rahbarlikka kelganidan beri davlat va xalqni yaqinlashtirish harakatida. Xalq manfaatlarini o'ylang, u bilan muloqot qiling, deb kelmoqda. Bunday yondashuvni odamlar, nazarimda, kutmagan edi.

Oqsashlar bo'ldi albatta, lekin ayrim ishlari samara bera boshladi. Gapirayotganida bir narsa oydek ravshan: u hukumat zolim kuch bo'lishini xohlamaydi, aksincha hukumat xalqqa xizmat qilsin, deydi. Bunga erishish esa juda qiyin. Mashaqqatli yo'l oldinda, lekin Mirziyoyevning xalqqa xizmat qilishga bel bog'lagani men uchun kutilmagan hol.

Ikkinchi ajablanarli hol, hukumat apparatini yangilash harakati. Oldinlari eski davr odamlari ko'p edi. Ularning ayrimlari hali ham bor. Lekin ular orasida juda iqtidorli odamlar ham bor - ko'p narsani biladi va foydasi katta. Yangi shaxslar ham serob. Hukumatning chet elda o'qiganlarga keng ochilayotgani ham katta o'zgarish.

Yoshlarga e'tibor katta. Xorijda ishlayotganlarga salbiy emas, ijobiy ruhda qarashayotgani tahsinga sazovor. Siz, masalan, bu haqda ko'p gapirib kelasiz, "Twitter" va boshqa joylarda. Bu juda muhim. Bozor iqtisodiyoti ham siljiy boshladi. Oldinda qilinadigan ishlar talay. Biroq prezidentning bu borada BMTda va boshqa minbarlardan turib gapirishi, yangi yo'nalishga o'tish, o'tgan sentabrda Nyu-Yorkda AQSh biznes doiralariga bu borada ochiq aytishi keng olqishlandi. Endi biz kutayapmiz, bu qarorlar amalga oshishini.

Har kuni xushxabar. Oldinlari O'zbekistonga shoshmay, choy ichib, astalik bilan harakat qiladigan xalq va hukumat deb qarashar edi. Hozir ham ko'p jihatdan mana shu madaniyat joyida. Lekin bugungi signal shuki, O'zbekiston oldinga shahdam qadam tashlashga shay.

Prezident Mirziyoyev, nazarimda, orqada qolmoqchi emas; dadillik va epchillik bilan ko'proq bizneslarni jalb etmoqchi; mamlakatda to'g'ridan-to'g'ri sarmoya oqimi oshsin, deya urinmoqda. Bu juda qiyin, lekin o'tgan yili sentabrda konvertatsiyani ochgani u bu mashaqqatni yengishga bel bog'laganidan darak. Shunday ekan, yana ko'plab xushxabarlar kutib qolamiz.

Navbahor Imamova, "Amerika Ovozi": Mirziyoyev nimaga qodirligini isbotlashi uchun muhlat bormi, sizningcha? Gaplari odamlarga kuch berayotgani aniq. Retorik jihatdan xalqqa yoqayapti. Lekin Mirziyoyevning bir o'zigina asosiy kuchdek ko'rinmayaptimi? O'zgarish ortida uning bir o'zimasmi? O'zgarishlar sistematik emas, keng ko'lamli emas, deganlar ko'p.

Elchi Pamela Spratlen: Bunga e'tibor berayapmiz va kuzatayapmiz. Hozirgacha o'zgarishlar ortida uning o'zi turibdi, bunga shubha yo'q. Mirziyoyev shu qadar tez va talabchanki, u bilan yonma-yon ketish qiyin. Uning tashabbuslarini quvvatlovchilar haqiqatda qancha? Uning kelajak haqidagi gaplarini qanchalik tushunishmoqda? Mirziyoyevda tezlik kuchli. Shunday ekan, muhlat haqida gapirish menga qiyin.

Navbahor Imamova, "Amerika Ovozi": Prezident kuchli bosim ostida.

Elchi Pamela Spratlen: To'g'ri, bosim kuchli. O'zgarish qilish kerak. Bu imkoniyat aslida. Imkoniyatlardan foydalanib qolish kerak, chunki ularning muddati bor. Aholining toqati qanchalik? Buni bilmayman. Prezidentga qarab, u o'ziga muhlat bergani aniq, deysiz. Ayrimlar fikricha, 2-3 yil. Qani, ko'ramiz. Ammo, xulosangizga qo'shilaman, prezident nimaga qodirligini isbotlashi kerak degan bosim bor. Buni u o'ziga o'zi berayotgan bo'lishi ham mumkin.

Navbahor Imamova, "Amerika Ovozi": Bu aniq. Har safar gapirganida umid darajasi yanada oshayapti. Ularni oqlash oson bo'lmaydi. Bu ulkan sinov.

Elchi Pamela Spratlen: To'g'ri, shunday.

AQSh elchisi Pamela Spratlen va Oq uy rasmiysi Liza Kurtis Prezident Shavkat Mirziyoyev bilan uchrashuvda, noyabr, 2017
AQSh elchisi Pamela Spratlen va Oq uy rasmiysi Liza Kurtis Prezident Shavkat Mirziyoyev bilan uchrashuvda, noyabr, 2017

Navbahor Imamova, "Amerika Ovozi": O'zbekiston hukumati AQShdan qanday yordam so'rayapti? Islohotlar bobida ko'mak so'rayaptimi? AQSh haqida gap ketsa, "sarmoya" umidi haqida ko'p eshitamiz.

Elchi Pamela Spratlen: Muayyan narsalar bor lekin umuman olganda, hukumat O'zbekistondagi o'zgarishlarni tan olishimizni xohlaydi. Prezident Mirziyoyev boshqarayotgan O'zbekiston oldingi O'zbekiston emas - u shuni tan olishimizni istaydi.

Navbahor Imamova, "Amerika Ovozi": Mirziyoyev AQShdan unga islohotchi sifatida qarashingizni xohlaydimi?

Elchi Pamela Spratlen: Shubhasiz... Nafaqat men balki Amerika siyosiy doiralari unga islohotchi deb qarashini istaydi. U ko'tarayotgan masalalar, nutqlarida ahamiyat qaratayotgan mavzular - misli ko'rilmagan chiqishlar. Uning to'rt soatlik murojaatida men yo'q edim, lekin Konstitutsiya kunidagi nutqini tinglashga bordim. Qiynoqlarga qarshi gapirdi. Bu tarixiy o'zgarish. Bu islohot. Qora ro'yxatlar bekor qilinishi, odamlar undan chiqarilishi - islohot.

Prezident Mirziyoyev boshqarayotgan O'zbekiston oldingi O'zbekiston emas - u shuni tan olishimizni istaydi.

Mirziyoyev u qilayotgan ishlar to'g'ri baholanishini istaydi. U boshlayotgan islohotlar tan olinib, quvvatlanishini istaydi. U biladiki, O'zbekiston uzoq davr salbiy baholangan. Xalq hukumatdan uzoq edi, shuni o'zgartirmoqchi. U islohotchi sifatida maydonga chiqmoqda.

Prezident Mirziyoyev AQShning iqtisodiy jihatdan faol bo'lishini xohlaydi, ayniqsa savdo bobida. Bizning gapimiz shuki, O'zbekistonda sharoit yaxshilangan sari sarmoyachilar ham ko'payaveradi. Bizneslarimiz o'zi boradi. AQSh hukumati sarmoyachi emas.

O'zbekiston buning uchun nima qilishi kerakligi muhokamada. Bizning investorlarimizni qanday jalb qilishi mumkin? Shu haqda gaplashayapmiz. Amerika-O'zbekiston Tijorat Palatasining Nyu-Yorkdagi yig'inida, o'tgan sentabr oyida, qiziqish katta ekani sezildi. Mana shu qiziqish endi amalda qanday aks etadi? Shuning ustida ishlash kerak.

Ko'p narsa O'zbekistonga bog'liq. Valyuta borasida qilinadigan ishlar ko'p. Qonun ustuvorligini ta'minlash masalasida ham muammolar talay. Mamlakatdagi mehnat kuchi yuzasidan ham savollar ko'p. Sarmoyachilar talabiga javob bera oladigan mehnat kuchi bormi? Hajmi va uquvi qanday?

Prezident to'g'ridan-to'g'ri sarmoya kelishini istaydi. Biz bilan yaqin iqtisodiy hamkor bo'lishni xohlaydi.

Bundan tashqari u mintaqa xavfsizligi borasida ham yetakchi rol o'ynamoqchi. O'zbekistonning Afg'oniston yuzasigan hamkorlik qilib kelayotganini qadrlaymiz. Yangi strategiya e'lon qilindi. Mirziyoyev uni quvvatlamoqda. U xalqaro hamjamiyat bilan yaqin bo'lmoqchi, AQSh bilan o'zaro manfaatlar yo'lida birga ishlab, hamkorlik qilmoqchi. Bizning ishimiz - mana shu manfaatlarni aniqlab, bosh qotirish va samarali qadamlar tashlash.

Oq uy oldida, Vashington
Oq uy oldida, Vashington

Navbahor Imamova, "Amerika Ovozi": Vashington uchun siz Toshkentdagi eng ishonchli odamsiz. Poytaxtingizga kelib, siyosiy doiralar bilan gaplashganingizda, Tramp ma'muriyati bilan muloqot qilganingizda, nimalar deyishayapti, qanday masalalarni ko'tarishmoqda? Tramp ma'muriyati uchun O'zbekiston bilan aloqada nima eng muhimi? Biz yangi strategiya (Milliy Xavfsizlik Strategiyasi) matnini o'qidik. Markaziy Osiyo muhim mintaqa deya tilga olingan, lekin prioritet emas. Pokiston bilan aloqalar sovuqlashar ekan, AQShda Markaziy Osiyoga qiziqish oshadi, chunki Afg'onistonga kiradigan yo'llar bor.

Elchi Pamela Spratlen: Har bir masalaning o'z murakkab jihatlari bor, albatta. Janubiy va Markaziy Osiyoga nisbatan strategiyada Markaziy Osiyo juda muhim. Markaziy qo'mondonlik boshlig'i General Votel, Oq uy rasmiysi Liza Kurtis O'zbekistonga tashrif buyurib, Tramp ma'muriyati uchun O'zbekiston qanchalik muhim ekanini qayd etdi. Markaziy Osiyo biz uchun juda muhim region. Uning ahamiyati pasaymagan.

Mamlakatlar bilan alohida hamkorlik ham bor. Vashingtondagi uchrashuvlarimda O'zbekistonga qiziqish juda yiqori...

Navbahor Imamova, "Amerika Ovozi": Gap faqat Afg'onistonda emas, demak?

Elchi Pamela Spratlen: Faqat Afg'onistonda emas. Keng muhokama. Odamlar O'zbekistondagi jarayonlarni tushungisi keladi. Nima bo'layapti, ahamiyati nimada, deb so'rashadi. Farq qanday? O'zgarish nimada? Boya aytganingizdek, o'zgarishlar ortida kim turibdi? Prezidentni kim quvvatlamoqda? Shular qiziq.

Navbahor Imamova, "Amerika Ovozi": Mirziyoyevning atrofidagi odamlarni qanday baholaysiz? Komandasi qanchalik kuchli? Toshkentdan eshitamizki, asosan eski odamlar...

Elchi Pamela Spratlen: An'anaviy komanda va unda eski davrdan qolganlar bo'lsa-da, muhim odamlar bor. Ularning borligidan minnatdormiz. Tashqi ishlar vaziri, masalan. O'zbekistonning qo'shnilari va Afg'oniston bilan bugungi ochiq va do'stona siyosatda uning xizmati katta.

Navbahor Imamova, "Amerika Ovozi": Abdulaziz Komilovni anchadan beri bilasiz.

Elchi Pamela Spratlen: Shunday. Tajriba va malakaning ahamiyati katta. Shu bilan birga yangi ovozlar va chehralar ham bor. Sarmoya qo'mitasida, xususan, yosh raisni ko'rasiz. Sobiq mehnat vaziri hozir turizm sohasini boshqarmoqda. Yangi odamlar ko'p. Ularning g'oyalari quvvatlanishi muhim. Senator Sodiq Safoyevdek maslahatchilar bor, ularning yordami ham muhim. Lekin, bizga ham qiziq: xo'sh, bu komanda qanchalik katta va prezident kimlarga tayanmoqda? Quvvatlov qanchalik ishonchli? Prezident berayotgan va'dalar amalga oshishi uchun u atrofidagilarga suyana olishi kerak.

O'zbekistonga qaytish arafasidaman. O'zgarishlar to'xtamaydigan ko'rinadi va ular davom etishi uchun O'zbekiston xalqiga va rahbariyatiga kuch va matonat tilayman. Biz O'zbekiston bilan yaqindan hamkorlik qilishni xohlaymiz, bu aniq.

2017-yilning 31-oktabrida Nyu-Yorkda sodir etilgan terror xurujida o'zbekistonlik Sayfullo Soipov ayblanmoqda
2017-yilning 31-oktabrida Nyu-Yorkda sodir etilgan terror xurujida o'zbekistonlik Sayfullo Soipov ayblanmoqda

Navbahor Imamova, "Amerika Ovozi": Oxirgi savolim Amerikadagi o'zbeklar haqida.

Elchi Pamela Spratlen: Ha...

Navbahor Imamova, "Amerika Ovozi": Nyu-Yorkda o'tgan oktabr oyida yuz bergan terror xurujida o'zbekistonlik ayblanayotgani rishtalarga biror jihatdan salbiy ta'sir qildimi? AQShdagi o'zbeklar Prezident Trampning gaplarini eshitib, xavotirga tushgan.

Elchi Pamela Spratlen: AQShda biror joyda terror xuruji bo'lsa, munosabat bildiriladi, javob beriladi. Sakkiz odam o'ldi, axir. Og'ir fojia. Bu voqea ortidagi odam O'zbekiston fuqarosi ekani afsuslanarli hol.

Qo'shma Shtatlarda immigratsiya masalasi dolzarb bo'lib turgan paytda yuz bergani uchun ham bu ishga e'tibor kuchli. Bu shaxs AQShga qonunan kelgan.

Xavfsizlik albatta qaltis masala. Biz grin karta dasturini o'rganib chiqib, shuni aniqlaganmizki, bu yo'l bilan kelayotganlarning aksariyati Amerikada yangi hayot qurish bilan band va to'g'ri yo'lda.

Immigratsiya bo'yicha debatlar qanday qarorlarga yetaklaydi, buni oldindan ayta olmaymiz. Kuzatamiz, ogohmiz. O'zbekiston hozirgacha biror cheklov yoki alohida chora bilan yuzlashadi, degan gap yo'q. Terror xurujlarining ta'siri kuchli har doim, lekin O'zbekistonga nisbatan salbiy qarashni sezmayapman. Bu voqeadan keyin Liza Kurtis (Oq uy rasmiysi) O'zbekistonga kelib ketdi. Kongressdan sakkiz kishilik delegatsiya kelib ketdi. Prezident Mirziyoyev va Prezident Tramp telefonda gaplashdi. Bitta voqea bilan aloqalar izdan chiqmaydi.

Navbahor, bir narsani qayd etmoqchiman, "Amerika Ovozi" juda muhim rol o'ynaydi. Sizni "Twitter" orqali kuzataman. Sizning ta'sir maydoningiz keng, nafaqat O'zbekiston ahlini boxabar qilishda, balki dunyo bo'ylab o'zbek tilida gaplashadigan odamlar xizmatidasiz. Sizning ta'siringiz siyosatni belgilovchilar doirasida ham ham seziladi.

Navbahor Imamova, "Amerika Ovozi": U yerdagi o'zgarishlarni ham, bu yerdagi o'zgarishlarni ham kuzatishda davom etamiz.

Elchi Pamela Spratlen: Albatta. Kuzatamiz. O'zbekiston bilan aloqalarimiz, ikki tomonlama rishtalarni mustahkamlashda davom etamiz. AQSh O'zbekiston suvereniteti, mustaqilligini quvvatlab, uning taraqqiyotida hissa qo'shaveradi.

Yaqinda AQSh Savdo boshqarmasi vakili O'zbekistonda bo'ldi. Respublikaning Jahon Savdo Tashkilotiga kirish harakatini quvvatlaymiz. BMT vakillari mamlakatga borib kelayotgani, bizning nazarimizda, juda muhim o'zgarishlar va muloqotlar. Diniy erkinlik bo'yicha janob Shahid, inson huquqlari bo'yicha bosh rasmiy Ziyod borganidan xursandmiz. Bu O'zbekiston yangi yo'lga tushganidan dalolat.

2018-yil Prezident Mirziyoyev va uning butun komandasi uchun, O'zbekiston xalqi uchun ajoyib davr bo'lsin. Kelajak porloq bo'lsin.

Navbahor Imamova, "Amerika Ovozi": O'zbekiston hukumati 2018-yildan juda ko'p narsa kutmoqda, ulkan umidlar, ayniqsa AQSh bilan hamkorlikdan.

Elchi Pamela Spratlen: Ular ro'yobga chiqishi uchun mamlakatda ko'proq o'zgarishlar bo'lishi kerak. Jarayonlar bir-biriga bog'liq.

Navbahor Imamova, "Amerika Ovozi": Shunday. Suhbatingizdan minnatdormiz, elchi xonim.

Elchi Pamela Spratlen: Siz bilan ham gaplashib, juda xursandman. Navbahor, bir narsani qayd etmoqchiman, "Amerika Ovozi" juda muhim rol o'ynaydi. Sizni "Twitter" orqali kuzataman. Sizning ta'sir maydoningiz keng, nafaqat O'zbekiston ahlini boxabar qilishda, balki dunyo bo'ylab o'zbek tilida gaplashadigan odamlar xizmatidasiz. Sizning ta'siringiz siyosatni belgilovchilar doirasida ham ham seziladi. Ishingizga baraka tilayman. Ishingizni hurmat qilaman. Shunday davom eting. 2018-yil va undan keyingi davrda ham sizga muvaffaqiyat tilab qolaman.

Navbahor Imamova, "Amerika Ovozi": Katta rahmat!

Elchi Pamela Spratlen: Omon bo'ling!

  • 16x9 Image

    Navbahor Imamova

    Navbahor Imamova "Amerika Manzaralari" turkumidagi ilk teledasturlar muallifi. TV, radio va onlayn diktor, prodyuser, muxbir va muharrir. "Amerika Ovozi"da 2002-yildan beri ishlaydi. Jurnalistik faoliyatini 1996-yilda O'zbekiston radiosining "Xalqaro hayot" redaksiyasida boshlagan. Jahon Tillar Universiteti Xalqaro jurnalistika fakultetida dars bergan. Ommaviy axborot vositalari bo'yicha bakalavrlikni Hindistonning Maysur Universitetidan (University of Mysore), magistrlikni esa AQShning Bol Davlat Universitetidan (Ball State University) olgan. Shuningdek, Garvard Universitetidan (Harvard University) davlat boshqaruvi va liderlik bo'yicha magistrlik diplomiga ega. Toshkent viloyati Bo'stonliq tumani Qo'shqo'rg'on qishlog'ida ziyoli oilasida ulg'aygan.

    Navbahor Imamova is a prominent Uzbek journalist at the Voice of America and a leading Washington-based authority on geopolitics and national development in Central Asia. As anchor, reporter, multimedia editor and producer, she has covered Central Asia and the U.S. for over 15 years on TV, radio and online. During 2016-2017, she was a prestigious Edward S. Mason Fellow in public policy and management, while earning her Mid-Career Masters in Public Administration at Harvard University’s John F. Kennedy School of Government. Imamova played a pivotal role in the launch of Uzbek television programming at VOA in 2003, and has since presented nearly 800 editions of the flagship weekly show, “Amerika Manzaralari,” which covers American foreign policy focusing on Washington’s relations with Central Asia, as well as life and politics in the U.S. She is frequently asked to speak on regional issues in Central Asia, as well as Uzbek politics and society, for policy, academic, and popular audiences, including the U.S. Foreign Service Institute, Princeton University, Columbia University, Johns Hopkins University, Georgetown University, George Washington University, Michigan State University, the University of Wisconsin, Northeastern University, and her alma mater Harvard University. Her essays on the region have been published in journals and edited volumes, including Central Eurasian Studies Review and Demokratizatsiya: The Journal of Post-Soviet Democratization.

    She began her career at the Uzbek state broadcaster. She holds a Bachelor of Arts in journalism and mass communication from Maharaja’s College at the University of Mysore, India and a Master of Arts in journalism from Ball State University.

Facebook Forum

Shu mavzuda

XS
SM
MD
LG